“Yangi G‘azoni barpo etishimiz kerak”. Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston G‘azoda nimalar qurishini aytdi
Jamiyat
−
21:29 1799 2 daqiqa
O‘zbekiston G‘azoda turarjoylar, bolalar bog‘chalari, maktablar va shifoxonalar qurilishiga munosib hissa qo‘shishga tayyor. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ayni damda AQSH Tinchlik institutida bo‘lib o‘tayotgan “Tinchlik kengashi”ning birinchi yig‘ilishida ma’lum qildi.
“Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Donald Trampga kengashning ilk yig‘ilishini chaqirgani uchun samimiy minnatdorlik izhor etishga ijozat bergaysiz. Shubhasiz, bugungi sammit – Prezident Trampning siyosiy irodasi va pragmatizmi natijasidir”, degan O‘zbekiston rahbari nutqi avvalida.
Unga ko‘ra, O‘zbekiston “Tinchlik kengashi”ni tuzish bo‘yicha tinchlikparvar tashabbusni qo‘llab-quvvatlaydi va uni muvaffaqiyatli amalga oshirishda amaliy ishtirok etish niyatini qat’iy bildiradi.
“Ishonchim komilki, kengash faoliyati G‘azo sektorining iqtisodiy va ijtimoiy tiklanishi uchun qulay sharoit yaratadi”, degan u.
Shu bilan birga, har qanday tashqi boshqaruv mexanizmi sektor aholisining ichki qo‘llab-quvvatlashiga tayanishi lozimligini qayd etgan. Shavkat Mirziyoyev barcha tomonlarning muvofiqlashtirilgan sa’y-harakatlari mojarodan keyingi jarayonning barqarorligini ta’minlash va G‘azoni tez fursatda tiklash uchun sharoit yaratishga xizmat qilishini qo‘shimcha qilgan.
Qolaversa, Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston G‘azoda turar joylar, bolalar bog‘chalari, maktablar va shifoxonalar qurilishiga munosib hissa qo‘shishga tayyor ekanini qayd etgan.
“Uchrashuvimiz xalqaro hamjihatlik, tinchlikparvarlik va Yaqin Sharqdagi vaziyatni yaxshilashga qaratilgan umumiy intilishning yorqin ifodasidir.
Biz ushbu tarixiy imkoniyatdan foydalanib, iqtisodiyoti ravnaq topgan va barcha aholi uchun munosib turmush sharoitlari yaratilgan yangi G‘azoni barpo etishimiz kerak”, degan u.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp sammit doirasida O‘zbekiston rahbarini do‘sti deb hisoblashini bildirgan edi.
Live
Barchasi