Yamal Flik qattiqqo‘l murabbiy ekanini tan oldi
Sport
−
05 mart 2047 1 daqiqa
“Barselona” vingeri Lamin Yamal jamoaning germaniyalik bosh murabbiyi Xans-Diter Flik bilan ishlash haqida gapirdi.
“Flik juda yaxshi inson. U doimo suhbatni uzoq davom ettiradi va har doim sizning holatingiz bilan qiziqadi. Men uni murabbiy va shaxs sifatida hurmat qilaman. Flik qattiqqo‘l bo‘lib ko‘rinadi. Lekin shu bilan birga u har bir futbolchiga nima kerakligini juda yaxshi tushunadi”, deydi Yamal.
Joriy mavsumda 17 yoshli Yamal “Barselona” safida barcha turnirlarda 35 ta o‘yin o‘tkazib, 11 ta gol urdi va 15 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Futbolchining amaldagi klubi bilan shartnomasi 2026 yilning yoziga qadar tuzilgan. “Transfermarkt” internet portalida berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, futbolchining bozor qiymati 180 million yevroni tashkil qiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Barselona” Yevropa Chempionlar ligasi 1/8 finali doirasida bugun Portugaliya klubi bilan bahs olib borishi xabar qilingandi.
Live
Barchasi