Yamanda husiylar 20 nafar BMT xodimini hibsga oldi
Olam
−
20 Oktabr 1873 1 daqiqa
Yaman poytaxti Sananing janubi-g‘arbiy qismida husiylar Birlashgan Millatlar Tashkilotining yigirma nafar xodimini josuslikda aylab, hibsga oldi va keyinroq ulardan 11 nafarini ozod qildi. Bu haqda “The Guardian” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, isyonchilar besh nafar yamanlik va 15 nafar chet ellik xodimni ushlab turgan, biroq kecha, 19 oktyabr kuni so‘roqdan so‘ng 11 kishini ozod qilgan. Qayd etilishicha, bu 24 soat ichida BMT binosiga uyushtirilgan ikkinchi reyd bo‘lgan.
BMT vakillaridan birining ma’lum qilishicha, husiylar binodan barcha aloqa vositalarini, jumladan, telefonlar, serverlar va kompyuterlarni musodara qilgan.
Hibsga olinganlar orasida Jahon oziq-ovqat dasturi (WFP), UNICEF va Gumanitar masalalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi (OCHA) xodimlari bor.
Qayd etish joiz, husiylar ilgari ham BMT xodimlarini hibsga olgan. Joriy yilning 31 avgust kuni ular Yamanda kamida 11 nafar tashkilot xodimini qo‘lga olgan, shuningdek, o‘sha paytda ham jihozlar musodara qilingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil harbiylari tomonidan G‘azo sektoriga berilgan aviatsiya zarbasi oqibatida BMT homiyligida faoliyat yuritayotgan tashkilotlardan birining kamida bir xodimi halok bo‘lib, yana besh nafari og‘ir jarohat olgandi.
Live
Barchasi