Yangi Toshkentda “Ozarbayjon” bog‘i barpo etiladi
Jamiyat
−
09:39 438 2 daqiqa
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev kecha, 23 avgust kuni Yangi Toshkentda “Ozarbayjon” bog‘ini barpo etish ishlarini boshlab berdi. Bu haqda mamlakat yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, bog‘ uchun Yangi Toshkentda 4 gektar maydon ajratilgan. Bu yerda Ozarbayjonning boy madaniyati, ko‘p asrlik tarixi va milliy an’analarini aks ettiradigan zamonaviy jamoat makoni tashkil etiladi. U ikki qardosh xalqning madaniy yaqinligi va do‘stligini namoyon etadigan maskanga aylanadi.
.jpg)
Ta’kidlash joizki, bunday ezgu tashabbus ikki tomonlama xususiyatga ega. Prezident Shavkat Mirziyoyevning Ozarbayjonga davlat tashrifi doirasida Boku shahrining “Oq shahar” hududida “O‘zbekiston” bog‘iga tantanali ravishda tamal toshi qo‘yilgan edi.
Qayd etilishicha, 4,5 gektar maydonda tashkil etiladigan ushbu majmuada O‘zbekistonning boy madaniyati va an’analari, milliy me’morchilik maktabi o‘ziga xos tarzda namoyon etiladi. Unda O‘zbekiston tarixiy obidalarining me’moriy timsollari, yashil hududlar va sayr maskanlarini barpo etish ko‘zda tutilgan.
“Shu tariqa Toshkentdagi “Ozarbayjon” va Bokudagi “O‘zbekiston” bog‘lari ikki xalqning ko‘p asrlik do‘stligi, o‘zaro hurmati va ma’naviy yaqinligining yana bir yorqin ramzi bo‘ladi”, deyiladi axborotnomada.
.jpg)
Bildirilishicha, ikki davlat rahbarlari bo‘lajak bog‘ hududida ramziy kapsulani joylashtirib, loyihani amalga oshirishga start bergan.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yilning iyun oyida IV Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida tashkil etilgan “Ozarbayjon – O‘zbekiston: iqtisodiy hamkorlik vektori” mavzusidagi panel sessiyasida Ozarbayjon Eksport va investitsiyalarni rag‘batlantirish agentligi (AZPROMO) ijrochi direktori Yusuf Abdullayev ilk bor Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida “O‘zbekiston” bog‘i, Toshkentda esa “Ozarbayjon” bog‘i barpo etilishini ma’lum qilgandi.
Live
Barchasi