Yana bir ayol Karim Xonni jinsiy tajovuz qilishda ayblayapti
Olam
−
28 avgust 2025 7672 2 daqiqa
Yana bir ayol Xalqaro jinoiy sud (XJS) prokurori Karim Xon tomonidan jinsiy tajovuzga uchraganini aytmoqda. Bu haqda bugun, 28 avgust kuni “The Guardian” nashri xabar berdi.
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilning yozida ikkinchi ayol XJS boshqaruv organini 2009 yilga oid deb taxmin qilinayotgan jinsiy jinoyatlar haqida xabardor qilgan. O‘sha paytda ayolning yoshi 20 dan biroz oshgan bo‘lib, u Xon ofisida haq olmaydigan amaliyotchi sifatida ishlagan. Xon esa XJS va Gaagadagi boshqa tribunallarda himoya tarafining yetakchi vakili bo‘lgan.
Ayolning iddao qilishicha, Xon o‘zining yuridik faoliyatining dastlabki bosqichlarida uni bir necha bor jinsiy aloqa qilishga majburlashga uringan, noxush jinsiy tajovuzlarga duchor qilgan va o‘zini yomon tutgan. Hozirda 55 yoshli Xon esa bu ayblovlarni rad etmoqda.
Qayd etish joiz, Xalqaro jinoyat sudi hozirda Isroil va HAMAS o‘rtasidagi mojaroga hamda Rossiyaning Ukrainadagi harbiy harakatlariga oid urush jinoyatlari bo‘yicha tergov olib bormoqda. Aynan Karim Xon tashabbusi bilan XJS Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga va Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuga nisbatan hibsga olish orderlari chiqargan. Lekin na Rossiya, na Isroil Xalqaro jinoyat sudining a’zosi emas. Ikkala davlat ham sudning yurisdiksiyasini tan olmaydi va ayblovlarni rad etadi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning may oyida Xon jinsiy tajovuz haqidagi ayblovlar bo‘yicha tekshiruv o‘tkazilayotgani tufayli o‘z vazifalarini bajarishni to‘xtatib, ma’muriy ta’tilga chiqishi ma’lum bo‘lgan edi.
Karim Xonga qarshi ayblovlar o‘tgan yili ilgari surilgan bo‘lib, ularga ko‘ra 55 yoshli Bosh prokuror uzoq vaqt davomida ayolga nisbatan jinsiy tegajog‘lik va boshqa holatlarga yo‘l qo‘ygan. Hozircha surishtiruv qachon yakunlanishi noma’lum. Karim Xon bo‘shatgan o‘rinni esa XJSning ikki nafar prokuror o‘rinbosari navbatma-navbat egallab turadi.
Live
Barchasi