Andrey Kubatinning o‘limi bo‘yicha jinoiy ish ochish rad etildi
Jamiyat
−
30 mart 2021
8918Joriy yil 28 yanvar kuni ijtimoiy tarmoqlarda fuqaro Klara Saxarovaning ukasi – 1984 yilda tug‘ilgan Andrey Viktorovich Kubatin 2020 yil 13 oktyabr kuni Zangiota tumanida joylashgan Koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarni davolashga mo‘ljallangan maxsus 2-son Zangiota shifoxonasiga yotqizilgani, shifokorlar tomonidan o‘tkazilgan muolajalarga qaramasdan 2020 yil 29 oktyabr kuni vafot etgani va bu holatda tibbiyot xodimlarining harakatiga baho berish haqida murojaati tarqalgan. Bu haqda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi rasmiy bayonot berdi.
Unga ko‘ra, mazkur holat yuzasidan Zangiota tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilib, joriy yilning 28 yanvar kuni Respublika sud tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi Toshkent viloyati filiali sud-tibbiyot ekspertizasida komission sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan.
Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy amaliy markazi Toshkent viloyati filiali komission ekspertizasining 16-sonli xulosasiga ko‘ra, Andrey Kubatin, “COVID-19 infeksiyasi, og‘ir kechishi, asorati ikki tomonlama shifoxonadan tashqari interstitsial polisegmentar pnevmoniya, nafas yetishmovchiligi III daraja, endogen intoksikatsiya, o‘pka shishi, o‘pka yurak qon tomiri yetishmovchiligi 3-darajasi, hamroh gipertoniya kasalligi, semizlik 1-2-darajasi, shuningdek, poliorgan yetishmovchilik tufayli vujudga kelgan o‘tkir o‘pka-yurak yetishmovchiligi”dan vafot etgan.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan o‘tkazilgan xizmat tekshiruvi xulosasida, bemor Andrey Kubatinga nisbatan tashxis to‘g‘ri qo‘yilgani ko‘rsatilgan.
Shu bilan birga, xizmat tekshiruvi hamda ekspertiza xulosalarida, marhum Andrey Kubatinning o‘limiga sabab bo‘lgan holatlar ya’ni – ikki tomonlama subtotal, interstitsial zotiljam okibatida vujudga kelgan og‘ir darajali nafas va yurak kon tomiri yetishmovchiligi, to‘qimalar og‘ir darajadagi gipoksiyasi uning hayotlik davrida 2-son Zangiota maxsus klinika shifokorlari tomonidan aniqlangan bo‘lib, tekshiruv va davo muolajalari O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining 2020 yil 20 sentyabrdagi 8-son “Koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarni profilaktika, diagnostika, davolash va reabilitatsiyasi buyicha vaktinchalik milliy metodik tavsiyasi” ga asosan to‘g‘ri va asosli o‘tkazilganligi qayd etilgan.
Tergovga qadar tekshiruv natijasiga ko‘ra, tuman prokuraturasi tomonidan joriy yilning 28 fevral kuni jinoyat ishini ko‘zg‘atishni rad etish haqida qaror qabul qilingan.
Eslatib o‘tamiz, tarixchi, sharqshunos olim Andrey Kubatin 2017 yilda harbiy sud tomonidan Vatanga xiyonat qilishda aybdor deb topilib 11 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan edi.
2019 yil 26 sentyabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudi turkolog va tarixchi olim Andrey Kubatinni oqlash haqida qaror chiqardi. 35 yoshli Andrey Kubatin ishi huquq faollari va ilmiy jamoatchilik o‘rtasida noroziliklarga sabab bo‘ldi.
Andrey Kubatin 2020 yilning 29 oktyabr kuni koronavirus asoratlaridan vafot etdi.
LiveBarchasi