WSJ jurnalisti Rossiyada “nohaq hibsga olingan” deb tan olindi
Olam
−
11 aprel 2023
5288AQSH Davlat departamenti “The Wall Street Journal” muxbiri Evan Gershkovichni nohaq hibsga olingan, deb e’lon qildi. Mazkur qadam jurnalistni almashish bo‘yicha muzokaralar olib borishga potensial yo‘l ochadi. Bu haqda “The Wall Street Journal” xabar berdi.
AQSH hukumati jurnalistni ozod qilish maqsadida Rossiyaga bosim o‘tkazish uchun keng ko‘lamli sa’y-harakatlarni boshlagan. Gershkovich ishi bilan Davlat departamenti tarkibidagi AQSH Prezidentining garovga olinganlar ishlari bo‘yicha maxsus vakili ofisi shug‘ullanmoqda. Bu bo‘lim boshqa mamlakatlarda nohaq ushlab turilgan amerikaliklarni ozod qilish bo‘yicha muzokaralar olib boradi.
“Jurnalistika jinoyat emas. Biz Rossiya Federatsiyasini janob Gershkovichni zudlik bilan ozod qilishga chaqiramiz”, deydi Davlat departamenti matbuot kotibi Vedant Patel.
Bundan tashqari, Davlat departamenti Rossiyani yana bir amerikalik Pol Uilanni ham nohaq hibsga olinganini e’lon qilgan va uni ham ozod qilishga chaqirdi. Pol Uilan Rossiyada 16 yilga koloniyaga hukm qilingan va hozir ham u qamoqda. Uning oilasi ayblovlar soxta ekanini aytadi.
Eslatib o‘tamiz, WSJ muxbiri Evan Gershkovich mart oyi oxirida Yekaterinburgda josuslikda ayblanib hibsga olingan edi. Rossiya Federal xavfsizlik xizmati jurnalistni Rossiya harbiy-sanoat kompleksi korxonalaridan biri haqida maxfiy ma’lumotlarni to‘plaganlikda ayblagandi. WSJ va AQSH hukumati bu ayblovlarni rad etgan, davlat departamenti esa Rossiyadagi amerika fuqarolarini mamlakatni tark etishga chaqirdi. 2 aprel kuni esa AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan telefon orqali gaplashib, jurnalistni ozod etishni talab qilgandi.
LiveBarchasi