Yangi vazirlik tashkil etilgach, ayollarning ovozi yo‘qolib qoldi – Prezident
Jamiyat
−
09 Oktabr 2020
13078O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tashkil etilgach, ayollarning ovozi yo‘qolib qolgani, ayollar muammolari bilan shug‘ullanish ikkinchi darajaga tushib qolganini ta’kidladi. Bu haqda davlat rahbari kecha, 8 oktyabr kuni yoshlar va xotin-qizlar bandligini ta’minlash masalalarida o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida tak’idlagan.
“Bu vazirlik tuzilgach, ayollar ovozi eshitilmay qoldi. Vazir Mamatov men bergan topshiriqlarni tushunmayapti”, deydi davlat rahbari.
Prezident sobiq Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari, ayni vaqtda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan Gulnora Ma’rupovaga yuzlanib, uyg‘onish kerakligini, yangicha ishlash tizimiga o‘tish shartligini ta’kidlaydi.
“Gulnora Mahmudovna sizni bu lavozimga tayinlaganim bejiz emasdi. Ammo ayollar bilan ishlamay qo‘ydinglar. Mahallalarga kirilmayapti. Mahalla ijodkor bo‘lishi kerak. Ijodkorlik ashula aytishmas. Jamiyatda eng obro‘li odam mahalla raisi bo‘lishini xohlayman. Mahalla raislariga hokimning vakolatlarini beraman, keladi o‘sha kun. Ammo Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi nazoratchi bo‘lib qolgan. Aslida yordamchi, ko‘makchi, yelkadosh bo‘lishi kerak”, deydi Shavkat Mirziyoyev.
Davlat rahbari har bir mahalla kesimida ijtimoiy, huquqiy va psixologik yordamga muhtoj yoshlar va ayollarni aniqlash, ularning ro‘yxatini shakllantirish, zarur yordam ko‘rsatish bo‘yicha tegishli tashkilotlarga ushbu ro‘yxatni yo‘naltirish topshirig‘ini berdi.
Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning fevral oyida “Jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, mahalla institutini yanada qo‘llab-quvvatlash hamda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzolagan edi.
Farmon bilan O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi hamda uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar va tuman (shahar) bo‘linmalari tashkil etildi.
LiveBarchasi