Yaqinda koronavirusning xavfli shtammi paydo bo‘lishi mumkin — JSST
Olam
−
21 iyul 2021
9268Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) bosh direktori Tedros Adhanom Gebreyesus yaqinda koronavirusning “delta” shtammidan ham xavfli shtammi paydo bo‘lishi mumkinligini ma’lum qildi. Gebreyesus bu haqda Tokioda, Xalqaro olimpiya qo‘mitasining 138-sessiyasida gapirdi.
“Tarqalish qanchalik keng bo‘lsa, shunchalik ko‘p xavfli variantlar paydo bo‘ladi”, degan Gebreyesus.
Uning ta’kidlashicha, har bir mamlakat aholisining 70 foizini emlashgina koronavirus pandemiyasini to‘xtata oladi. Gebreyesusning so‘zlariga ko‘ra, ushbu bosqichda dunyo pandemiya bilan kurashmayapti.
“Mendan tez-tez pandemiya qachon tugaydi, deb so‘rashadi. Haqiqatan ham, COVID va pandemiya biz uchun ko‘plab savollar tug‘dirdi. Pandemiya bu sinovdir”, degan Gebreyesus.
Shuningdek, Gebreyesus nutq so‘zlayotgan paytida necha kishi koronavirusdan vafot etishini aytgan.
“Mening nutqim davomida COVID-19 dan yuz kishi vafot etadi, 8 avgust kuni Olimpiya olovi o‘chguncha esa dunyo bo‘ylab 100 mingdan ortiq odam koronavirusdan vafot etadi”, degan JSST rahbari.
Avvalroq, Gebreyesus dunyoda koronavirus pandemiyasining uchinchi to‘lqini boshlanayotgani haqida ma’lum qilgandi.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, dunyoda koronavirusga chalinganlar soni 192 mln 274 ming 819 kishiga yetgan. 4 mln 133 ming 943 kishi kasallikdan vafot etgan.
LiveBarchasi