Yamanda husiylar sabab uch kunda 169 nafargacha odam halok bo‘ldi
Olam
−
09:30 534 4 daqiqa
Yamanda Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan husiylar Qizil dengiz sohilidagi strategik balandliklar ustidan nazorat o‘rnatish uchun Saudiya Arabistoni qo‘llab-quvvatlayotgan hukumat kuchlari bilan jang qilmoqda. So‘nggi uch kunda 169 nafargacha odam halok bo‘lgani aytildi. Bu haqda “The Guardian” nashri xabar berdi.
Husiylar harbiy vakillarining ma’lum qilishicha, 20 sentyabr kunidan beri Taiz, al-Javf, Marib va Saada viloyatlaridagi to‘qnashuvlar, shuningdek, Saudiya Arabistonining havo va artilleriya zarbalari oqibatida kamida 118 kishi halok bo‘lgan. Yaman hukumati manbalari esa mojaroda o‘z tomonida kamida 36 kishi halok bo‘lganini bildirgan.
Husiylar kecha, 22 sentyabr kuni Saudiya Arabistoni Moha port shahriga zarba berganini, oqibatda 6 nafar tinch aholi, jumladan 2 nafar bola halok bo‘lganini aytgan. Guruh, shuningdek, Saudiya Arabistonining Yaman shimoli-g‘arbidagi al-Javf viloyatida joylashgan qamoqxonaga bergan zarbasi oqibatida 9 nafar mahbus halok bo‘lganini bildirgan.
Yamanning BMT tomonidan tan olingan hukumatini husiylarga qarshi qo‘llab-quvvatlayotgan Saudiya Arabistoni shu kuni mamlakat janubida ehtimoliy zarbalar oldidan ogohlantirish bergan. Bu husiylar bir necha yil ichida birinchi marta dam olish kunlari Saudiya poytaxti Ar-Riyodga zarbalar berganidan keyin sodir bo‘ldi.
Yangi to‘qnashuvlar husiylar uch hafta oldin boshlagan keng ko‘lamli hujumdan keyin avj oldi. O‘sha hujum davomida guruh Yamanning Qizil dengiz sohilining katta qismini hukumatga yaqin kuchlardan tortib oldi. Bu husiylarning so‘nggi to‘rt yildagi fuqarolik urushi davrida qo‘lga kiritgan eng yirik hududiy yutuqlari bo‘ldi.
Husiylarning hujumi Eronning Hurmuz bo‘g‘ozini yopishi ortidan allaqachon beqarorlashgan jahon energetika bozorlariga yana bosim o‘tkazdi. Shuningdek, mojaro yettinchi oyiga kirgan AQSH–Eron urushi mintaqaviy ko‘lamini yanada kengaytirdi.
Nashrga ko‘ra, o‘tgan hafta husiylar Moha va boshqa strategik shaharlarni nazoratga olgan. Bu ularga jahon dengiz orqali tashiladigan yuklarining 10 foizi o‘tadigan muhim dengiz yo‘li – Bob al-Mandab bo‘g‘ozi ustidan nazoratni bergan. Hormuz bo‘g‘ozi yopilganidan keyin mazkur yo‘nalish yanada muhim ahamiyat kasb etdi.
Qayd etilishicha, to‘qnashuvlar Yamandagi allaqachon og‘ir bo‘lgan gumanitar inqirozni yanada kuchaytirgan. Mamlakatda qariyb 22 million kishi insonparvarlik yordamiga muhtoj, 5,2 million kishi esa ichki ko‘chirilganlar qatorida.
Yamandagi fuqarolik urushi 2014 yilda husiylar poytaxtni egallab, hukumatni ag‘darganidan keyin boshlangan. Shundan so‘ng Saudiya Arabistoni boshchiligidagi koalitsiya xalqaro miqyosda tan olingan Yaman hukumati va unga ittifoqchi qurolli guruhlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida havo operatsiyalarini boshlagan.
2022 yilda BMT vositachiligida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishilgan va u asosan amal qilib kelgan. Biroq husiylar hozirgi hujumini boshlaganidan keyin vaziyat yana keskinlashdi.
Ma’lum qilinishicha, so‘nggi kunlarda janglar Qizil dengiz sohili yaqinidagi strategik ahamiyatga ega Kahbub tog‘lari atrofida kuchaygan. Husiylar so‘nggi hududiy yutuqlarini mustahkamlashga harakat qilayotgan bir paytda hukumat kuchlari tog‘ tizmasini egallashlariga yo‘l qo‘ymaslik uchun bir nechta frontda mudofaa chizig‘ini ushlab turibdi.
Tog‘da nazorat o‘rnatilishi husiylarga Qizil dengiz sohilidagi hududlar ustidan strategik ustunlik beradi. Shuningdek, bu Yaman hukumati kuchlarining qarorgohi bo‘lgan Adanni mamlakatning g‘arbiy sohilidan yanada uzib qo‘yishi va hukumatning kelgusida qarshi hujum uyushtirishini qiyinlashtirishi mumkin.
Husiylar bir nechta yo‘nalishda, ayniqsa Taiz viloyati chetlari va Ras al-Ara sohil hududida oldinga siljigan. Guruhning maqsadi Kahbub tog‘larini nazoratga olish hisoblanadi. Husiylarga aloqador OAV hududda erishilgan yutuqlar haqida xabar bergan bo‘lsa, hukumatga yaqin OAV kuchlar husiylarning hujumlarini qaytarganini ma’lum qildi.
Husiylar hujumni boshlaganidan beri Yamanning g‘arbiy qismida hukumatga ittifoqchi kuchlarni chekintirib kelmoqda. Eronga yaqin kuchlarning Bob al-Mandab ustidan nazorat o‘rnatishi Saudiya Arabistonini xavotirga solmoqda, chunki bu uning energetika eksporti uchun muhim bo‘lgan ikki dengiz yo‘lini Eron va uning ittifoqchilari nazoratiga berishi mumkin.
Saudiya Arabistoni so‘nggi kunlarda husiylarni to‘xtatish maqsadida Yamanga yuzlab zarbalar berdi, biroq bu hujumlar hozirgacha katta natija bermadi.
Donald Tramp dam olish kunlari husiylarga qarshi zarba berishni ko‘rib chiqqan, ammo so‘nggi daqiqada bu rejadan voz kechgani xabar qilingan. Britaniya esa mudofaa operatsiyalarida ishtirok etayotgan Saudiya samolyotlariga havoda yoqilg‘i quyishda yordam berishini ma’lum qildi. Bu mintaqada xalqaro aralashuv yanada kuchayishi ehtimolini ochiq qoldirmoqda.
“Katta yettilik” davlatlari Eronni husiylarni qurollantirishni to‘xtatishga chaqirgan. BMT Bosh assambleyasi oldidan qabul qilingan qo‘shma bayonotda davlatlar husiylarni Saudiya Arabistoniga hujumlarni to‘xtatishga chaqirgan. Bu hujumlar neft infratuzilmasiga zarar yetkazgan va o‘nlab odamlarni yaralagan.
“Biz husiylarni barcha harbiy harakatlarni, tinch aholiga tegishli kemalarga tahdid va hujumlarni zudlik bilan to‘xtatishga hamda siyosiy jarayonga vijdonan qaytishga chaqiramiz”, deyiladi bayonotda.
To‘qnashuvlar boshlanganidan beri qariyb 700 kishi halok bo‘ldi, 100 mingdan ortiq odam o‘z uylarini tark etdi. Ayrim yamanliklar dengiz orqali jangovar hududlarni tark etmoqda. Tinch aholi g‘arb tomonga – Qizil dengiz orqali Jibutiga qochmoqda. Yordam tashkilotlari esa Yamanda qolgan aholi uchun sharoit yomonlashayotganidan ogohlantirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Saudiya Arabistoni podshohligidagi muqaddas Makka shahriga yo‘naltirilgan uchuvchisiz uchish apparatidan foydalanilgan hujumga urinishni qat’iyan qoralagandi.
Live
Barchasi