O‘zbekiston Qurolli Kuchlarida yangi harbiy unvonlar joriy etildi
Jamiyat
−
26 avgust 2020
23182O‘zbekiston Prezidenti “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining harbiy xizmatni o‘tash tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi.
Qonun bilan “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi Qonunga kiritilgan o‘zgarishlarga ko‘ra, Qurolli Kuchlarda serjant harbiy unvoni o‘rniga quyidagilar joriy etildi:
• III darajali serjant;
• II darajali serjant;
• I darajali serjant.
Qonun bilan serjantlar tarkibidagi harbiy xizmatchilarni harbiy unvondan nojo‘ya xatti-harakatlar sodir etilganligi uchun boshqa intizomiy jazo choralari yetarli bo‘lmagan taqdirda, sudning yoki vazirlik va idoralar rahbarlarining qaroriga ko‘ra mahrum etish mumkinligi belgilandi.
Shu bilan birga, harbiy kiyimda yurish qoidalari harbiy xizmat nazarda tutilgan vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralarning rahbarlari tomonidan belgilanishi ko‘zda tutildi. (ilgari Mudofaa vazirligi vakolatida bo‘lgan)
Shuningdek, Qonun bilan harbiy xizmatga qabul qilish va harbiy xizmatdan bo‘shatish mezonlari aniq belgilab berildi.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.