Yaqin Sharqdagi mojaroning narxi qancha?
Tahlil
−
29 iyun 1176 6 daqiqa
Joriy yilning 21 iyun kuni Jahon chempionati guruh bosqichi doirasida bo‘lib o‘tgan Belgiya va Eron uchrashuvida 0:0 hisob qayd etilgach, bir X yoki sobiq Twitter foydalanuvchisi o‘z sahifasiga shunday mazmundagi post joyladi:
“Biz Eronni mag‘lub etolmagan bo‘lishimiz mumkin, lekin bu bizga eng kamida 300 milliard AQSH dollariga tushmadi”, deb yozadi u.
Nima ham derdik, bor gap. Bugun, balki yakunlanish arafasida turgan urush, bir necha oy davomida milliardlab dollarlarni yutib yubordi. AQSH ham, Eron ham yetarlicha emas, keragidan ortiq xarajat qildi. Ammo yakunda na go‘lib bor, na biror “pichoqqa ilinarli” yutuq. 100 kundan oshiqroq davom etgan urush faqat minglab qurbonlar, milliardlab iqtisodiy zarar va reputatsiyaning yo‘qolishiga olib keldi xolos. Keling, ushbu maqolada, 28 fevraldan buyon hammamizni jonimizga tegib ulgurgan bu urush kimga qanchaga tushganini hisoblab ko‘ramiz.

AQSH kutganidan qimmatga tushdi
Urush Eronga sanksiyalardan xalos bo‘lish, qayta tiklashga ko‘maklashuvchi jamg‘armalarni tashkil etish hamda dunyoning eng muhim suv yo‘lidan boj undirish huquqini taqdim etuvchi kelishuv bilan yakunlanishi mumkin. Tehron talabiga ko‘ra, endi AQSH Eronning muzlatilgan aktivlarini ham qaytarish masalasini ko‘rib chiqyapti. Pentagon esa harbiy harajatlar ko‘payib ketgani haqida xabar bermoqda. Xo‘sh, urush shuncha yo‘qotishga arzirmidi?
Ushbu savolga ekspertlar “urush hech kimga, ayniqsa AQSHga, foyda keltirmadi”, deb javob bermoqda. Avvalo, insoniy talafotlar miqyosida ham mojaro yetarlicha zarar keltirdi. AQSH 13 nafar harbiysidan ayrilgan bo‘lsa, Eronda qurbonlar soni ancha ko‘p, qariyb 3,5 mingga yaqin “issiq jon”. Shuni inobatga olish kerakki, texnik jihatdan Eron to‘g‘ridan-to‘g‘ri AQSHga hujum qila olmadi, ko‘proq Qo‘shma Shtatlarning harbiy bazalarini nishonga oldi. Shu sababli, AQSHga yetkazilgan zararning iqtisodiy ko‘lamini “taroziga solish” nisbatan to‘g‘riroq bo‘ladi nazarimizda.
Pentagon bergan rasmiy bayonotlarga ko‘ra, faqatgina may oyining o‘rtalariga kelib, AQSHning ushbu urush doirasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri harbiy xarajatlari 29 milliard dollarga yetgan edi. 17 iyundagi memorandumgacha esa bu xarajatlar yana oshib, o‘sha tvitda aytilganidek, tahminan 30-40 milliard dollarga ko‘tarilgan bo‘lsa ajab emas.
AQSH Mudofaa vazirining o‘rinbosari Stiven Faynberg Kongressdan urush xarajatlari va boshqa zararlarni qoplash uchun 80 milliard dollar qo‘shimcha mablag‘ so‘rashini ma’lum qilgan edi. Bir qarashda bu juda ham katta summadek ko‘rinishi mumkin, ammo mutaxassislar haqiqiy xarajatlar bundan ham ko‘proq ekanligini aytmoqda. Mojaro davomida yigirmaga yaqin harbiy baza zarar ko‘rgan, o‘nlab samolyot va dronlar ishdan chiqqan. Bundan tashqari AQSH arsenalining “qimmatbaho o‘yinchoqlari” ham sezilarli miqdorda kamaygan. Ma’lumotlarga ko‘ra, Patriot havo mudofaa raketalari zaxirasining yarmidan ko‘pi ham ishlatib tugatilgan va ularni qayta tiklash uchun olti yilgacha vaqt kerak bo‘lishi mumkin. Agar AQSH kelgusidagi potensial urushlarga tayyor turishni xohlasa, harbiy qudratini hech bo‘lmaganda urushdan oldingi holatiga qaytarishi lozim. Bu esa juda qimmat. Mustaqil iqtisodiy tahlilchilar va nufuzli xalqaro nashrlar AQSH va Isroilning Eronga qarshi urushining jami harbiy, moddiy va logistik yuklamasini uzoq muddatli istiqbolda, hatto 1 trillion dollargacha yetishi mumkinligini prognoz qilishgan.

Urushning eng katta strategik sabog‘i esa Eronning yangi qurolini namoyish etgani bo‘ldi. Gap yadroviy dastur haqida emas, dunyo iqtisodiyotining tomirlaridan biri bo‘lgan Hormuz bo‘g‘ozi haqida ketmoqda. Aynan shu bo‘g‘oz orqali dunyo neftining qariyb beshdan bir qismi tashiladi. Natijada global energiya inqirozi yuzaga keldi, neft narxlari keskin oshdi va Tramp ma’muriyati urushni tezroq yakunlashga majbur bo‘lmoqda.
“Moody’s analytics” korporatsiyasining hisob-kitoblariga ko‘ra, mojaro AQSH iste’molchilari va soliq to‘lovchilariga 132 milliard dollarga tushgan. Bunga asosiy sabab esa – yonilg‘i narxlari. Benzin narxi bir gallon uchun 4,56 dollargacha ko‘tarildi. O‘g‘it narxlari esa 47 foizga oshib, oziq-ovqat narxlarining ham qimmatlashishiga sabab bo‘ldi. Bir so‘z bilan aytganda urush nafaqat davlat g‘aznasiga, balki, oddiy kundalik iste’molchilarning cho‘ntagiga ham qimmatga tushdi.
Bugun Tramp bu urushni siyosiy g‘alaba sifatida talqin qilayotgan bo‘lishi mumkin. Ammo raqamlar, xarajatlar va natijalar boshqa narsani aytmoqda. Bu urushda faqat mag‘lublar bor, janob Tramp.
Eron nimalarni yo‘qotdi
Har qancha Eronni mag‘lub bo‘lmadi demaylik, bu urush unga shu qadar qimmatga tushdiki, mamlakat iqtisodiyoti ko‘rilgan zararlarni bartaraf etish uchun bir necha yillar sarflashga majbur. “The Economist” nashrining ma’lumotlariga ko‘ra, urush va blokada natijasida 2026 yil may oyida mamlakatda yillik inflyatsiya 84 foizga, oziq-ovqat inflyatsiyasi esa 131 foizga yetgan. Urush davrida 2 millionga yaqin odam ishini yo‘qotgan. Natijada, ko‘plab oilalar go‘sht va nonni ham bo‘lib-bo‘lib to‘lashga majbur bo‘lmoqda.
Eron iqtisodiyoti asosan energiya resurslari savdosiga tayanadi. Blokada esa aynan tashqi savdoga kuchli zarba berdi. Aprel oyidan buyon Pokiston portlarida Eron uchun mo‘ljallangan 3 mingdan ortiq konteyner yig‘ilib qolgan. Urush davomida AQSH va Isroil zarbalari natijasida neftni qayta ishlash zavodlari, metallurgiya korxonalari va yirik neft-kimyo majmualari zarar ko‘rgan. Mutaxassislar hisob-kitobiga ko‘ra, faqat energetika ob’ektlarini tiklashning o‘zigina 19 milliard dollarga tushishi mumkin. Ayrim baholashlarga ko‘ra, urush oqibatida yetkazilgan umumiy zarar 144 milliard dollarga teng bo‘lib, bu Eron yalpi ichki mahsulotining qariyb yarmi deganidir.

Natanz va Fordo kabi uranni boyitish majmualari ham AQSH va Isroil kuchlari tomonidan kunpayakun qilindi. Milliardlab dollarlik texnikalarni yo‘qotilishi, hali Eron g‘aznasiga ancha g‘alva bo‘ladi. Agar yadro quroli yaratish dasturi bo‘lgan taqdirda ham endi uni urushdan oldingi holiga keltirish uchun yana o‘n yilliklar ketishi mumkin.
Nafaqat harbiy yoki sanoat infratuzilmalari, balki millionlab insonlarning uylari, maktablar, shifoxonalar bombardimon qilindi. Qanchadan-qancha inson bugun bor-budidan, yaqinlarida ayrilgan.
Eronning sobiq Oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Homanaiyning o‘limi butun Eron xalqida AQSH va Isroilga nisbatan nafrat cho‘g‘ini alangalatib yubordi. Bundan tashqari o‘nlab generallar, olimlar halok bo‘ldi. Minob shahridagi “Shajareh Tayebeh” boshlang‘ich qizlar maktabida yuz bergan portlash esa, doimo AQSH yoki Isroilni yonini olib kelganlarni ham g‘azablantirdi. Zamonaviy dunyoning urush qoidalari, bu qoidalar kuchlilar tomonidan buzilmaguncha amal qilishini ushbu 108 kunlik urush yana bir bor isbotladi.
Aslida, 300 milliard dollarlik qayta tiklash jamg‘armasining ajratilishi ko‘zda tutilganining o‘zi ham Eron infratuzilmasiga yetgan zararning miqyosi naqadar ulkan bo‘lganining bir isbotidir. Shu sabab ham Tehron bu urushni yana cho‘zishdan hech qanaqasiga manfaatdor bo‘lmasa kerak. Urush ertami-kechmi yakun topishi aniq. Ammo uning oqibatlari hali uzoq yillar saqlanib qoladi.
Live
Barchasi