Putinni hibsga olish uchun order bergan prokuror ishdan olindi
Olam
−
09:58 7761 2 daqiqa
Rossiya Prezidenti Vladimir Putinni hibsga olish orderini bergan Xalqaro jinoiy sud (XJS) bosh prokurori Karim Xon jinsiy zo‘ravonlik va tegajog‘lik haqidagi ayblovlar sabab lavozimidan vaqtincha chetlatildi. Bu haqda “The New York Times” xabar berdi.
Xalqaro jinoiy sud saytida e’lon qilingan bayonotga ko‘ra, chetlatish haqidagi qaror darhol kuchga kirgan. Intizomiy ish sudga a’zo davlatlar assambleyasi ko‘rib chiqishiga yuborilgan. Shuningdek, masalani muhokama qilish uchun yaqin vaqt ichida maxsus sessiya chaqirilishi rejalashtirilgan.
Sud bayonotida ta’kidlanishicha, prokurorning chetlatilishi yakuniy qaror emas. Qaror BMTning Ichki nazorat boshqarmasi o‘tkazgan tekshiruv hisoboti, mavjud dalillar, sud ekspertlarining tavsiyalari va yozma materiallar asosida qabul qilingan.
2024 yil noyabr oyida Xalqaro jinoiy sudga a’zo davlatlar assambleyasi Karim Xonga nisbatan jinsiy tegajog‘lik bo‘yicha tekshiruv boshlagan edi. Unga vakolatlarini topshirish tavsiya qilingan. 2025 yil may oyida esa ayblovlar fonida ma’muriy ta’tilga chiqqan.
Karim Xon 2023 yilda Vladimir Putin va Rossiyaning bolalar huquqlari bo‘yicha vakili Mariya Lvova-Belovani hibsga olish bo‘yicha order chiqargan edi. Shundan so‘ng Rossiya Tergov qo‘mitasi unga va XJS sudyalariga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atgan.
Kreml Rossiya Xalqaro jinoiy sud yurisdiksiyasini tan olmasligini bir necha bor ta’kidlagan. Prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskov sud qarorlarini huquqiy nuqtai nazardan haqiqiy emas deb baholagan.
2024 yilda XJS Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu hamda mamlakatning sobiq mudofaa vaziri Yoav Gallantni hibsga olish orderini ham chiqargan edi. Shundan keyin AQSH sudga qarshi sanksiyalar joriy qilib, XJSni vakolatlarini suiiste’mol qilishda ayblagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya sudi Gaagadagi Xalqaro jinoiy sud prokurori va sakkiz sudyani Rossiya fuqarolarini ta’qib qilishda aybdor deb topgandi. Ular sirtdan 3,5 yildan 15 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilingan.
Live
Barchasi