Yaqin oylarda Burger King O‘zbekistonga kirishi mumkin
Jamiyat
−
19 aprel 2025 5101 1 daqiqa
Dunyodagi eng yirik va mashhur fast-fud tarmoqlaridan biri Burger King yaqin oylarda O‘zbekistonda paydo bo‘ladi. Bu haqda kecha, 18 aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘tkazgan iqtisodiy tebranishlarning O‘zbekiston soha va tarmoqlariga ta’sirini yumshatish chora-tadbirlari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida salqin ichimliklar ishlab chiqaruvchi International Beverages Tashkent ta’sischisi Shuhrat Ergashev ma’lum qildi.
Shuhrat Ergashev Prezident bilan muloqotda kompaniya Burger King bilan kelishuvga erishganini, O‘zbekistonda fast-fud restoranlarini ochish uchun litsenziya olganini qayd etgan.
“Biz 10 yil oldin ularning ortidan yugurib, O‘zbekistonga kelishlarini iltimos qilardik. Hozirgi kunda ular bilan kelishib oldik. O‘zbekiston Respublikasiga litsenziyasini oldik. 2-3 oyda bizda Burger King nomli kompaniyalar ochiladi. Bu nafaqat Toshkent bo‘yicha bo‘ladi, ular bizga markaziy ofisni Toshkentda ochib, butun O‘rta Osiyoning litsenziyasini berishni taklif qildi”, dedi u.
Shuningdek, Shuhrat Ergashev xorijiy investorlar yangi bozorga kirishdan oldin ushbu mamlakatda Burger King yoki McDonald’s kabi brendlar bor-yo‘qligiga qiziqishini va ular uchun sarmoya kiritishda bu muhim belgi ekanini qayd etgan.
Eslatib o‘tamiz, mazkur yig‘ilishda 1 iyuldan boshlab birorta tovar eksportiga cheklov bo‘lmasligi e’lon qilingandi. Faqat 86 ta tovar guruhiga kirgan xomashyo va ijtimoiy ahamiyati yuqori mahsulotlarga nisbatan eksport bojlari joriy qilinadi.
Live
BarchasiSuriyada KIP qo‘mondoni o‘ldirib ketildi
21 yanvar