Yana bir mamlakat rossiyalik diplomatlarni surgun qildi
Olam
−
05 aprel 2022
7882Daniya hukumati 15 nafar rossiyalik diplomatni chiqarib yuborishga qaror qildi. Bu haqda bugun, 5 aprel kuni mamlakat Tashqi ishlar vaziri Yeppe Kufud Tashqi siyosat kengashining navbatdan tashqari yig‘ilishidan so‘ng ma’lum qildi.
“Hukumat 15 nafar rus razvedkachini Daniyadan chiqarib yubormoqda, ular kelasi 14 kun ichida mamlakatni tark etishlari kerak”, deydi u.
Daniya Tashqi ishlar vazirligining press-relizida aytilishicha, qaror allaqachon Rossiyaning qirollikdagi elchisiga e’lon qilingan.
Xabarda, shuningdek, Daniya Moskva bilan diplomatik munosabatlarni uzishni istamasligi, shu sababli elchi va boshqa bir qator xodimlar chiqarib yuborilmasligi aytiladi.
Ma’lumot o‘rnida, kecha, 4 aprel kuni Rossiyaning Berlindagi elchisi Germaniya Tashqi ishlar vazirligiga chaqirilib, Rossiya diplomatik missiyasining 40 nafar xodimi mamlakatdan chiqarib yuborilgani haqida ogohlantirilgan. Shuningdek, Parij rossiyalik 35 diplomatni mamlakatdan chiqarib yuborishini ma’lum qilgan.
Joriy yilning 29 mart kuni Yevropaning bir qator davlatlari, jumladan Belgiya, Niderlandiya va Irlandiya Rossiyaning Ukrainaga hujumi fonida rossiyalik diplomatlarni chiqarib yuborishini ma’lum qilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, 21 nafar rossiyalik diplomat Belgiyani, 17 nafari Niderlandiyani, to‘rt nafari Irlandiyani tark etishi kerak.
LiveBarchasi