O‘zbekistonga Isroildan qo‘ng‘iroq bo‘ldimi? – Weekend
Tahlil
−
03 avgust 10080 11 daqiqa
Rossiyada migrantlar uchun to‘lovlarning oshirilishi, cheklovlarning ko‘payishi hamda hatto o‘z fuqarolari uchun ham to‘lov yukining oshishi fonida Ukraina razvedkasi Kreml 2030 yilda NATO bilan ehtimoliy urush uchun trillion dollarlik mablag‘ jamg‘armoqda, degan iddao bilan chiqdi.
Putin Trampning dedlayn ko‘rinishidagi ultimatumiga yuvosh va taqvodor inson sifatida cherkovga tashrif doirasida javob qaytardi.
Markaziy Osiyo davlatlari Isroilning xalqaro maydondagi eng katta yutug‘i bo‘lgan Ibrohim kelishuvlariga qo‘shilishi haqida xabarlar tarqaldi.
BMTning hisobotlarini deyarli hech kim o‘qimayotgani aytildi.
Trampning odami G‘azoga keldi va yahudiy rasmiylar u va dunyo ko‘ziga sektorda ahvol yaxshiligini isbotlamoqchi bo‘ldi. Ammo hech kim ularga ishonmaydi.
Tugab borayotgan hafta davomida jahonda ro‘y bergan muhim voqea-hodisalar tafsiloti bilan QALAMPIR.UZ'ning Weekend dasturida tanishing.
Migrantlar hisobidan NATO bilan urush?
Rossiyada so‘nggi paytlarda deyarli har hafta migrantlar masalasi bilan bog‘liq cheklovlar va ulardan undiriladigan to‘lovlarning oshirilishi yoki hech bo‘lmaganda shu bo‘yicha takliflar yangraydigan bo‘ldi. Ularning o‘z oilasiga yuboradigan pullarining miqdorini cheklashdan tortib, migrantlarning farzandlari uchun maktablarni pullik qilishgacha, xullas qanday bo‘lmasin millionlab mehnat muhojirlarining cho‘ntagini qoqib olishga chorlayotgan rus siyosatchilari ko‘paydi. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ham 31 iyul kuni yangi davlat bojxona to‘lovlarini joriy etish va mavjudlarini oshirish haqidagi qonunni imzoladi. Unga ko‘ra, transport vositalariga egalik qilish uchun rasmiylashtirish jarayonida Rossiya fuqarolari uchun to‘lovlar o‘rtacha ikki barobarga oshirildi. Shu o‘rinda migrantlar ham yoddan chiqqani yo‘q. Hujjatda migrantlarni vaqtincha yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish uchun 500 rubl miqdorida davlat boji joriy etilishi belgilangan. Migrantlarga patent berish yoki uni qayta rasmiylashtirish bo‘yicha to‘lov esa 4,2 ming rublni tashkil etadi. Xorijliklarni doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish uchun boj 430 rubldan ming rublgacha oshirilishi belgilandi.
Rossiyada to‘lov majburiyatlarining bu tarzda keskin oshishi, albatta, mamlakatning Ukrainada olib borayotgan bosqini va uning xarajatlariga borib taqaladi. Ammo nega aynan hozir, degan savol o‘rtaga chiqqan bir paytda, Ukraina harbiy razvedkasi boshlig‘i Kirill Budanovning Rossiya 2030 yilga qadar NATO bilan urushga tayyor turish maqsadida 1 trillion dollarlik byudjet jamg‘arishni boshladi, degan intervyusi paydo bo‘ldi. Budanov trillion dollarlik byudjetning asosiy maqsadini ochib berdi. Rossiya Federatsiyasi katta urushga tayyorgarlik ko‘rish uchun mablag‘ ajratadi va bu 1980 yildan buyon eng katta qurollanish dasturi bo‘ladi, deya fikr bildirdi. Ukraina harbiy razvedkasi rahbari Kirill Budanovning so‘zlariga ko‘ra, rejaning markazida NATO bilan qarama-qarshilik mavjud. Ushbu mablag‘lar Rossiya Federatsiyasining 2030 yilgacha NATO bilan keng ko‘lamli qurolli to‘qnashuvga tayyorgarligini belgilaydigan tizimli hujjat doirasida taqdim etilgani iddao qilinmoqda. Budanovning so‘zlariga ko‘ra, ajratilgan mablag‘larning asosiy qismi 2030 yilgacha sarflanishi kerak, shundan so‘ng xarajatlar sur’ati pasayishni boshlaydi. Ukraina harbiy razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya strategik rejalarining asosiy yo‘nalishi Boltiqbo‘yi mamlakatlari, Finlyandiya, Norvegiya va umuman NATOning Shimoliy qanotidir.
Putin Trampga javob qaytardi
Belaruslik Lukashenkoning hafta davomida Rossiyaga – Putinning oldiga borishi Rossiya Prezidentining AQSH Prezidenti Donald Trampga 10 kunlik muhlat yuzasidan javob qaytarishda yordamlashish uchunligi ma’lum bo‘ldi. Putin va Luskashenkoning 1 avgust kuni Valaam monastiriga tashrifi chog‘ida bir qancha muhim bayonotlar yangradi. Lukashenko Yevropa va Rossiya birlashganida Xitoydanda qudratliroq kuch bo‘lardi degancha, nimalargadir shama qilgan bo‘lsa, Putin o‘z navbati bilan Ukraina bilan asirlar va jasadlar almashinuvi bo‘yicha norozilik bildirdi. Uning aytishicha, Rossiya gumanitar sabablarga ko‘ra minglab halok bo‘lgan ukrainalik askarlarning jasadlarini topshirgan va buning evaziga “bir necha o‘nlab yigitlar”ning jasadlarini qabul qilgan.
Ammo bular ichida o‘sha kuni aytilgan eng muhim bayonot boshqa edi. Ya’ni Donald Tramp Putinga turli xil raqamlardagi muhlatlar berib yurgan bir paytda Putin unga javob qaytarishi kerak edi. Rossiya yetakchisi dastlab Trampning undan hafsalasi pir bo‘lgani haqidagi gaplariga izoh berdi. Putin Trampning nomini tilga olmagan bo‘lsa ham “barcha umidsizliklar haddan tashqari kutishdan kelib chiqadi”, deb ta’kidladi. Putin o‘tgan yilning iyun oyida Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rahbariyati bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Rossiyaning maqsadlarini eslab, asosiy vazifa – “bu inqirozni keltirib chiqargan sabablarni yo‘q qilish” ekanini ta’kidladi. Bu orada esa u birdan juda ko‘p muhokamalarga sabab bo‘lgan “Oreshnik” nomli raketa seriyali ishlab chiqilayotgani haqida so‘z ochdi. U Rossiya qo‘shini birinchi seriyali “Oreshnik” majmuasini olganini ham e’lon qildi.
O‘zbekistonga Isroildan “qo‘ng‘iroq”?
Ibrohim kelishuvlari nomli Isroilni tan olish, u bilan diplomatik munosabatlarni yo‘lga qo‘yish hamda boshqa masalalarda yaqin aloqalar o‘natishni nazarda tutuvchi shartnoma mavjud. Bundan 5 yil oldin mazkur hujjat AQSH Prezidenti Donald Trampning birinchi muddati so‘nggi yilida kuchga kirgan va bir nechta arab davlatlarini qamrab olgandi. Endi u ikkinchi muddatida ham Ibrohim kelishuvlarini kengaytirmoqchiligi haqida bir necha oy oldin xabarlar chiqqandi. Yaqinda esa “Reuters” ushbu jarayonga yaqin bo‘lgan 5 nafar manbasiga tayanib, Tramp ma’muriyati Ozarbayjon va ayrim Markaziy Osiyo davlatlarini Ibrohim kelishuvlariga qo‘shish masalasini faol muhokama qilayotgani haqida xabar berdi.
Ibrohim kelishuvlari 2020 va 2021 yillarda Trampning ilk prezidentlik davrida AQSH vositachiligida to‘rtta musulmon aholisi ko‘p davlat – BAA, Bahrayn, Marokash va Sudan tomonidan Isroil bilan diplomatik munosabatlarni normallashtirish uchun imzolangan edi. Biroq Ozarbayjon va barcha Markaziy Osiyo davlatlari allaqachon Isroil bilan uzoq yillik munosabatlarga ega. Shunday bo‘lishiga qaramay, mazkur davlatlarni bu kelishuvlarga rasman qo‘shish ramziy harakat bo‘lib, asosan savdo va harbiy hamkorlik kabi sohalarda aloqalarni kuchaytirishga qaratilishi takidlanmoqda.
Qayd etilishicha, bunday kengaytirish Trampning G‘azoda qirg‘in davom etayotgan bir paytda Saudiya Arabistonini Isroil bilan yarashishga ko‘ndirish rejalaridan ancha kichikroq maqsadlarga ham ochiqligini namoyon etadi. Ma’lumki, Saudiya Arabistoni bir necha bor Isroil Falastinni tan olish yo‘lida jiddiy qadamlar tashlamasa, yahudiy davlatini tan olmasligini ochiq oydin bildirib keladi. G‘azodagi yuqori o‘lim darajasi va gumanitar yordamning yopib qo‘yilishi oqibatida yuzaga kelgan misli ko‘rilmagan ocharchilik esa arab jamoatchiligida g‘azabni kuchaytirib, Ibrohim kelishuvlariga yangi musulmon davlatlarni jalb qilishni murakkablashtirmoqda. Bu orada esa Isroilning emas, balki xalqaro maydonda tan olinish borasida Falastinning vazni oshib bormoqda. O‘tgan yillar davomida Yevropaning ayrim davlatlari uni tan olgan bo‘lsa, bu yil Kanada, Fransiya va Buyuk Britaniya kabi qudratli G‘arb mamlakatlari Falastinni tan olishga tayyorlanmoqda.
Ibrohim kelishuvlariga qaytadigan bo‘lsak, Trampning tinchlik bo‘yicha maxsus vakili Stiv Uitkoff mart oyida Ozarbayjon poytaxti Bakuga safar qilib, Prezident Ilhom Aliyev bilan uchrashgan. Bildirilishicha, muzokaralar doirasida Ozarbayjon rasmiylari Qozog‘iston kabi yaqin Markaziy Osiyo davlatlari amaldorlari bilan ham aloqaga chiqqan va ularning qiziqishini o‘rgangan. Lekin qaysi davlatlar bilan bevosita gaplashilgani ma’lum emas. Qozog‘istondan tashqari yana qaysi davlatlar? O‘zbekiston, Turkmaniston, Tojikiston yoki Qirg‘izistonmi? Bunisi hali noma’lum. “Reuters”ning yozishicha, Ozarbayjon hukumati bu masala yuzasidan izoh bermagan. Bundan tashqari, Oq uy, Isroil TIV va Qozog‘istonning Vashingtondagi elchixonasi ham hech qanday izoh bermagan. QALAMPIR.UZ esa ushbu masala bo‘yicha O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi bilan bog‘landi. Vazirlik matbuot kotibi Ahror Burhonovning tahririyatga ma’lum qilishicha, bu masala bo‘yicha TIVga murojaat kelib tushmagan.
Hech kim o‘qimayotgan BMT hisobotlari
Joriy yilning 1 avgust kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish tuzilma tomonidan chiqariladigan qator hujjatlarning samarasizligi haqida gapirib, tashkilot hisobotlari va yig‘ilishlari sonini qisqartirish zarurligini aytdi. Bunga sabab esa BMTning turli masalalar yuzasidan chiqaradigan hisobotlarini hech kim o‘qimayotganidir. Guterrish a’zo davlatlarni o‘zining UN80 ishchi guruhi tomonidan tayyorlangan hisobot haqida ma’lumot berdi. Hisobotda asosiy e’tibor BMT xodimlari BMT Bosh Assambleyasi va BMT Xavfsizlik Kengashi kabi organlar tomonidan berilgan minglab mandatlarni qanday bajarayotganiga qaratilgan.
“Bugungi kunda barcha mandatlarning yarmidan ko‘pi hisobotlarni tayyorlashni talab qiladi. Faqat o‘tgan yilning o‘zida kotibiyat 1100 ta hisobot tayyorladi, bu 1990 yildagidan 20 foizga ko‘p. Beshtadan uchtasi takrorlanadigan mavzularga taalluqlidir. Tan olishim kerakki, bu hisobotlar ham uzoqroq davom etmoqda. So‘nggi 20 yil ichida matn hajmi 40 foizdan ko‘proqqa oshdi”, degan u yig‘ilishda so‘zga chiqib.
Antoniu Guterrishning ta’kidlashicha, bajarilgan ishlar hajmiga qaramay, hisobotlarning muhim qismi e’tibordan chetda qolmoqda: ularning har beshinchisi ineternetda foydalanuvchilar tomonidan hech bo‘lmaganda mingta ham yuklab olinmagan. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi ularning o‘qilganiga ishonchi komil emas. Hujjatlarni tayyorlash va yig‘ilishlarni tashkil etish xarajatlari esa tashkilot byudjetining muhim qismini tashkil qiladi. Bosh kotibning so‘zlariga ko‘ra, byudjetning har o‘n dollaridan biri qo‘shimcha bilvosita xarajatlarni hisobga olmaganda, to‘g‘ridan to‘g‘ri yig‘ilishlar va nashrlarga xizmat ko‘rsatishga ketadi.
Ma’lumot uchun, hozirda BMT atrofida 400 ga yaqin hukumatlararo organlar tomonidan amalga oshirilayotgan 40 mingdan ortiq mandatlar mavjud. Ular har yili 27 mingdan ortiq uchrashuvlar tashkil etilishini talab qiladi va har kuni taxminan 2300 sahifali hujjatlarni ishlab chiqaradi. Bu yiliga taxminan 360 million dollarga tushmoqda.
Trampning odami G‘azoda
Bugun G‘azodagi vaziyat juda og‘ir. Odamlar ochlikdan o‘lmoqda, tirik qolishni istab yordam olishga borganlar esa Isroil askarlarining o‘qidan. Bu vaziyat ko‘pchilikka ayon. Hatto Isroilning eng yirik ittifoqchisi bo‘lmish AQSH Prezidenti Donald Tramp ham G‘azoda ocharchilikka yaqin vaziyat kuzatilayotganini, u yerdan olingan kadrlar shuni ko‘rsatayotganini aytdi. Biroq u o‘sha tasvirlarga ishonmadi chog‘i G‘azodagi haqiqiy vaziyatni o‘z ko‘zi bilan ko‘rish uchun maxsus vakili Stiv Uitkoffni u yerga yubordi.
Uitkoffning G‘azoga safari mahalliy aholi tomonidan umid, shubha va g‘azab bilan kutib olindi. Ayrimlar uning Rafahga tashrifi ochlikka barham berishiga umid qilgan bo‘lsa, boshqalar bu tashrifni g‘alati va haqoratli deb hisobladi. Yana ba’zi g‘azoliklar esa Uitkoffni Isroil ko‘rsatgan rasmlar bilan cheklanmasdan, haqiqiy vaziyatga guvoh bo‘lishga chaqirdi.
Shunday qilib, AQSH maxsus vakili Stiv Uitkoff 1 avgust kuni AQSHning Isroildagi elchisi bilan birga G‘azoga borib, 5 soat davomida u yerdagi insonparvarlik vaziyatini yaxshiroq tushunishga urindi. U tashrifining maqsadi Trampga “insonparvarlik vaziyati qandayligini aniq yetkazish hamda G‘azo xalqiga oziq-ovqat va tibbiy yordam berish rejasini ishlab chiqish” ekanini aytdi.
Aynan o‘sha kuni G‘azoga havodan oziq-ovqat tashlandi. Isroil armiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, Ispaniya, Fransiya va Germaniya kabi davlatlar tomonidan 126 ta parashutda yordam tushirilgan. Biroq BMTning falastinlik qochqinlar bo‘yicha agentligi rahbari bunday usulni “juda qimmat, yetarli emas va samarasiz” deb atadi.
Boya aytganimizdek, Uitkof G‘azo janubidagi Rafahdagi yordam markaziga bordi. Falastinliklar aynan ushbu markaz yaqinida oziq-ovqat kutayotganlarga Isroil harbiylari o‘q uzganini bildirdi. G‘azodagi shifoxona ushbu hujumda kamida 3 kishi halok bo‘lganini, 6 kishi yaralanganini ma’lum qildi.
Buni qarangki, gumanitar yordam olishni kutayotganlarga hujum qilishini rad qilib keladigan Isroil bu safar o‘z harbiylari o‘q uzganini yashirib o‘tirmadi. Nima emish, harbiylar o‘zlariga yaqinlashayotgan odamlar guruhiga ogohlantiruvchi o‘q uzganmish. Ular qurbonlar haqida xabardor emasligini, lekin voqeani o‘rganayotganini qayd etdi. AQSH elchixonasi vakili esa Uitkoffning tashrifi yaqinida "hech qanday to‘qnashuv yoki jarohatlar" haqida ma’lumot olmaganini bildirdi.
Ushbu tashrifning yana bir qiziq tomoni bor. Uitkoffga hamrohlik qilgan AQSHning Isroildagi elchisi Mayk Hakabi X'dagi sahifasida joriy yil may oyida AQSH va Isroil rahnamoligida ish boshlagan G‘azo gumanitar jamg‘armasi tomonidan 100 milliondan ortiq taom tarqatilganini olqishladi. Hakabi “100 mln taom tarqatildi” deb yozilgan bannerlar fonida tushgan rasmini sahifasiga joylashtirdi.
“G‘azo gumanitar jamg‘armasi har kuni 1 milliondan ortiq taom tarqatmoqda. Bu ajoyib yutuq”, deb yozdi u.
Keling, shu yerda kichik matematik hisob-kitoblarga e’tibor qaratamiz. G‘azodagi 2,1 million aholiga 100 milliondan ortiq taom tarqatilgan bo‘lsa, bu bir kishiga 47 kun davomida kuniga bitta taomdan to‘g‘ri keladi. Ushbu jamg‘arma esa 70 kundan beri faoliyat yuritmoqda.
Shu bilan birga, jamg‘arma tarqatgan taomlar G‘azo aholisining barchasiga yetib borgani ehtimoli kam. Hozircha faqat janubiy va markaziy G‘azoda uning 3 ta faol tarqatish punkti bor, bu esa BMTning oldingi ko‘plab tarqatish markazlariga nisbatan ancha kam. Bu yirik ommaviy navbatlarning paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi va BMTga ko‘ra, bunday joylarda yuzlab falastinliklar halok bo‘lgan.
BMTning falastinlik qochqinlar bo‘yicha agentligi – UNRWA rahbari Filipp Lazzarini ushbu jamg‘armaning tizimini “nuqsonli” deb atab, uni “insonparvarlik inqirozini hal qilish uchun emas, balki harbiy va siyosiy maqsadlarda ishlab chiqilgan” deb tanqid qildi. Uning ta’kidlashicha, UNRWA G‘azoga kirishni kutayotgan 6 mingta yordam yuk mashinasiga ega va ularga kirishga ruxsat berilishi kerak.
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, jamg‘arma may oyi oxirida faoliyat boshlaganidan beri 1 000 nafardan ziyod falastinlik oziq-ovqat izlayotgan paytda, ulardan yuzlab odamlar aynan ushbu jamg‘arma manzillari yaqinida, Isroil harbiylari tomonidan o‘ldirilgan. G‘azo gumanitar jamg‘armasi esa bu raqamlarni inkor qilmoqda.
Live
Barchasi