Yangi tahrirdagi Konstitutsiya – har bir fuqaro davlat xizmatiga kirishda teng huquqlidir

Biznes

image

O‘zbekistonning yangilangan siyosati jamiyatda adolat va qonun ustuvorligini oliy darajaga ko‘tarish, zamonaviy davlat boshqaruvini joriy etish, davlat xizmatini xalqchil qilishga qaratilgan aniq maqsadlarga tayanmoqda.

Shu o‘rinda yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasining 37-moddasida“O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari davlat xizmatiga kirishda teng huquqqa egadirlar” nomli konstitutsiyaviy qoida kiritilmoqda.

Aytish lozimki, davlat xizmatiga kirishda teng huquqlilik deganda – barcha fuqarolar uchun teng imkoniyatlar degani. Bu davlat xizmatiga kirishda nomzodlarga jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeyidan qat’iy-nazar, huquqlarining tengligi kafolatidir.

Davlat xizmatiga ishga kirishda odam ajratmasdan, barchaga bir ko‘z bilan qaraladi, “falonchini o‘g‘li”, “pistonchini jiyani” bo‘lganligi uchun unga ustunlik berish kabi salbiy holatlarga yo‘l qo‘yilmaydi. Eng asosiy mezon – professionallik, ya’ni qanchalik darajada o‘z kasbini chuqur bilishidir.
Albatta, bu o‘rinda davlat xizmatini chinakam xalqchil qilish yo‘lida nafaqat milliy tajribani shakllantirish, balki xalqaro standartlarni milliy qonunchiligimizga implementatsiya qilinayotgani katta ahamiyatga ega.

Jumladan, konstitutsiya darajasida kiritilayotgan ushbu mazmundagi norma bir qator xalqaro hujjatlarda aks etgan bo‘lib, BMTning Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 24-moddasida “Har bir inson o‘z mamlakatida davlat xizmatiga kirishda teng huquqqa ega” ekanligi qayd etilgan. BMTning yana bir xalqaro hujjati “Fuqaroviy va siyosiy huquqlar to‘g‘risida”gi xalqaro paktida ham aynan ushbu mazmundagi norma aks etgan.

Shuningdek, Buyuk Britaniya, Germaniya, Shveysariya, Gruziya, Malayziya kabi rivojlangan davlatlarning bosh qomusida ham davlat xizmatiga oid qoidalar belgilangan.

Yangilanayotgan Konstitutsiyada davlat xizmatiga kirishda teng imkoniyat va huquqning belgilanishi natijasida:

  • birinchidan, fuqarolarga davlat xizmatiga kirishda ortiqcha talablar qo‘yilishining, korrupsiyaviy holatlar, mahalliychilik, tanish-bilishchilik, qarindosh-urug‘chilik kabi illatlarning oldini oladi;
  • ikkinchidan, davlat xizmatining jozibadorligini oshishiga, o‘z navbatida davlat organlari faoliyati samaradorligi, xizmat ko‘rsatish sifatini oshiradi;
  • uchinchidan, davlat xizmatida kadrlarning xizmat bo‘yicha o‘sib borishi bilan bog‘liq faoliyatda nomzodlarni adolatli baholash, ular orasidan eng munosiblarini tanlashga qaratilgan “meritokratiya” tamoyili qo‘llanilishi belgilab beriladi.

Bir so‘z bilan aytganda, bu kabi jarayonlar nafaqat qonun va qonun osti hujjatlarida, balki Bosh qomusimizda mustahkamlanishi ushbu yo‘nalishdagi ishlarning fundamental jihatdan takomillashuvi natijasida davlat xizmatining raqobatdoshligini, ochiqligini va professionalligini oshirishiga xizmat qiladi.

Sardorjon MAMANOV, 
O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi
kurashish agentligi mas’ul xodimi, ekspert


Maqola muallifi

Teglar

Konstitutsiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing