Endi pedofillarning “boshi silanmaydi”

Tahlil

Xorazmda 13 yoshli qizni 11 kishi zo‘rladi. Toshkentda 12 yoshli qiz qo‘shnisi tomonidan avval zo‘rlab, keyin o‘ldirildi. Poytaxtda pedofil erkak o‘g‘il bolaga tegajog‘lik qildi. Bu kabi juda jirkanch, o‘ta alamli, insoniy jinoyatdan ko‘ra hayvoniy vahshiylikni ko‘proq eslatuvchi holatlar yaqin o‘tmishning qora kunlari. Ularning tafsiloti e’lon qilinganiga ko‘p bo‘lmadi. Eng e’tiborlisi, bu dahshatlardagi pedofillar begona bo‘lmagan. Ular – “amak”, “qo‘shni”, “ustoz”, hatto “o‘gay ota” niqobi ostida bo‘lgan. O‘zlariga ishongan bolalar va voyaga yetmaganlarning hayotini ostin-ustun qilgan. 

Bolalarga ham ruhiy, ham jismoniy, ham jinsiy tajovuz qilganlarga nisbatan belgilanadigan jazo doim bahsli bo‘lgan. Har gal nomus o‘g‘rilariga nisbatan hukm o‘qilgach, “nega bunaqa kam?”, “nega oddiy jazo?” degan savollar yangrardi. Bu orada mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilarini oyllar davomida zo‘rlab kelgan amaldorlarga 3 yil jazo berilganiga ham guvoh bo‘ldi bu xalq! Pedofillarga nisbatan choralarni kuchaytirishni, hatto o‘lim jazosini talab qilganlar bo‘ldi. Xuddi zotdor mollarni ko‘payolmaydigan qilish uchun bajariladigan amaliyotni bu mavjudotlarga nisbatan ham qo‘llash kerak, “ularni bichib qo‘yish kerak” deganlar ham yo‘q emasdi. Xullas, aholining juda katta qismi nima bo‘lsa ham bu noinsoniy jinoyatni qiladiganlar qat’iy jazolanishini xohlardi. 

Vanihoyat, prezident Shavkat Mirziyoyevning siyosiy irodasi bilan pedofiliya uchun umrbod ozodlikdan mahrum etish jazosi joriy etildi. Bu qaror qabul qilingan kun – 2026 yilning 16 fevrali tarixiy deya hali ko‘p e’tirof etiladi, aniq! Yillar davomida bizning jamiyatda pedofiliya va jinsiy zo‘ravonlik mavzulari yopiq qolgan. “Odamlar nima deydi?”, “qiz bolaning kelajagi nima bo‘ladi?” degan keraksiz andishalar sabab sodir bo‘lgan jinoyatlar ochiqlanmasdi. Bu esa tabiiyki, odamsimonlarning jazosiz qolishiga xizmat qilgan. Davlat rahbarining bu masalani ochiq kun tartibiga olib chiqishi – jamiyatdagi bu qadimiy va zararli stereotiplarga barham berish uchun ham xizmat qiladi. 

Keling, hozir mana shu qaror qabul qilingunga qadar shov-shuv bo‘lgan, ko‘plarni yig‘latgan, ayrimlarda achinish va g‘azab hissini oshirgan, bir necha yosh, aybsiz, shunchaki kelajagidan umid qilib yashayotgan bolalarning hayotini zulmatga aylantirgan voqealarni eslab o‘tamiz. 

To‘yda zo‘rlangan 7 yashar qizcha 

2025 yildan ortga qarab yuramiz. O‘tgan yilning 14 oktyabrida Namangan viloyatining Yangiqo‘rg‘on tumanida 7 yashar qiz 38 yoshli qarindoshi tomonidan zo‘rlangani aniqlandi. 2018 yilda tug‘ilgan qizcha shunchaki oila a’zolari bilan qarindoshining uyi to‘yiga borgan. Yaxshi niyatda, xursandchilik qilish, o‘ynab-kulish uchun. Ammo, nafsining quli bo‘lgan kimsaning qurboniga aylangan. Holat yuzasidan jabrlanuvchining yaqinlari emas, Yangiqo‘rg‘on tumani tibbiyot birlashmasi xodimlari IIBga murojaat qilgan. Zudlik bilan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbiri jarayonida ushbu jinoyatni sodir etishda gumonlanib, 1987 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan fuqaro qo‘lga olingan. 

O‘tgan yilning 24 dekabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Yangiqo‘rg‘on tuman sudida mazkur holatga oid jinoyat ishi ko‘rib chiqilib, sud hukmi e’lon qilindi. Oldin ham sudlanib, xavfli retsidivist deb topilgan 38 yoshli kimsa 18 yilga qamaldi. Shuningdek, u o‘ta xavfli retsidivist deb topilib, tayinlangan jazo muddatining dastlabki 3 yilini turmada, jazoning qolgan muddatini maxsus tartibli koloniyalarda o‘tashi belgilandi. 

Manzil koloniyadan qochib, 3-sinf o‘quvchisining nomusiga tekkan kimsa 

2025 yilning oktyabri og‘ir kelgan. O‘sha oyda Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida joylashgan manzil koloniyada jazosini o‘tayotgan 31 yoshli mahkum qochib, 3-sinfda o‘qiydigan qizni zo‘rlagandi. Eng dahshatlisi, 1994 yilda Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan bu yaratiliq avval ham nomusga tegish jinoyatini sodir etgani uchun 2018 yilda 16 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Jazoni esa umumiy tartibli koloniyada o‘tash belgilangan. U 2024 yilda jinoyat ishlari bo‘yicha Nishon tumani sudining ajrimi bilan manzil koloniyaga o‘tkazilgan. U yerdan 2025 yilning 16 oktyabr kuni qochib ketgan va shu kuni Ohangaron tumanida voyaga yetmagan qizga uyatiz-buzuq harakatlar qilgan. O‘tgan yilning 5 dekabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Ohangaron shahar sudida mazkur ish yuzasidan hukm o‘qildi. O‘ta xavfli retsidivist deb topilgan kimsa 18 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. 

O‘g‘il bolaga tegajog‘lik qilgan pedofil 

2025 yilning 4 fevralida asab tolalarini chertish tugul, uzish darajasidagi holatlardan biri sodir bo‘lgandi. Toshkent shahridagi yo‘lovchi tashuvchi avtobusining ichida 37 yoshli bir erkak 13 yoshli o‘g‘il bolaga jinsiy tegajog‘lik va bolaning sha’niga zid boshqa noqonuniy harakatlar qilgandi. Mazkur holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 129-moddasi 1-qismi (O‘n olti yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatiz-buzuq harakatlar qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi. Sud jarayoni yopiq tarzda o‘tkazilgan va erkakka 6 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi berilgan. 

13 yoshli qizga jinsiy aloqa uchun 50 ming so‘m taklif qilgan er-xotin 

Andijon viloyatida 37 yoshli erkak qo‘shnisining 13 yoshli qiziga pul evaziga jinsiy aloqa taklif qilgan, bu nozik taklifni esa elchi sifatida uning ayoli yetkazgan. Tasavvur qildingiz-a? 2024 yil noyabr oyida ko‘rib chiqilgan sud hujjatlariga ko‘ra, voyaga yetmagan qizni qo‘shni ayol uyiga olib kelib, eri bilan jinsiy aloqada bo‘lishini so‘ragan. Uni ko‘ndirishga har tomondan urinib, o‘smir “hech narsani ko‘rmasligi va og‘riqni his qilmasligi” uchun ko‘zini bog‘lab qo‘yishini aytgan va buning uchun 50 ming so‘m taklif qilgan. Qarang himmatni! Qizcha rad etgach, suhbatga erkak aralashgan va agar u rozi bo‘lsa, 100 ming so‘m to‘lashini aytgan. Hotamtoy… 

Bunday g‘alati er-xotinning takliflaridan qizcha qo‘rqib, qochib ketgan. Voqeani onasiga aytib bergan va ish sudgacha yetib kelgan. Sudlanuvchi erkakning guvohligiga ko‘ra, o‘sha paytda 38 yoshda bo‘lgan erkak rafiqasi bilan intim ehtiyojlarini qondira olmagan va unga qo‘shnisi 2011 yilda tug‘ilgan qizni olib kelishini aytgan. Biroq, uning so‘zlariga ko‘ra, u uxlab qolgan va keyin nima bo‘lganini eslay olmagan. 

Birinchi instansiya sudi erkak va uning rafiqasini ma’muriy javobgarlikka tortib, “Shahvoniy shilqimlik” qilish bo‘yicha aybdor deb topgan. Erkakka 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi, xotiniga esa davlat foydasiga 750 ming so‘m jarima jazosi tayinlangan. Xuddi sizda bo‘lgani kabi “iya, shu xolosmi?” degan jabrlanuvchining onasi apellyatsiya shikoyati kiritgan. Ammo, apellyatsiya sudida ham ma’muriy javobgarlikka tortish to‘g‘risidagi qaror o‘zgarishsiz qoldirilib, jinoyat ishini qo‘zg‘atish zarurligi to‘g‘risidagi ariza qanoatlantirilmagan. 

Samarqandda o‘quvchi qiz bir guruh shaxslar tomonidan o‘g‘irlab ketilib, zo‘rlangan 

2024 yilning 23 sentyabrida Samarqand viloyatida sakkizinchi sinf o‘quvchisi bir guruh shaxslar tomonidan o‘g‘irlab ketilgan va unga jinsiy tajovuz qilingan. Jabrlanuvchining qarindoshlari bedarak yo‘qolgan qiz haqida ariza bilan tegishli joyga murojaat qilgan. Qiz 6 oktyabr kuni, yo‘qolganidan 12 kun o‘tib, tanadagi zo‘ravonlik izlari bilan topilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bir necha kun kaltaklangan, jinsiy tahqirlangan, alkogol va taqiqlangan moddalar iste’mol qilishga majburlangan. 

Voyaga yetmagan yo‘lovchi qizga jinsiy tajovuz qilgan taksist 

Taksi haydovchilari orasida o‘z avtomobilini uchrashuv joyi, unga chiqqan yo‘lovchilarni esa o‘ziga mubtalo bo‘lib qolgan qiz sifatida ko‘radiganlari ham bor, afsuski. Shunchaki bir manzildan boshqasiga yetib olish uchun mashina to‘xtatgan nozik xilqat vakillari yo‘l-yo‘lakay har xil, “bir o‘zingiz qayerga ketyapsiz?” deb boshlanadigan savollardan tortib, eng shaxsiy ma’lumotlargacha talab qilinadigan suhbatga chidashga majbur bo‘ladi. 

2024 yil 26 oktyabr kuni ham Qashqadaryoda voyaga yetmagan qiz dugonasi bilan sayr qilib, taksida uyiga qaytmoqchi bo‘lgan. Yo‘l-yo‘lakay taksi haydovchisi qizga turli shaxsiy savollar berishni boshlagan, keyin belgilangan marshrutni o‘chirib qo‘ygan. Taksist qizning “qayerga ketyapmiz?” degan savoliga javoban uni sayr qildirishga qaror qilganini aytgan. U qizni shahar tashqarisiga olib chiqib, mashinani to‘xtatgan, qizning telefonini olib qo‘ygan va jinsiy tajovuz qilgan. 

“Men imkon qadar baland ovozda qichqirdim, shunga qaramay, u harakatlarini to‘xtatmadi. Mening qarshiliklarimga javoban u bir oz o‘zini tutib oldi. Shunda men undan menga tegmasligini, duch kelgan joyda to‘xtatsa, o‘zim uyimga yetib olishimni so‘radim. U meni shahargacha olib borib qo‘yishini aytdi. Shaharga yaqinlashganimizda u menga telefonimni qaytarib berdi va do‘st bo‘lib qolishimiz kerakligini bildirdi”, deydi jabrlanuvchi. Bu voqeani ko‘z oldingizga keltirishning o‘zi vahimali. Qanchadan qancha ota-onalar haydovchilardan ham hayiqib qolgani bejizmas. 

O‘quvchisini zo‘rlab kelgan ustoz 

Surxondaryo viloyati Denov tumanidagi maktablardan birida direktor o‘rinbosari 9-sinf o‘quvchisi bo‘lgan voyaga yetmagan qizni nomusiga tegib kelgani aniqlangan. Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, ustoz maqomida bo‘lgan shaxs tarix fanidan qo‘shimcha dars berish bahonasida doimiy ravishda qizni o‘zini alohida chaqirib, uni qo‘rqitib, zo‘rlab kelgan. Eng dahshatlisi, bu holat 1 yil mobaynida davom etgan. Oxir-oqibat jabrlanuvchi bu haqda 2024 yil sentyabr oyining boshida onasiga aytishga majbur bo‘lgan. O‘quvchining ota-onasi tuman huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ariza bilan murojaat qilgan. Shundan so‘ng pasportiga erkak deb yozilgan shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. 2025 yil mart oyidagi sudning hukmi bilan u 10 yil muddatga panjara ortiga yuborilgan. 

Avval zo‘rlab, keyin o‘ldirilgan 12 yoshli qiz 

2023 yilning 31 yanvar kuni bo‘lgan voqea ko‘pchilikni dahshatga solgandi. Toshkent shahar Yangihayot tumanida zo‘ravonlik va qotillik alomatlari bilan 12 yoshli qizning murdasi topilgandi o‘shanda. Berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, qizni zo‘rlagan erkak marhumaning xonadonida 2022 yilning yoz oylarida yollanma ishchi sifatida ishlagan. Voqea jamoatchilikning keskin e’tirozlariga sabab bo‘ldi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘z yakuniga yetgach, ish sudga yuborildi. 

Qotillik bo‘yicha e’lon qilingan sud hukmiga ko‘ra, erkak odam o‘g‘irlash, nomusga tegish, jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib, g‘ayritabiiy usulda qondirish, qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish va qasddan odam o‘ldirish jinoyatlarini sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash tartibida uzil-kesil umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. 

Amaldor pedofillar 

2023 yilning eng shov-shuvli nomussizligi, shubhasiz Xorazmdagi amaldorlarning qilmishidir. Xorazm viloyati Adliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan shaxs va Yangiariq tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i viloyat Xalq ta’limi boshqarmasiga qarashli Urganch shahridagi 1-sonli oilaviy bolalar uyi rahbari bilan til biriktirib, Mehribonlik uyining voyaga yetmagan 15–17 yoshli qizlarini 10 oy davomida zo‘rlab kelgani fosh bo‘lgandi.

Amaldorlarning bu ishiga rozi bo‘lmagan qizlarni Mehribonlik uyi direktori turli xil qiynoqlarga solgan. Masalan, qizlardan birining ukasini kaltaklagan, yana birini esa xonaga qamab, och qoldirgan. Ish Jinoyat ishlari bo‘yicha Xiva tuman sudida imi-jimida ko‘rib chiqilib, 2022 yil 6 sentyabrda hukm e’lon qilingan. Va u juda ko‘p e’tirozlarga sabab bo‘lgandi. Ikki amaldorning har biriga 1 yilu 6 oydan ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

Tasavvur qilyapsizmi? Voyaga yetmagan qizlarni oylab zo‘rlagan amaldorlar uchun ozodlikni cheklash jazosi! Vaziyat jamoatchilikka oshkor bo‘lgach, e’tirozlar keskin ortib ketdi va natijada chiqarilgan sud hukmi va apellyatsiya instansiyasi ajrimining qonuniyligi Bosh prokuratura tomonidan o‘rganildi.
Oxir-oqibat ikki amaldorga uzil-kesil 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Shu tariqa, sudlanuvchilarga nisbatan qo‘llanilgan “garov” tarzidagi ehtiyot chorasi bekor qilinib, sud zalidan qamoqqa olindi.

Oilaviy bolalar uyining zo‘rlangan 13 yoshli qizi 

Afsuski, ota-ona mehriga zor bo‘lgan Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilarini zo‘rlash shu bilan tugamagan. 2023 yilning aprel oyida ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanida 13 yoshli oilaviy bolalar uyi tarbiyalanuvchisi uni asrab olgan erkak tomonidan zo‘rlangani haqida xabarlar tarqalgan. Hatto, qiz homilador bo‘lib qolgani va uning bolasini majburan tushirtirilgani aytilgandi. Ota mehrini ko‘rmay, shusiz ham o‘ksik holatda ulg‘ayayotgan va endigina kimnidir “shu meni otam bo‘ladi” deb ishongan qizning holatini tasavvur qila olasizmi? Ishonavering, xayolingizga kelganidan-da ko‘proq azobni tortgan u. Ushbu holat o‘rganilib, ish sudga oshirilgan. 2023 yil 6 iyun kuni esa Jinoyat ishlari bo‘yicha Chiroqchi tuman sudida sud hukmi e’lon qilingan. Unga ko‘ra, 13 yoshli qizni zo‘rlagan erkakka 12 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

16 yoshli qizni zo‘rlaganlar 

Keyingi xabar yanada dahshatliroq. Xorazm viloyatining Yangiariq tumanida 2022 yil avgust oyida 11 erkak 2006 yilda tug‘ilgan, voyaga yetmagan qizni zo‘rlagani haqidagi xabarlar tarqalgandi. Prokuratura holat yuzasidan tergov davomida 8 nafar shaxs gumonlanuvchi, 3 nafar shaxs ayblanuvchi tariqasida ishga jalb qilingani, ulardan uch nafariga qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgani aytilgandi. 2023 yilning 1 noyabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Yangiariq tuman sudida 2006 yilda tug‘ilgan qizni guruh bo‘lib zo‘rlagan 4 nafar shaxsga nisbatan sud hukmi o‘qildi. Unga ko‘ra, ularning uch nafari 11 yilga, 1 nafari 10 yilga ozodlikdan mahrum qilingan. Yuqorida aytganimizdek, boshida bu holatda 11 kishi ishtirok etgani aytilgandi. Sud hukmiga ko‘ra 11 nafar shaxs sudga jalb qilingan. Qolgan gumonlanuvchilarning bu masalaga aloqasi bor-yo‘qligi haqida ma’lumot berilmagan.

8 yashar qizga uyatiz-buzuq harakat qilgan 63 yoshli qariya 

Bolajon xalq ekani asosiy ta’rifga aylangan millatmiz. Ammo bolalar va voyaga yetmaganlar bilan sodir bo‘lgan holatlar seskantirib yuboradigan darajada dahshatli. Ular orasida nabirasi tengi qizlarga uyatsiz harakatlar qilayotgan oq sochlilar ham bor, afsuski. 2023 yilning avgust oyida poytaxt Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumanida 63 yoshli erkak 8 yashar qizning qarshiligiga qaramay, uni o‘pib, uyatsiz-buzuq harakat sodir etgani haqida xabarlar va tasvirlar tarqalgandi. Oradan 3 oy o‘tib, mo‘ysafidga sud hukmi o‘qilib, u 5 yilu 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.

Milliy gvardiya xodimi zo‘rlagan 13 yoshli qiz 

2023 yilning aprel oyida Toshkent viloyatida 13 yoshli qiz Milliy gvardiya xodimi tomonidan bir necha yil avval zo‘rlangani haqida xabarlar tarqaldi. Qizni zo‘rlagan vaqtda erkak Milliy gvardiya xodimi bo‘lmagani ham ma’lum qilindi. Jabrlangan qiz ota-onasi bilan Amerika Qo‘shma Shtatlarida istiqomat qilgan. 2019 yilning yozida esa buvisining uyiga – Toshkent viloyati Qibray tumaniga kelgan. Qizning ko‘rsatmasiga ko‘ra, u voqea sodir bo‘lgan kuni dugonasi bilan uyiga qaytayotganida buvisining qo‘shnisi unga kuch ishlatib, bir binoga olib kirgan va o‘sha yerda qizni zo‘rlagan.

“Men yordam chaqirish uchun baqirdim, lekin ko‘chada hech kim yo‘q edi. U meni kuch bilan sudrab qo‘shimcha imoratga olib kirdi va so‘riga tashladi. Shundan so‘ng u bir qo‘li bilan ikki qo‘limdan ushlab, ikkinchi qo‘li bilan kiyimimni yechdi... So‘ng, menga kiyinishimni buyurdi va hech kimga aytmasligimni tayinladi, aks holda meni o‘ldirish bilan qo‘rqitdi”, degan qiz. Bu voqea sodir bo‘lgan vaqtda qiz 13, erkak esa 27 yoshda bo‘lgan. Sud hukmiga muvofiq nomusga tegish jinoyatini sodir etgani isbotlangan erkak 15 yilga ozodlikdan mahrum qilingan.

13 yoshli qizni zo‘rlagan Ichki ishlar xodimi 

2023 yilning may oyida sodir bo‘lgan navbatdagi zo‘rlash esa boshqalaridan jiddiy farq qiladi. Chunki bu jinoyatni aslida shu kabi salbiy holatlarning oldini olishi kerak bo‘lgan, qonun posboni deya ta’riflanadigan kasb egasi – ichki ishlar tizimidagi xodim qilgan. Qiz dugonasi bilan ko‘chada ketayotgan vaqtida uning qo‘shnisi qizlarni mashinaga o‘tirib, sayr qildirib kelishni taklif qilgan. Qiz qo‘shnisini yaxshi tanigani uchun mashinaga o‘tirgan. Shundan so‘ng qo‘shni erkak o‘smir qizlarni ijaraga olingan “dacha”ga olib borib, zo‘rlagan. Qizlarni yana mahallaga olib kelib tashlagan. Qayd etilishicha, bir hafta davomida qiz o‘zini yaqinlaridan uzoq tutgan va onasi keyinchalik bu ishdan xabar topgan. Qizning onasi darhol Ichki ishlar organlariga murojaat qilgan. Bir hafta o‘tgach, tekshiruv tayinlangan, ammo natijalar juda uzoq vaqt davomida e’lon qilinmagan. 1992 yilda tug‘ilgan erkakka oid jinoyat ishi bo‘yicha hukm 25 dekabrga kelibgina e’lon qilinib, unga 15 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Ko‘rib turganingizdek, pedofiliya bo‘yicha eng vahshiyona yil 2023 yil bo‘lgan. Shu sababmi ehtimol, O‘zbekistonda ilk bor qancha pedofil javobgarlikka tortilgani ham aynan o‘sha yili ochiqlangandi. Iyul oyida berilgan rasmiy ma’lumotga ko‘ra, 2023 yilning birinchi yarmida 257 nafar shaxsga nisbatan jinsiy erkinlikka qarshi qator jinoyatlari uchun Jinoyat kodeksining turli moddalari bilan jinoyat ishi ochilgan. 

Jumladan:

  • 15 nafar shaxs 14 yoshga yetmagan shaxsning nomusiga tekkani, ya’ni zo‘rlik ishlatib, qo‘rqitib yoki jabrlanuvchining ojizligidan foydalanib, jinsiy aloqa qilgani uchun;
  • 44 nafar shaxs 14 yoshga yetmagan shaxs bilan jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirgani uchun;
  • 163 nafar shaxs 16 yoshga yetmagan shaxsning nomusiga tekkani uchun;
  • 35 nafar shaxs 16 yoshga yetmagan shaxs bilan jinsiy ehtiyojini g‘ayritabiiy usulda qondirgani uchun sud qilingan.

6 oy uchun 257 ta pedofilning aniqlanishi O‘zbekiston uchun ko‘plik qilmaydimi? Yo‘q! Juda ko‘plik qiladi.

2023 yilda o‘sha paytda Prezident Administratsiyasi rahbari o‘rinbosari bo‘lgan Komil Allamjonov o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida pedofillar bo‘yicha keskin munosabat bildirgan edi: “Pedofillarga nisbatan kimyoviy kastratsiya jazosini qo‘llash yuzasidan qonunchilikka o‘zgartirish kiritish vaqti keldi. Xitoy, Lotin Amerikasi davlatlari, Saudiya Arabistoni va Eronda, birato‘la o‘ldirib yuborilar ekan”, deb yozgan edi Komil Allamjonov.

Yuqoridagi dahshatli voqealar xronikasi shunchaki raqamlar, jazolar yoki quruq faktlar yig‘indisi emas — bu minglab oilalarning barbod bo‘lgan orzulari, bolalik sho‘xliklari o‘rnini qop-qora zulmat egallagan murg‘ak qalblarning faryodidir. Yillar davomida “uyat bo‘lad”, “andisha qiling” degan soxta pardalar ortiga yashirilgan bu jirkanch illat jamiyatimizni ich-ichidan kemirib keldi. Ammo endi jim turish va ko‘z yumish davri tugadi.

Pedofiliya uchun umrbod ozodlikdan mahrum etish jazosi — bu shunchaki qonuniy chora emas, balki davlatning o‘z farzandlari himoyasi uchun chizgan qat’iy chegarasidir. Bu qaror bilan O‘zbekiston “nomus o‘g‘rilari”ga bitta aniq xabarni yo‘lladi: “Senlarga bu jamiyatda, bu quyosh ostida, bu erkinlikda joy yo‘q! Ko‘plab bolalarning, ota-onalarning ko‘z yoshi evaziga kelgan bu tarixiy adolat mezonlari endi har bir “amaki”, “qo‘shni” yoki “ustoz” qiyofasidagi pedofil uchun qat’iy chorani ko‘rsatadi”.


Maqola muallifi

Teglar

Milliy gvardiya bolalar uyi o'quvchi pedofil Ichki ishlar tajovuz jinsiy aloqa pedofillar qariya ustoz zo'rlangan nomus Amaldor

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing