Yana bir ziyoli ro‘yxatdan nomini o‘chirtirmoqchi
Jamiyat
−
05 may 2019
31155Avvalroq, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov, Demokratiya va inson huquqlari instituti direktori Sayyora Xo‘jayevaning O‘zbekistonda rus tiliga rasmiy til maqomini berish bo‘yicha murojaatnomaga nisbatan bildirgan fikrlarini keltirib o‘tgandik.
Xalq va ziyoli qatlam orasi qizg‘in bahs-munozaraga sabab bo‘lgan – O‘zbekistonda rus tiliga rasmiy til maqomini berish to‘g‘risidagi murojaatnomaga imzo qo‘yganlar qatorida ismi zikr etilgan yana bir shaxs o‘z nomining ro‘yxatga tushirilishini anglashilmovchilik ekanini aytib, ismini ro‘yxatdan o‘chirtirish harakatiga tushgan ko‘rinadi.
Dotsent, tarix fanlari nomzodi Shavkat Miralimov yuqorida aytganimiz ushbu murojaatnomada ismi keltirilgan Demokratiya va inson huquqlari instituti direktori Sayyora Xo‘jayevaning ayni masalaga aloqador emasligi to‘g‘risidagi izohi ostida quyidagi fikrlarni bildirib o‘tgan:
“Assalomu alaykum, Sayyora Otaxonovna! Sizga katta rahmat. Siz, mening ichimdagi, men o‘ylagan, men yozmoqchi bo‘lgan fikrlarni qog‘ozga tushuribsiz. Mening ham ana shu “ro‘yxatga” tushishim huddi shunday - siznikidek bo‘lgan. Men sizning ana shu xatingiz ostiga, sizga katta rahmatlar aytib, qo‘l qo‘yaman! Sizga samimiy hurmat va ehtirom bilan “dotsent, tarix fanlari nomzodi Shavkat Miralimov”.
“PS. Iltimos, “Vesti.uz” sayti va A.V.Berezovskiyning telefon nomerini menga yuborsangiz. Men ham unga nomimni ro‘yxattan chiqarishlarini aytmoqchiman. Katta rahmat..”, deb sharh yozgan Shavkat Miralimov.
Ma’lumot o‘rnida, rus tiliga rasmiy til maqomini berish to‘g‘risidagi murojaatnomaga imzo qo‘yganlar qatorida pedagogika, falsafa, texnika fanlari doktori, professorlar, dirijyor, jurnalist, xalq artisti, san’atshunos, kompozitor va boshqa sohalarning 20 ga yaqin taniqli vakillarining nomi zikr etilgan.
Ahamiyatli jihati shundaki, rus tiliga rasmiy til maqomini berish masalasi Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning O‘zbekistonga tashrifidan keyin ko‘tarildi. Uni qo‘llab-quvvatlovchilar dastlab 3 nafar bo‘lgan bo‘lsa, keyinroq ularning fikriga "labbay" deb javob berguvchilar topildi.
LiveBarchasi