Yana bir davlat “Bayraktar”ga xaridor bo‘ldi
Olam
−
07 Sentabr 2022
14615Serbiya “Bayraktar” zarbdor dronlarini sotib olishga qiziqish bildirmoqda. Bu haqda Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Belgradda Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan qo‘shma matbuot anjumanida aytib o‘tdi.
Turkiya va Serbiya o‘rtasidagi mudofaa sektoridagi o‘zaro munosabatlarga izoh bergan Vuchich hamkorlikning davom etishini ma’lum qildi.
“Belgrad Bayraktar dronlarini sotib olmoqchi va kelgusi yilda ularni olishga umid qilmoqda”, deydi siyosatchi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Serbiya va Turkiya o‘rtasidagi munosabatlar eng yuqori cho‘qqida.
“Barcha vatandoshlarimga Turkiyaga tashrif buyurishni tavsiya qilaman. Erdo‘g‘an boshchiligida bu davlat qanday muvaffaqiyatlarga erishganini hamma ko‘rishi kerak, deb o‘ylayman”, deydi Vuchich.
Vuchich Rossiya-Ukraina urushi haqida gapirar ekan, Ukrainadagi vaziyat Serbiya uchun ham qiyinchiliklarga to‘la ekanini aytdi.
“Ozarbayjondan Serbiyaga energiya manbalarini yetkazib berish harakatlari davom etmoqda. Biz Prezident Erdo‘g‘andan bu masalada yordam berishini so‘radik”, deya qo‘shimcha qilgan Serbiya Prezidenti.
Bayraktar droni
“Bayraktar TB2” – Turkiyaning Baykar Makina kompaniyasining uzoq parvoz qila oladigan hujumkor razvedkachi dron. Uning maksimal tezligi 222 km/soat, qanotlari kengligi 12 m, qurilma havoda 24 soatgacha turishi mumkin, dronning amaliy shifti esa 8,2 ming m.
Dron uchish masofasi 0,5 dan 8 kmgacha bo‘lgan ikkita lazerli boshqariladigan UMTAS tankga qarshi raketalari yoki Turkiyaning Roketsan kompaniyasining to‘rtta Bozok, MAM-C yoki MAM-L boshqariladigan aniq bombalari bilan qurollantiriladi.
Bunday turdagi dronlardan Qorabog‘, Suriya va Liviyadagi jangovar harakatlarda foydalanilgan. Ayni paytda “Bayraktar TB2” dronlari Ozarbayjon, Qatar, Liviya, Marokash, Polsha, Jibuti, Ukraina armiyalari hamda Qirg‘iziston Chegara xizmatida mavjud.
OAV ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu qurilmalar allaqachon 22 davlatga, jumladan Marokash, Niger va Efiopiyaga sotilgan.
LiveBarchasi