Yangi yil dasturxoni qanday bo‘lishi kerak?

Jamiyat

image

Yangi 2021 yil kirib kelishiga ham sanoqli soatlar qolyapti. Uy bekalari hozirdan bayram dasturxonini qanday taomlar bilan to‘ldirish va oila a’zolarini nimalar bilan qoyil qoldirish haqida  bosh qotirishayotgani sir emas. Shu o‘rinda to‘g‘ri ovqatlanish bo‘yicha mutaxassis maslahatlariga quloq tutish ayni muddaodir. 

Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Aholining sog‘lom turmush tarzini qullab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirish markazi direktori Barno Odilova o‘z tavsiyalarini berdi.

“Inson sog‘lig‘i ovqatlanishning alohida tarkibiga, mahsulotlar va taomlarning sifatiga bevosita bog‘liq bo‘ladi. To‘g‘ri ovqatlanish barcha ma’lum bo‘lgan kasallik holatlarining 80 foizining oldini olishda ahamiyatlidir.

Uy bekalari bayram kunlari dasturxon bezash taraddudida bo‘ladilar. Shu kuni dasturxonga o‘nlab turdagi yeguliklar, taomlar, pishiriqlar va shirinliklar qo‘yiladi. Bu esa, inson organizmi  uchun ancha og‘irlik qilishi turgan gap”, deydi mutaxassis.

Unga ko‘ra, ovqat to‘liq hazm bo‘lmasdan turib, yana taom yeyilsa, hazm jarayoni og‘irlashadi. Chunki oshqozonda ovqat ustiga yana taom tushishi shira aralashish me’yorini buzadi. Bu o‘z o‘rnida kishida qorin g‘uldirashi, dam bo‘lishi va lohaslik kabi holatlarning paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi. 

Shuningdek, ba’zida bayram arafasida jigar, buyrak va oshqozon osti bezi kasalliklariga chalinganlarda ushbu xastaliklarning zo‘rayishi kuzatiladi. Ma’lumki, me’da ovqatga to‘lib ketsa, uning harakat funksiyasi yomonlashadi, natijada oshqozondagi oziq moddalarning shira bilan aralashishi qiyinlashib, hazm jarayoni izdan chiqadi.

“Agar qorin to‘yishiga oz qolganda ovqatdan qo‘l tortilsa, kishi hazm a’zolarining ishi yengillashadi, odam o‘zini yaxshi his qiladi va keyingi ovqatlanishga ishtaha saqlaydi.

Demak, bayram kunlarida noxush holatlarga barham berish uchun, avvalo, ovqat iste’mol qilish tartibiga rioya etish lozim. Kun davomida sabzavotli salatlar, oshko‘klar, ho‘l mevalardan oz-ozdan iste’mol qilingani ma’qul”, deydi Barno Odilova.

Tajribada aniqlanishicha, tabiiy mahsulotlar ko‘proq yeyilganda 50 foiz hollarda hazm qilish a’zolari yaxshi ishlaydi. Natijada me’da-ichaklar ishi osonlashib, organizmning ovqat hazmiga sarflanadigan energiyasi birmuncha tejaladi.


Maqola muallifi

Teglar

Yangi yil

Baholaganlar

266

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing