Yangi o‘quv yilida OTMga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari 25 foizga oshiriladi

Jamiyat

image
0:00
0:00
download

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida "2021/2022 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari to‘g‘risida"gi qaror loyihasi joylashtirildi.

Loyihada 2021/2022 o‘quv yilida oliy ta’lim muassasalariga davlat buyurtmasi qabul parametrlarini shakllantirishning asosiy yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilanmoqda:

  • birinchidan, davlat buyurtmasi parametrlari doirasida yoshlarni oliy ta’limga qamrab olishni kengaytirish, davlat granti asosidagi davlat buyurtmasi parametrlarini 2020/2021 o‘quv yiliga nisbatan 25 foizga oshirilgan holda belgilash;
  • ikkinchidan, jamiyatda ayollarning rolini oshirish, ehtiyojmand oilalar qizlari uchun “ijtimoiy lift” tamoyili asosida xotin-qizlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasini kengaytirish maqsadida alohida grant o‘rinlarini ikki barobarga oshirish;
  • uchinchidan, oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlarini shakllantirish bo‘yicha kadrlar buyurtmachilarining ehtiyojlari “quota.idm.uz” elektron portali orqali shakllantirilganligi;
  • to‘rtinchidan, vazirlik va idoralar, iqtisodiyot tarmoqlarining ehtiyoj yuqori bo‘lgan yo‘nalishlari bo‘yicha kadrlarni tayyorlashda davlat granti nodavlat oliy ta’lim tashkilotlariga ham berilishi;
  • beshinchidan, oliy ma’lumotli kadrlarga ehtiyoj yuqori bo‘lgan hududlar uchun davlat buyurtmasi parametrlarining davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari doirasida maqsadli qabul parametrlarini tuman (shahar)lar kesimida taqsimlash.

Davlat oliy ta’lim muassasalariga Davlat buyurtmasi parametrlari:

a) bakalavrlar tayyorlash bo‘yicha:

  • kunduzgi ta’lim shakliga – 115 343 nafar etib 1-ilovaga;
  • sirtqi ta’lim shakliga – 36 211 nafar etib 2-ilovaga;
  • kechki ta’lim shakliga – 6 325 nafar etib 3-ilovaga;

b) magistrlar tayyorlash bo‘yicha – 12 914 nafar etib 4-ilovaga;

v) nodavlat oliy ta’lim tashkilotlariga davlat buyurtmasi parametrlari 56 nafar etib tasdiqlanadi.

Mahalla va oilani qo‘llab quvvatlash vazirligining tavsiyanomasiga ega bo‘lgan xotin-qizlar uchun bakalavriatning kunduzgi ta’lim shakli bo‘yicha 2000 nafar qo‘shimcha davlat granti ajratiladi.

Quyidagilar:

  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan 100 nafardan xotin-qizlar o‘qishi uchun mablag‘ har yili mahalliy byudjet qo‘shimcha manbalari hisobidan;
  • moliyaviy barqaror davlat oliy ta’lim muassasalari tomonidan ular kengashi qaroriga asosan 50 nafargacha xotin-qizlar uchun davlat oliy ta’lim muassasalarining byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi.

2021/2022 o‘quv yilida O‘zbekiston ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasi tasdiqlanadi.

Davlat komissiyasiga quyidagi huquqlar beriladi:

  • zarurat bo‘lganda, yangi bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklarini kiritish hamda tashkil etiladigan yangi oliy ta’lim muassasalari qabul parametrlarini belgilash uchun davlat buyurtmasi parametrlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish;
  • iqtisodiyot tarmoqlari va hududlar, shu jumladan respublika olis va borish qiyin bo‘lgan tumanlarining mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojini qanoatlantirish uchun oliy ta’lim muassasalari bakalavriat va magistraturasiga tegishli tarmoqlar va hududlar bo‘yicha maqsadli qabul parametrlarini belgilash;
  • Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda tizimida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralar takliflari asosida oliy ta’lim muassasalarining (o‘zini o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tayotgan oliy ta’lim muassasalari bundan mustasno) nufuzi va hududiy joylashuvini hisobga olgan holda, bazaviy to‘lov-kontrakt qiymatidan kelib chiqib tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt minimal miqdori yagona ko‘rsatkichlarini ta’lim sohalari bo‘yicha belgilash;
  • professional ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish davlat buyurtmasi parametrlarini tasdiqlash.

Qaror qabul qilingach, Davlat komissiyasi ikki xafta muddatda 2021/2022 o‘quv yili uchun:

  • O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari buyurtmalariga binoan sog‘liqni saqlash, xalq ta’limi, veterinariya sohalarida oliy ma’lumotli kadrlarga ehtiyoj yuqori bo‘lgan hududlar uchun davlat buyurtmasi parametrlarining davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari doirasida maqsadli qabul parametrlarining tuman (shahar)lar kesimidagi taqsimotini;
  • O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, tizimida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralar, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazining takliflari asosida 2021/2022 o‘quv yilida oliy ta’lim muassasalariga davlat buyurtmasi parametrlarini ta’lim tillariga qarab taqsimotini tasdiqlaydi.

Maqola muallifi

Teglar

OTM

Baholaganlar

23

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing