Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi muhokamaga qo‘yildi
Jamiyat
−
17 Sentabr 2020
4534O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi loyihasi muhokama uchun e’lon qilindi. Hujjat Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirildi.
Loyihaga ko‘ra, mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikning maqsadi – xodimlar, ish beruvchilar va davlat manfaatlarini, ular bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan yakka mehnat va ijtimoiy munosabatlarda muvozanat va muvofiqlikni ta’minlash asosida tartibga solishdan iborat.
Tarkibiy ravishda, yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi loyihasi ikki qismdan, 34 bobdan va 621 moddadan iborat (amaldagi 294 moddaning o‘rniga).
Barcha mehnat qonunchiligi institutlari uchun muhim bo‘lgan asosiy masalalarga bag‘ishlangan umumiy qism to‘qqiz bobdan iborat ikkita bo‘limni birlashtiradi.
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi muallifligida ishlab chiqilgan mazkur hujjat loyihasida qayd etilishicha, amaldagi Mehnat kodeksi 1995 yilda qabul qilingani uning ma’nan hamda huquqiy normalarni belgilash yuzasidan eskirganini ko‘rsatmoqda.
Mazkur hujjatda bir qator xorijiy davlatlar, jumladan, Evropa va Osiyo mamlakatlaridan ayrimlarining tajribasi tahlil qilingan.
Qonun loyihasining asosiy yangiliklari quyidagilar sanaladi:
• ish bilan taminlash jarayonlarini raqamlashtirish, elektron mehnat daftarchalarini yuritish, mehnat shartnomalarini tuzish va yagona malumot bazasida ro‘yxatdan o‘tkazish mexanizmlarini joriy etish.
• Ishga qabul qilishda xodimning ish joyiga qarab, dastlabki sinov muddatini ajratish;
• Mehnat shartnomasini bekor qilish institutini joriy etish (agar ishchi o‘z vaqtida ishga kirmasa, mehnat shartnomasini bekor qilish tartib-qoidalarini qo‘llamaslik);
• Ish shartnomasini bekor qilish uchun asoslarni kengaytirish, masalan, jismoniy shaxs bo‘lgan ish beruvchining vafoti yoki uni bedarak yo‘qolgan deb topish bilan bog‘liq;
• O‘rtacha ishchilar soniga qarab malum vaqt ichida ishchilar sonining rejalashtirilgan yoki haqiqiy o‘zgarishiga qarab ishchilarni ommaviy ishdan bo‘shatish mezonlarini belgilash.
• Mehnat shartnomasining o‘zi bilan nazarda tutilgan asoslar bo‘yicha mehnat shartnomalari bekor qilinishi mumkin bo‘lgan xodimlar doirasini kengaytirish. Masalan, masofaviy-ishchilar, uyda ishlovchilar, yakka tartibdagi tadbirkorlarda ishlaydigan ishchilar, uy xizmatchilari;
• Xodimning ish stajiga (ushbu tashkilotdagi ish stajiga) qarab ishdan bo‘shatish to‘lovlarini tabaqalashtirish ;
• Xodimlarning shaxsiy malumotlarini himoya qilish mexanizmini amalga oshirish;
• Ish vaqti turlarini kengaytirish: smenali ish, moslashuvchan ish vaqti, ish kunini qismlarga bo‘lish, ish safari paytidagi ish vaqtlari va boshqalar;
• Tartibni belgilash, unga ko‘ra agar bayram kuni dam olish kuniga to‘g‘ri kelsa, dam olish kuni bayram kunidan keyingi kunga o‘tkaziladi;
• COVID-19 pandemiyasiga qarshi chora-tadbirlarni amalga oshirishdan olingan saboqlarni hisobga olgan holda, xodimga qisman ish haqi bilan, lekin eng kam ish haqidan kam bo‘lmagan ta’til berish imkoniyatini belgilaydigan, shuningdek, ish haqi to‘lanmagan tatilni 6 oygacha uzaytiradigan me’yorlarni joriy etish ko‘zda tutilgan.
Loyiha muhokamasi 1 oktyabrgacha davom etadi.
LiveBarchasi