Yangi Toshkentdagi yer uchastkalari auksionga qo‘yiladi
Jamiyat
−
21 iyul 2023
11709Yangi Toshkent shahridagi yer uchastkalari “E-auksion” orqali sotiladi yoki ijaraga beriladi. Bu kecha, 20 iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan qabul qilingan “Yangi Toshkent shahrini barpo etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida nazarda tutilgan.
Qarorga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasi huzurida davlat muassasasi shaklida Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasi tashkil etiladi.
Shunga ko‘ra, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari – Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasi direktori lavozimi joriy etiladi.
Tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish, shu jumladan, ko‘p kvartirali uylar, ishlab chiqarish, savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlarini qurish uchun yer uchastkalari muvofiqlashtiruvchi kengashning qaroriga muvofiq “E-auksion” elektron platformasi orqali auksion savdolarida sotiladi yoki ijaraga beriladi.
Qarorga muvofiq, 2027 yil 1 yanvargacha direksiya, investorlar, bosh loyiha va bosh pudrat tashkilotlari O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan, chetdan olib kelinadigan qurilish texnikasi, asbob-uskuna, butlovchi buyumlar, ehtiyot qismlar uchun bojxona boji to‘lashdan ozod qilinadi.
Ma’lumot uchun, Yangi Toshkent shahrini barpo etish maqsadida Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq va O‘rta Chirchiq tumanlaridan jami 19729,4 gektar yer maydoni ajratilmoqda. Shundan 12905,7 gektar qishloq xo‘jaligi yerlari va 6823,7 gektar boshqa yer toifasiga kiradi.