Aliyev Kavkazortida Bakuni tengsiz sanadi, Imomali Rahmon Yangi yil tabrigi yo‘llamadi, Zelenskiy to‘xtatmoqchi, Putin esa yo‘q

Tahlil

Prezidentlarning o‘z xalqiga yo‘llaydigan yangi yil tabrigi. Ortda qolgan yil davomida erishilgan yutuqlar, kirib kelajak yangi 365 kunlik uchun mo‘ljallangan rejalar va boshqa ezgu niyatlar jamlanmasidan iborat bo‘lishi kerakdek ko‘riladigan tabrik. Ammo dunyo jiddiy siyosiy inqirozlarni boshdan kechirayotgan davrda yil yakunida davlat rahbarlari tomonidan xalqqa yo‘llanadigan mazkur murojaat achchiq mesejlarsiz o‘tmasligi tabiiy. Shu bois bosqin va genotsidlarga to‘la bo‘lgan 2024 yil tugab, yangi 2025 yil kirib kelishi arafasida aksar postsovet davlatlarining rahbarlari tomonidan qilingan yangi yil tabriklari shunchaki yil davomida erishilgan yutuqlardangina iborat bo‘lmadi. Putin va Zelenskiy o‘z nutqlarining katta qismini kutilganidek harbiy maqsadlarga bag‘ishlagan bo‘lsa, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev to‘satdan Kavkazortida “hukmronlik” qilayotganini qistirib o‘tdi. To‘qayev esa Rossiyadan boshqa davlatlar uchun aslida xotira va halok bo‘lganlarni eslashga bag‘ishlanadigan Ikkinchi jahon urushidagi 9 mayni Kreml tafakkuridagi tushuncha kabi “g‘alaba kuni” deb nomladi va buni 2025 yilda keng nishonlanishini bildirdi. Quyida shu va boshqa davlat rahbarlarining yangi yil tabriklarida yangragan joriy 2025 yil uchun qilgan ishoralariga to‘xtalamiz.

Zelenskiy to‘xtashga ishora qildi. Putin esa yo‘q

Zelenskiy o‘zining yangi yil murojaatida Kiyev 2025 yilda urushni tugatish uchun hamma narsani qilishga tayyorligini aytdi. U Ukrainaga tinchlik qo‘sh-qo‘llab berilmasligini, lekin bunga erishish uchun Rossiyani to‘xtatish va urushni tugatish uchun mavjud imkoniyatlarni to‘laqonli safarbar qilishini bildirdi. Zelenskiy 2024 yilning iyun oyida Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishi bo‘yicha muzokaralar boshlanganini eslatib, rasmiy Kiyev Yevropa sari intilishda davom etishini aytdi.

“Ukraina Yevropa Ittifoqida bo‘ladi va bir kun kelib Ukraina NATOda bo‘ladi va ittifoqni mustahkamlaydi. Men, barchamiz, yetarlicha kuchli bo‘lgan Ukraina uchun kurashishimiz kerak, chunki urush maydonida ham, muzokaralar stolida ham shunday Ukraina hurmat qilinadi va eshitiladi”, dedi Zelenskiy. 

O‘z o‘rnida Zelenskiyning nutqi Kreml propaganda mashinalari tomonidan umidsizlikka yo‘g‘rildi. Bunda ular AQSH Markaziy razvedka boshqarmasining sobiq tahlilchisi Larri Jonsonning “Zelenskiy atrofida nimalar sodir bo‘layotganini mutlaqo tushunmasligi va u haqiqatdan ajralgan”, deya aytilgan fikrini misol qilib ko‘rsatishdi.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ham Yangi yil murojaatida harbiy masalalardan uzoqlashmadi. U joriy yilda yaqinlashib kelayotgan Ikkinchi jahon urushidagi SSSR g‘alabasining 80 yilligini eslab, 2025 yil Rossiyada “Vatan himoyachilari yili” deb e’lon qilinganini ta’kidladi. Rossiya rahbari o‘z nutqida suverenitet, tarixiy ahamiyatga ega voqealar va Rossiya taqdiri haqida ham gapirdi. Putin o‘tgan davr haqida gapirar ekan, Rossiya o‘z oldiga katta maqsadlar qo‘ygani va ularga erishgani, bu bilan allaqachon faxrlanish mumkinligini aytdi. Biroq u aynan qanday yutuqlar haqida gapirayotganiga aniqlik kiritmadi. Putin o‘zi boshlagan va 3 yildan buyon davom etayotgan bosqinni yakunlash haqida aytarli ishoralar bermadi. Ammo Rossiyaning bu safargi yangi yilni nishonlash holati mamlakat aslida tinch emasligi va bosqin fuqarolarning ko‘ngilxushlik qilish imkoniyatlarini ancha cheklaganini ko‘rsatib berdi. Masalan, Moskva ketma-ket uchinchi Yangi yilni mushakbozliklarsiz nishonladi. Qayd etilishicha, shahar hokimiyati Rossiya va Ukraina o‘rtasida davom etayotgan urush fonida shunday qarorga kelgan. Bundan tashqari, Rossiyaning o‘nga yaqin viloyatida ham pirotexnika vositalaridan foydalanishga cheklovlar yoki butunlay taqiqlar joriy qilingan.

Aliyev Kavkazortida “gegemonlikka” da’vo qildi

Postsovet davlatlari rahbarlarining Yangi yil murojaatlari orasida Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevniki ancha e’tiborni tortdi. Aqtauda Rossiya aybi bilan halokatga uchragani gumon qilinayotgan Ozarbayjon samolyoti atrofidagi voqeliklar ortidan Putin bilan qanday muomala qilish bo‘yicha ko‘plab davlat rahbarlariga masterklass o‘tagan va hatto uni kechirim so‘rashga majbur qilish ham mumkinligini barchaga isbotlagan Aliyev o‘zining Yangi yil murojaatining deyarli barcha qismini Armanistonga bag‘ishlab yubordi. U 2024 yilda ko‘plab muhim voqealar sodir bo‘lgani va ular orasida, ayniqsa, 1990 yillarning boshida bosib olingan Gazax tumanidagi to‘rtta qishloqni hech qanday o‘q otmasdan, siyosiy vositalar orqali ozod qilish eng muhim o‘rin olganini ta’kidladi. Ammo Aliyev bu yutuqqa erishishda aslida so‘nggi to‘rt yil ichida Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi keskinlikda rasmiy Baku mutlaqo ustunlik qilgani asosiy rol o‘ynagani, bordi-yu, bu ustunlik bo‘lmaganda Armaniston bu qishloqlarni hech qachon ixtiyoriy ravishda qaytarmasligini ham qistirib o‘tdi. 

“Ular buni qilishga majbur bo‘lishdi, bizning siyosiy va harbiy kuchimizni anglab yetishdi. Umid qilamanki, Armaniston o‘z siyosatida Janubiy Kavkazda va dunyoda paydo bo‘lgan yangi haqiqatlarni hisobga olishda davom etadi. Janubiy Kavkazda biz yangi haqiqatlarni yaratdik. Vatan urushi bu haqiqatlarni yaratdi, davlat suverenitetimizni tiklash ularni yanada kuchaytirdi va biz Janubiy Kavkazda yaratgan yangi voqeliklarni diplomatik, xalqaro va siyosiy tekislikda tasdiqladik. Butun dunyo yangi haqiqatlarni qabul qildi”, dedi Aliyev.

Aliyev Armanistonning 2020-2023 yillar oralig‘idagi mag‘lubiyatlari ularning aqlini kiritishi kerakligi va Yerevan bu muvaffaqiyatsizliklar misolida Bakuga harbiy jihatdan hech qachon kuchi yetmasligini anglab yetishi lozimligini ta’kidladi. U rasmiy bayonotlarida ham, arman tomoni bilan muzokaralarda ham bu xavfli yo‘ldan qochish haqida ularni bir necha bor ogohlantirgani va bunday harakatlar mutlaqo befoydaligini aytdi. Chunki Aliyevga ko‘ra, bugun Kavkazortida hech qanday harbiy kuch Ozarbayjon bilan raqobatlasha olmaydi. U, shuningdek, o‘ttiz yillik bosqin, Qorabog‘ va Sharqiy Zangezurning vayron bo‘lishi, Xodjalin genotsidi hamda Armaniston tufayli bir million fuqaroning qochqin va muhojirga aylanishi hech qachon ozarlar xotirasidan o‘chmasligini eslatib o‘tdi. Aliyev o‘z murojaati so‘ngida Armaniston rahbariyatini yana bir bor ushbu xavfli yo‘ldan chekinishga chaqirib, Yerevan Baku bilan na harbiy, na boshqa sohalarda raqobatlasha olmasligini iddao qildi va Ozarbayjon g‘ildiraklariga tayoq qo‘yishni istaganlar muvaffaqiyatsizlikka uchrashda davom etishini ta’kidladi.

To‘qayev muvozanatli “raqs” tushishda davom etadi

Rossiyaning Ukrainaga bosqini boshlangandan buyon ikki o‘rtada eng muvaffaqiyatli harakat qilib kelayotgan lider sifatida Turkiya Prezidenti Erdo‘g‘an nomi ko‘rsatiladi. Erdo‘g‘an Rossiya va G‘arb o‘rtasida bunday nozik muvozanat ushlash sababi xavfsizlik emas. Uning bu borada hech qanday xavotiri yo‘q. Biroq shunday davlat rahbari borki, u bugun Rossiya va Ukraina o‘rtasida neytral harakatlanayotgan bo‘lsa, eng avvalo mamlakat xavfsizligi uchungina bu ishni ehtiyotkor va muvozanatli tarzda amalga oshirib kelmoqda. Bu uzoq yillardan buyon o‘z qo‘shnilarining yerlariga rusiyzabon aholini himoya qilish bahonasi bilan bostirib kirishi odatga aylangan Rossiya bilan dunyodagi ikkinchi eng katta quruqlik chegarasiga ega Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev. Rossiya va Qozog‘iston o‘rtasidagi quruqlik chegarasi naqd 7644 km ni tashkil qiladi va eng xavfli tomoni bu chegara hududlardagi aholining katta qismi rusiyzabon ekanligida. Shu sababli To‘qayev uchun kollektiv G‘arb va Kreml bilan pragmatik munosabatlarni yo‘lga qo‘yish hayotiy zarurat hisoblanadi. Putin bilan jiddiy to‘qnashuv ehtimollarini minimallashtirish esa bu zaruratlarning eng oldingi qatorida turishi tabiiy, albatta. Va To‘qayev buni uddalayapti ham. O‘z Yangi yil murojaatini Qozog‘iston fuqarolarining o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi mamlakat tarixida birinchi marotaba 75 yilga yetganini alohida e’tirof etishdan boshlagan To‘qayev 2024 yil davlat hududida AES qurish masalasi yuzasidan Referendum bo‘lib o‘tgani va unda fuqarolarning aksariyati atom elektr stansiyasi qurilishini qo‘llab-quvvatlab, o‘z kelajagi to‘g‘risida juda muhim qaror qabul qilganini eslab o‘tdi. To‘qayev nutqida asosiy e’tiborni 2025 yilda Qozog‘iston asosan Kreml tomonidan “Buyuk G‘alaba” deb nomlanadigan 9 may kunini xuddi shu nom bilan atab, uning 80 yilligi mamlakatda munosib nishonlanishini bildirdi. Shu o‘rinda mazkur g‘oyaning ildiziga tashlash ehtiyoji paydo bo‘ladi. Ya’ni Moskva nazdidagi “G‘alaba”ning 80 yilligini Qozog‘istonda ham keng nishonlash qarori qayerdan paydo bo‘ldi? Gap shundaki, 2024 yil noyabrda Ostonada o‘tgan KXSHTga a’zo davlatlar sammitida Putin tashkilot tarkibidagi davlat rahbarlarini 2025 yil 9 may kuni Moskvaga Buyuk G‘alabaning 80 yilligiga bag‘ishlangan tantanalarga taklif qildi. Unga ko‘ra, Qizil maydondagi paradda rossiyalik harbiylar bilan birgalikda KXSHT davlatlarining harbiy bo‘linmalari ham qatnashishi mumkinligi aytildi. Bundan tashqari, sammit yakunida imzolangan 14 ta hujjat ichida shu kunni keng miqyosda nishonlash bo‘yicha alohida hujjat ham mavjud edi.

Lukashenko ham “prezident” sifatida yangi yil tabrigi yo‘lladi

Boshqa davlat rahbarlari qatori belaruslik Lukashenko ham yangi yil murojaatini yo‘lladi. O‘z nutqida “hayot musiqaga o‘xshaydi, u turli xil notalarda, turli xil tugmachalarda eshitiladi, biz esa har doim bir-birimizga yordam berish orqali eng yaxshisini sozlashimiz kerak”, degan chiroyli metaforalarni ishlatib. Lukashenko suveren Belarus tarixidagi birinchi kosmonavtning joriy yil boshidagi parvozi mamlakat tarixidagi yana bir muhim voqelik bo‘lganini alohida ta’kidladi. Bundan tashqari, u o‘z nutqida joriy 2025 yilda bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan prezidentlik sayloviga ham biroz to‘xtaldi.

“Yaqinda biz davlatning kelajagini tanlashimiz kerak. Biz hammamiz uning muvaffaqiyatli va baxtli bo‘lishini xohlaymiz. Va, albatta, tinch bo‘lishini ham!”, dedi Lukashenko.

2025 yil 26 yanvarda Belarusda prezidentlik saylovi o‘tkaziladi. Bu saylovda Lukashenkoning ham nomzodi, tabiiyki, ro‘yxatga olingan va bu u uchun mustaqil Belarus tarixidagi yettinchi prezidentlik saylovi hisoblanadi. Yettinchi! Bunday natija hatto Putinning ham havasini keltirsa ajab emas. Ammo Lukashenkoning bugungi kunga qadar yutgan 6 ta saylovining faqat bittasigina xalqaro doiraning katta qismi tomonidan ijobiy qarshilangan. 1994 yildan boshlab Minskdagi “taxti”ni zo‘rma-zo‘raki tarzda hech kimga bermay kelayotgan Lukashenko uchun oxirgi saylov natijalari juda jiddiy muammo tug‘dirdi. Belarusda 2020 yilgi prezident saylovi natijalari e’lon qilinganidan keyin ommaviy noroziliklar avj olib, muxolifat yetakchisi Svetlana Tixanovskaya o‘sha saylov natijalarini tan olmadi. Vaziyat keskinlashishi oqibatida Lukashenko o‘zida mavjud bo‘lgan barcha administrativ imkoniyatlarni ishga soldi. Xususan, uning buyrug‘iga binoan mamlakat bo‘ylab internet keng miqyosda o‘chirildi, politsiya tinch namoyishchilarga nisbatan kuch ishlatdi va hatto Putin ham agar namoyishlar to‘lqini vayronkorlikka qarab yo‘nalish olsa, Belarusga Rossiya harbiylarini kiritish bilan tahdid qildi. Yakunda esa Belarus aholisi emas, balki katta ehtimol bilan Putin va boshqa kuch tuzilmalari Lukashenkoning tugab borayotgan siyosiy umriga yana bir mandat berdi. Biroq bunday norozilik kayfiyati Lukashenkoni avtoritar kayfiyatdan biroz bo‘lsa-da qaytishga majbur qildi. 2021 yil dekabr oyida bir shaxs ikki muddatdan ortiq respublika prezidenti etib saylanishini taqiqlaydigan Belarusning yangi Konstitutsiya loyihasi ishlab chiqildi. Aleksandr Lukashenko konstitutsiyaviy o‘zgarishlar zarurligini tan oldi va ba’zi prezidentlik vakolatlarini hokimiyatning boshqa tarmoqlariga topshirishga tayyorligini ham aytib chiqdi. Ammo urushlar diktator uchun “yoshlik eliksiri” ekani Rossiyaning Ukrainaga bosqini boshlanganda yana bir bor o‘z isbotini topdi. Ayni damda Sharqiy Yevropada uzoq vaqtdan buyon davom etib kelayotgan urush bahonasida Lukashenko yuqorida qayd etilgan ijobiy o‘zgarishlar va ularni realizatsiya qilish haqida o‘ylayotgani dargumon. Uni shu kecha-kunduzda yaqin kunlar ichida bo‘ladigan muxolifatsiz saylovning tinch o‘tishidan boshqa aytarli masala qiziqtirmasligi tabiiy. Bu uchun allaqachon tizimli tayyorgarlik va hatto bosimlar ham boshlab yuborilgan. Xususan, Lukashenko agar bu yil ham 2020 yilgi saylovlar kabi tartibsizliklar avj olsa, aholini internetdan mahrum qilish bilan qo‘rqitdi.

“Agar bu takrorlansa, internetni butunlay o‘chirib qo‘yamiz. Ochiq aytaman, bu deyarli har doim mening ruxsatim bilan sodir bo‘lgan. Oldimizda ikkita muammo bor edi va ularni o‘lchab ko‘rishimizga to‘g‘ri keldi...”, deydi Lukashenko.

Ba’zi manbalarga ko‘ra, navbatdagi saylovlar arafasida kuchishlatar tuzilmalar oldiga ovoz berish vaqtida norozilik bildirish ehtimoli bo‘lganlarni “filtrlash” vazifasi qo‘yilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, hududlarda oldindan tintuv qilish va qo‘lga olish uchun mo‘ljallangan shaxslarning ro‘yxati tuzilgan. Shuningdek, kuchishlatar tuzilmalar saylovlarning “hech qanday ko‘ngilsiz hodisalarsiz” o‘tishini ta’minlashi kerak, jumladan, norozilik varaqalari tarqatish, ovozlarni shaffof hisoblash talablari yoki Lukashenko nomzodiga qarshi chiqishlar kuzatilmasligi zarur.

Imomali Rahmon ilk bor tabrik yo‘llamadi

Postsovet davlatlarining rahbarlari tomonidan qilingan so‘nggi Yangi yil tabriklari qatoridan bu safar Tojikiston rahbari Imomali Rahmonning tushib qolgani e’tiborni tortdi. Bunday holat 30 yildan buyon hokimiyat tepasidan tushmay kelayotgan Rahmon faoliyatida ilk bor kuzatildi. Biroq tojikistonliklarga davlat rahbari tomonidan Yangi yil tabrigi yo‘llanmagan bo‘lsa-da, bu ishni uning o‘g‘li Tojikiston Respublikasi Milliy Kengashi raisi, Dushanbe hokimi, bir so‘z bilan aytganda “taxt vorisi” – Rustam Imomali Rahmon amalga oshirdi. Bundan tashqari, Mirziyoyev va boshqa mintaqa mamlakatlarining rahbalari ham o‘z xalqiga Yangi yil tabriklarini yo‘lladi.


Maqola muallifi

Teglar

Putin Imomali Rahmon Lukashenko Zelenskiy Yangi yil Aliev To'qaev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing