Yaqinda Afg‘onistondagi vaziyat yanada yomonlashadi, ularda qurollar bor – Dushanbe

Olam

image

Afg‘onistonda faoliyat yuritayotgan terrorchi guruhlarda ko‘plab qurol-yarog‘lar, shuningdek, uchuvchisiz samolyotlar mavjud. Bu haqda bugun, 19 oktyabr kuni Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi chegara qo‘shinlari qo‘mondoni o‘rinbosari Kishvarsho Xushvaxt Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tayotgan terrorizmga qarshi kurashda xalqaro va mintaqaviy hamkorlik bo‘yicha yuqori darajadagi konferensiyada ma’lum qildi. 

“Terrorchi tashkilotlar a’zolari o‘z arsenalida sobiq afg‘on rasmiylaridan kubok sifatida olgan katta miqdordagi yengil va og‘ir qurollar, harbiy texnika va hatto uchuvchisiz uchish apparatlariga ega”, deydi u. 

Tojikiston Chegara qo‘shinlari qo‘mondoni o‘rinbosari Afg‘onistonning shimoli-sharqidagi, xususan, Badaxshon, Balx, Taxor viloyatlaridagi mavjud vaziyatni murakkab va keskin deb baholadi.  

“Bizning prognozlarimizga ko‘ra, yaqin kelajakda vaziyat yanada yomonlashadi”, deydi Xushvaxt va Afg‘onistonda terrorchilik tashkilotlari, xususan, “Al-Qoida”, “Islomiy davlat”ning 40 ga yaqin baza va lagerlari borligini qo‘shimcha qilib. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu guruhlarda sobiq Ittifoqning 5 mingga yaqin fuqarosi bor. 

Dushanbedagi konferensiya Tojikiston hukumati tomonidan BMTning Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi, BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi, YeXHT va Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikda tashkil etilmoqda. Unda vazirlar, BMTga a’zo davlatlar, BMTning Global aksilterror strategiyasi bo‘yicha tuzilmalari, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, chegara xavfsizligi bo‘yicha ekspertlar ishtirok etmoqda. Konferensiya yakunlari bo‘yicha terrorizmga qarshi kurashish va terrorchilar harakatining oldini olish bo‘yicha chegara xavfsizligi va chegara nazorati sohasida Dushanbe deklaratsiyasi qabul qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, ushbu konferensiya ochilishida Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon nutq so‘zlab, jangarilarning Yaqin Sharqdan boshqa mintaqalarga ko‘chirilishi Afg‘onistondagi terrorchilik tashkilotlarining mavqeini mustahkamlashi va Markaziy Osiyo mintaqasi uchun jiddiy xavf hisoblanishini aytgan edi. 


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston terrorizm va ekstremizm

Baholaganlar

237

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing