Wildberries omborida qurol bo‘lganmi? Peskov bayonot berdi

Olam

image

Joriy yilning 18 iyul kuni Ukraina Qurolli kuchlari Rossiyadagi Wildberries omborlariga zarba bergan edi. Hujumdan so‘ng Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy mazkur zarbalarga sabab sifatida Wildberries omborlarida dron ishlab chiqarish va navigatsiya uskunalari uchun foydalanilishi mumkin bo‘lgan komponentlar saqlanganini ko‘rsatdi.

“Bu ob’ektlarda Rossiyaning harbiy salohiyatiga yordam beruvchi mahsulotlar bo‘lgan”, degan mazmunda bayonot bergan Ukraina rahbari.

Bugun, 21 iyul kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov Kiyevning da’volari haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini bildirdi.

“Unday emas. Kiyev rejimi tinch ob’ektlarga zarba bermoqda. Bu Kiyev rejimining terrorchilik mohiyatini ko‘rsatadi”, deydi Peskov.

U, shuningdek, omborlarga qilingan hujumlar oqibatida Wildberries kompaniyasi hamda kichik va o‘rta biznes vakillari zarar ko‘rgani sabab vaziyat murakkab ekanini aytgan.

“Tilga olingan kompaniyaga kelsak, vaziyat oson emas. Chunki zarar kompaniyaning o‘ziga ham, kichik biznes vakillariga ham yetdi”, degan Kreml vakili.

Peskovning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya hukumati kompaniya bilan aloqada va zarar ko‘rgan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash masalasi bilan shug‘ullanmoqda.

Ma’lum qilinishicha, Rossiya Tergov qo‘mitasi mazkur hujumlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 205-moddasi (terrorizm akti) bo‘yicha jinoyat ishlarini ochgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina Qurolli kuchlarining Rossiyadagi Wildberries omborlariga uyushtirgan hujumlari oqibatida Qirg‘izistonning ikki fuqarosi jarohat olgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing