Yaqin qarindoshlar qanday hollarda avtomobildan ishonchnomasiz foydalanishi mumkin?
Jamiyat
−
18 Oktabr 2019
40536O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonida joriy yilning 1 oktyabridan yaqin qarindoshlar avtomobilni boshqarishda ishonchnoma rasmiylashtirmasligiga ruxsat berilgandi. Ammo hanuz ichki normativ hujjatlar yangilanmadi. Bu o‘z navbatida ko‘plab savollarni keltirib chiqardi.
Kecha, 17 oktyabr kuni Ichki ishlar vazirligi boshqarma boshliqlari bilan o‘tkazilgan matbuot anjumanida ayni shu masala yuzasidan ham ma’lumot berildi.
“Prezidentimizning notarial qarorida 1 oktyabrdan yaqin qarindoshlar uchun ishonchnomani bekor qilish ko‘zda tutilgan edi. Shu masala yuzasidan Adliya vazirligi tomonidan Vazirlar Mahkamasining qarori loyhasi muxokamaga qo‘yilgandi. O‘ylaymanki yaqin davr ichida tasdiqlanib amalyotga kiritiladi.
Ayni paytda yaqin qarindoshlar ism-familiyasi sug‘urta polisida ko‘rsatilgan bo‘lsa yoki sug‘urta polisi cheksiz (boshqaruvchilar soni bo‘yicha) bo‘lsa, fuqarolar yaqin qarindoshlarining avtomobilini ishonchnomasiz boshqarishi mumkin”, dedi IIV Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi matbuot xizmati rahbari Akmal Yunusov.
Ma’lumot uchun, Prezident tomonidan imzolangan “O‘zbekiston Respublikasida notariat tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonga ko‘ra, joriy yilning 1 oktyabridan Transport vositasi egasining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha sug‘urta polisida ko‘rsatilgan transport vositasi egasining yaqin qarindoshlari (ota-ona, er (xotin), bolalar, aka-ukalar, opa-singillar) o‘rtasida transport vositasidan foydalanish va boshqarish to‘g‘risidagi ishonchnomani majburiy notarial tasdiqlash tartibi bekor qilindi.