Yaqin atrofdagi shifoxonalar, maktablarni biriktirish ham mumkin – Prezident “Saxovat” uyiga bordi

Jamiyat

image

Avval xabar berganimizdek, bugun, 6 mart kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Urush va mehnat faxriylari uchun respublika pansionatini borib ko‘rdi. Yotoqxona va davolash xonalarida yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi.

Davlat rahbari muassasada yashayotgan faxriylar bilan suhbatlashdi.

"Bu yerga kelib, Vatanimiz uchun ko‘p mehnat qilgan sizdek mo‘’tabar insonlar bilan uchrashib turganimdan juda xursandman. Fursatdan foydalanib, bu yerdagi aziz onaxonlarimizni, shifokor ayollarimizni yaqinlashib kelayotgan 8 mart bayrami bilan tabriklayman", dedi Shavkat Mirziyoyev.

Nuroniylar davlat rahbariga tashrifi, keksa avlodga e’tibori uchun minnatdorlik bildirdi.

Urush va mehnat faxriylari pansionatida 138 nuroniy davlat ta’minotiga olingan. Prezident bu yerda madaniy tadbirlar o‘tkazish uchun yangi bino hamda pansionatga tutash 3 gektar maydonda Nuroniylar parkini barpo etish bo‘yicha mutasaddilarga ko‘rsatma berdi.

Videokonferensiya tarzida o‘tgan uchrashuvda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar, ijtimoiy muassasalar rahbarlari ham ishtirok etdi. Mamlakatdagi "Saxovat" va "Muruvvat" uylaridagi sharoitlarni, tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni yaxshilash masalalari muhokama qilindi.

"Bugun boshqacha uchrashuv bo‘ladi. Faqat bu pansionat emas, mamlakatimizdagi barcha 34 ta "Saxovat" va "Muruvvat" uyini yaxshilash choralarini kelishib olamiz. Ularda jami 9 ming 700 o‘rin mavjud bo‘lib, hozirda 8 ming 840 nafar nuroniylarimiz yashab, davolanyapti. Lekin bu uylarga hech kim kirmagan, faqat bayramlardagina eslangan, tartib, e’tibor bo‘lmagan. Bunday insonlar mehr izlaydi, e’tibor izlaydi. Ularning duosini olsak, yurtimizga baraka yog‘iladi", dedi Prezident.

Shu maqsadda Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligini Vazirlar Mahkamasi tuzilmasiga o‘tkazish zarurligi ta’kidlandi. Sharoiti og‘ir muassasalarda qurilish-ta’mirlash ishlarini amalga oshirish, tibbiy uskunalarni yangilash, zamonaviy fizioterapiya bo‘limlari tashkil qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

"Avvalgi me’yorlarni qayta ko‘rib chiqib, bu joylarda yashayotgan fuqarolarimizning dorilarini ko‘paytirish, ovqatlari sifatini o‘zgartirish, taom tayyorlashda autsorsing tizimini yo‘lga qo‘yish kerak. Ularning holidan xabar olib turish uchun yaqin atrofdagi shifoxonalar, maktablarni biriktirish ham mumkin. Bu ham e’tibor, mehr-oqibat. Bemor insonlarga e’tiborni kuchaytirsak, yanayam sog‘ayadi", dedi Shavkat Mirziyoyev.

Barcha muassasalarga avtobus sovg‘a qilib, mamlakatning diqqatga sazovor joylari va ziyoratgohlarga sayohatlarini uyushtirish, konsert dasturlari, havaskorlik to‘garaklari tashkil etish muhimligi ta’kidlandi.

Kasaba uyushmalari federatsiyasiga "Saxovat" uylaridagi barcha nuroniylarni har yili bir marta mamlakatning eng yaxshi sanatoriylarida sog‘lomlashtirish vazifasi topshirildi.

Davlat rahbari "Saxovat" va "Muruvvat" uylari xodimlarining fidoyiligini, mehribonligini alohida ta’kidlab, ularning oylik ish haqlarini oshirish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev

Baholaganlar

47

Reyting

3.3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing