Latviyada rus tili keskin taqiqqa uchradi

Olam

−

image

Latviya Seymi (parlament) jamoat teleradiokompaniyasi (LSM)ga rus tilida kontent yaratishni taqiqladi. Bu haqda LSM’ga tayanib, “The Insider” xabar qildi.

Qayd etilishicha, qonun loyihasini 55 nafar deputat qo‘llab-quvvatlagan, 24 nafari esa qarshi ovoz bergan. Yangi tartibga ko‘ra, LSM rus tilida faqat favqulodda vaziyatlarda, dezinformatsiyani maqsadli ravishda rad etish yoki alohida holat e’lon qilinganida axborot tarqatishi mumkin.

LSM ma’lumotiga ko‘ra, favqulodda vaziyat deganda hukumat davlat va munitsipal tashkilotlar, jismoniy hamda yuridik shaxslarning huquq va erkinliklarini cheklashi yoki ularga qo‘shimcha majburiyatlar yuklashi mumkin bo‘lgan maxsus huquqiy tartib tushuniladi. Bunday holat urush, tabiiy ofat yoki uning xavfi yuzaga kelganda e’lon qilinadi.

Alohida holat esa mamlakatga tashqi dushman tahdid solganda yoki demokratik davlat tuzumiga xavf tug‘diradigan ichki tartibsizliklar boshlanganida joriy etilishi mumkin.

Shuningdek, rus tilidan dezinformatsiyani rad etishda foydalanishga ruxsat beriladi. Buning uchun tarqatilgan kontent chalg‘ituvchi, yolg‘on yoki demokratiya hamda Latviya davlatiga tahdid soluvchi bo‘lishi kerak. Bunday vaziyatda jamoat OAVi davlat xavfsizligiga tahdidning ko‘lami va xususiyatini hisobga olishi lozim.

Avvalroq  Latviya jamoat OAVlari milliy ozchiliklar tillarida kontent yaratishi kerak edi. Biroq joriy yilning 30 mart kuni Latviya Konstitutsiyaviy sudi rus tili mahalliy OAVda yetarli darajada mavjud ekanini va davlat bu borada alohida “g‘amxo‘rlik” qilishga majbur emasligini bildirgan.

Qonunni qo‘llab-quvvatlagan deputatlar mazkur o‘zgarish latish tilining media makonidagi mavqeini mustahkamlashga qaratilganini aytgan. Seymdagi “Yashillar va dehqonlar ittifoqi” fraksiyasi rahbari Xariys Rokpelnisning fikricha, til mintaqadagi ta’sirni kuchaytirish vositasi bo‘lishi mumkin.

“Rossiya tarixan rus tilidan mintaqadagi ta’sirini mustahkamlash uchun foydalangan. Endi Latviya latish tilini mustahkamlash vaqti kelganini anglamoqda”, degan u.

Muxolifatdagi “Barqarorlik!” fraksiyasi deputati Svetlana Chulkova esa bunday cheklovlar rus tilida so‘zlashuvchi aholining boshqa axborot manbalariga o‘tishiga olib kelishi mumkinligini bildirgan.

Uning aytishicha, rus tilidagi kontentni cheklash natijasida odamlar boshqa platformalar, jumladan, Latviyada taqiqlangan Rossiya telekanallari va YouTube’dagi manbalarga murojaat qilishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev rus tilini siyosiylashtirmaslikka chaqirgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing