Yaqin o‘tmishga nazar: 2020 yilda yuz bergan qo‘rqinchli aviahalokatlar

Olam

image

Ofat va halokatlarga boy bo‘lgan 2020 yilda aviahalokatlar ham ko‘p bo‘ldi. Buning oqibatida ko‘plab insonlar dunyodan erta o‘tdi. Ularning yaqinlari esa, shak-shubhasiz cheksiz g‘amga botdi. Achinarlisi, samolyotlarning qulashiga nafaqat texnik nosozlik va tabiat injiqliklari, balki inson qo‘li bilan yaratilgan qurollar ham sabab bo‘ldi. Quyida 2020 yilda halokatga uchragan samolyotlar xususida so‘z boradi. 

Yanvar

2020 yilning 2 yanvar kuni An-12 samolyoti Sudanning G‘arbiy Darfur viloyatidagi El-Geneyna shahri ayeroportidan havoga ko‘tarilgach, besh daqiqa o‘tib qulab tushdi. 

Sudan harbiylariga ko‘ra, samolyot qulashi oqibatida 18 yo‘lovchi, shu jumladan yetti nafar ekipaj a’zosi, uch sudya va sakkiz fuqaro halok bo‘lgan.

2020 yilning 8 yanvar kuni Ukraina xalqaro aviakompaniyasining Kiyevga uchayotgan Boeing 737-800 samolyoti Tehron ayeroportidan havoga ko‘tarilganidan ko‘p o‘tmay raketa bilan urib tushirildi. 

Hodisa oqibatida samolyotning bortida bo‘lgan 176 kishidan hech kim omon qolmagandi. Ular orasida Eron, Ukraina, Kanada, Buyuk Britaniya, Germaniya, Shvetsiya va Afg‘oniston fuqarolari hamda to‘qqiz nafar ekipaj a’zosi bor edi. 

Eron Hukumati dastlab, layner yong‘in chiqqani va dvigateldagi texnik nosozliklar sababli qulaganini bildirgan. Ammo, 11 yanvar kuni Eron Qurolli Kuchlari Bosh shtabi Ukraina samolyoti harbiy ob’ekt yaqinidan uchib o‘tgan vaqtda dushman havo kemasi deb o‘ylab, tasodifan urib tushirganini tan oldi.

Fevral

2020 yilning 5 fevral kuni Izmir-Istanbul reysini amalga oshirayotgan “Pegasus Airlines” aviakompaniyasining Boeing-737-800 samolyoti Istanbulning “Sabiha Gyokchen” ayeroportiga qo‘nish chog‘ida uchish-qo‘nish yo‘lagidan chiqib, uch qismga bo‘linib ketadi. 

Turkiya Sog‘liqni saqlash vazirligi rahbarining so‘zlariga ko‘ra, aviahalokat oqibatida uch kishi vafot etgan va 179 kishi jarohat olgan.

May 

2020 yilning 22 may kuni 99 kishini o‘z ichiga olgan Pokistonning “International Airlines” aviakompaniyasining Airbus A320 samolyoti, aeroportga ikki marta qo‘na olmaganidan so‘ng, Karachi shahridagi turar-joy binolari mavjud hududga qulab tushadi. 

Qo‘nishga bo‘lgan birinchi urinishda samolyot g‘ildiraklarini chiqara olmagan va uchish-qo‘nish yo‘lagiga tegib, dvigatellariga zarar yetkazadi. 

Halokat oqibatida bortdagi 97 kishi halok bo‘ldi, bor yo‘g‘i ikki yo‘lovchi omon qoldi. Shuningdek, samolyot qulab tushgan uylarda yashovchi aholi vakillari ham yaralangan. Bir  nafar qiz jarohatlardan so‘ng kasalxonada vafot etgan.

Avgust

2020 yilning 7 avgust kuni Hindistonning Kojikode shahrida “Air India” kompaniyasining Dubaydan uchib kelayotgan Boeing-737 samolyoti halokatga uchradi. Baxtsiz hodisa “temir qush”ning yerga qo‘nish vaqtida sodir bo‘lgan.

Samolyot bortida 174 yo‘lovchi bo‘lgan: 10 nafar bola, ikki uchuvchi va ekipajning besh a’zosi. Halokat oqibatida samolyot kabinasi va old qismi butunlay vayron bo‘lgan. 18 kishi, shu jumladan, ikki ekipaj a’zosi halok bo‘lgan va 140 dan ortiq kishi jarohat olgan. 

Sentyabr

2020 yilning 25 sentyabr kuni Ukrainaning Xarkov viloyati Chuguyev shahri yaqinida An-26 harbiy-transport samolyoti o‘quv parvozi payti halokatga uchradi. 

Bortda 27 kishi bo‘lgan: yetti nafar ekipaj a’zosi va Xarkov milliy havo kuchlari universitetining 20 kursanti. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, halokat oqibatida 26 kishi vafot etgan.


Maqola muallifi

Teglar

samolyot 2020 aviahalokatlar

Baholaganlar

231

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing