Yaqin kunlarda O‘zbekistonda Apple Pay ham ishga tushiriladi
Jamiyat
−
15:13 611 1 daqiqa
O‘zbekistonda tez orada Apple Pay xizmati ishga tushishi mumkin. Bu haqda Turizm qo‘mitasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, yaqin kunlarda Apple Pay xizmatining ham ishga tushirilishi kutilmoqda. Bu boradagi texnik ishlar Markaziy bank, tijorat banklari hamda mahalliy to‘lov tizimlari tomonidan olib borilmoqda.
“Mazkur qadam turizm sohasidagi islohotlar doirasida xorijiy sayyohlar uchun qulay sharoitlar yaratish, jumladan, dunyoning yetakchi to‘lov tizimlarini milliy infratuzilmaga integratsiya qilish bo‘yicha izchil olib borilayotgan ishlarning davomidir. Maqsad sayyohlarga O‘zbekistonda ham o‘zlari ishongan va xavfsiz deb bilgan to‘lov vositalaridan foydalanish imkonini berishdir”, deyiladi xabarda.
Bildirilishicha, bunda sayyohlar oqimi jadal o‘sishi kutilayotgan Xitoy va Hindiston bozorlariga alohida e’tibor qaratilib, Alipay+ hamda NPCI International tizimlari bilan integratsiya ishlari olib borilmoqda. Mazkur choralar xorijiy mehmonlarni naqd pul va xalqaro kartalarga bog‘liqlikdan xalos etib, O‘zbekistonni sayyohlar uchun yanada ochiq va qulay manzilga aylantirishga, mamlakatning turizm salohiyatidan to‘liq foydalanishga xizmat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda Google Pay xizmati ishga tushirilgandi. Endilikda dunyoning turli mamlakatlaridan keluvchi sayyohlar smartfon orqali kontaktsiz to‘lovlarni amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘ldi.