Yangi Markaziy Osiyo tinchlik yo‘lini tanlamoqda – Mirziyoyev
Jamiyat
−
13 noyabr 2025 2705 3 daqiqa
Yangi Markaziy Osiyo tinchlik, barqaror taraqqiyot va yaratuvchan sheriklik yo‘lini tanlamoqda. Ramziy ma’noda aytganda, devor emas, ko‘prik barpo etilmoqda. Bu haqda Toshkent shahrida bo‘lajak Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi oldidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning bugun, 13 noyabr kuni e’lon qilingan “Markaziy Osiyo yangi davr ostonasida” sarlavhali maqolasida so‘z boradi.
“Mintaqaviy jipslashuv borasidagi yutuqlar tufayli bugungi kunda Markaziy Osiyo xalqaro munosabatlarning o‘z manfaatlari va taraqqiyot yo‘llarini aniq tasavvur etadigan mustaqil va mas’uliyatli ishtirokchisi sifatida qaror topdi.
“Markaziy Osiyo plyus” hamkorlik formatlari mintaqaning xalqaro huquqiy sub’ekt sifatidagi mavqei kuchayib borayotganining ifodasi hamda barqarorlik va taraqqiyotning muhim markazi sifatidagi rolining e’tirofi bo‘ldi”, deydi Mirziyoyev.
Qayd etilishicha, ilgari tashqi hamkorlar aloqalarni asosan ikki tomonlama asosda qurgan bo‘lsa, bugungi kunda dunyoning yetakchi davlat va birlashmalari Markaziy Osiyo bilan munosabatlarni yaxlit mintaqaviy sherik sifatida rivojlantirmoqda. Bildirilishicha, bu mintaqaning boshqa hamkorlar bilan munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqadi: Markaziy Osiyo tashqi hamkorlar bilan xalqaro munosabatlarning yagona sub’ekti sifatida muloqot qilsa, uning ovozi balandroq va ishonchliroq yangraydi, pozitsiya kuchliroq bo‘ladi, investitsiyalarni jalb etish, boshqa mamlakatlar bilan barcha yo‘nalishlarda hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha vazifalarni yanada samarali hal qilinadi.
“Dunyoga ochiqligimiz, niyatlarimizning shaffofligi va muloqotga moyilligimiz xalqaro maydonda Markaziy Osiyoni yangicha qabul qilish uchun asos bo‘ldi.
Ayni paytda Markaziy Osiyoni dunyoning yetakchi davlatlari va birlashmalari bilan bog‘laydigan o‘ndan ortiq “Markaziy Osiyo plyus” formatlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Joriy yilning o‘zida “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi”, “Markaziy Osiyo – Xitoy”, “Markaziy Osiyo – Rossiya” va “Markaziy Osiyo – AQSH” sammitlari bo‘lib o‘tgani mintaqaning global siyosatdagi shiddati va strategik ahamiyati ortib borayotganini tasdiqlaydi”, deyiladi maqolada.
Prezident Mirziyoyevning qayd etishicha, yangidan-yangi “Markaziy Osiyo plyus” muloqotlari davlat rahbarlari darajasiga ko‘tarilayotgani ularning amaliy ahamiyati va siyosiy qimmati ortib borayotganidan dalolat beradi. Bir qator formatlarda esa energetika, transport, “yashil iqtisodiyot” va raqamlashtirish sohalarida aniq loyihalarni ishlab chiqish uchun ishchi guruh va kotibiyatlar tashkil etilmoqda.
Ma’lumot uchun, joriy yil 4 aprelda Samarqandda “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti, 30 mayda Ostona shahrida “Markaziy Osiyo – Italiya” sammiti, 17 iyunda Ostona shahrida “Markaziy Osiyo – Xitoy” ikkinchi sammiti, 9 oktyabrda Dushanbe shahrida “Markaziy Osiyo – Rossiya” ikkinchi sammiti, 6 noyabr kuni Vashingtonda “Markaziy Osiyo – AQSH” ikkinchi sammiti bo‘lib o‘tdi.
Live
Barchasi