AQSH va Isroil o‘rtasidagi “nikoh” bekor bo‘lishi mumkin — Weekend

Tahlil

AQSHning Yaqin Sharqdagi “jazmani” unga tarsaki tushirdi. G‘arbiy sohilni anneksiya qilish haqidagi qonun loyihasi ikki o‘rtada tuzilgan 80 yillik “nikoh shartnomasi”ning bekor qilinishiga olib kelishi mumkin. Tramp bu haqda jiddiy ogohlantirdi.

Isroilning g‘ayriinsoniy maqsadlari chegaradan o‘tishi fonida Donald Tramp Osiyoga bir necha kunlik turne uyushtirdi va shu bahonada Qatarga yoqilg‘i quyish uchun to‘xtab, mamlakat Amiri va Bosh vaziri bilan bortda suhbat qurdi.

AQSH Rossiyani uzoq kutdi va yakunda o‘zining eng kuchli qurollaridan birini qo‘llashga majbur bo‘ldi. “Rosneft” va “Lukoyl” sanksiya ostida qoldi. Xitoy va Hindiston yangi manbalar izlashga majbur bo‘layotgani haqida xabarlar tarqalmoqda.

Trampning toshkentlik maslahatchisi, o‘zi tug‘ilib o‘sgan joyga keldi. Serjio Gor turli sarmoyalar, bitimlar va C5+1 formatidagi sammitni muhokama qilish uchun O‘zbekistonga tashrif buyurdi.

Ortda qolgan hafta davomida dunyoda ro‘y bergan muhim voqea-hodisalar tafsiloti bilan QALAMPIR.UZ’ning Weekend dasturida tanishing.

AQSH va Isroil o‘rtasidagi “nikoh” bekor qilinadimi?

AQSH va Isroil o‘rtasi yana keskinlashdi. Ikki o‘rtada qiziq va bir vaqtning o‘zida xavotirli ziddiyat yuz bermoqda. Gap shundaki,  joriy yilning 22 oktyabr kuni Isroil parlamenti bosib olingan G‘arbiy sohilni amalda anneksiya qilishga qaratilgan rasvo qonun loyihasini imi-jimida ma’qulladi. Netanyaxu rahbarlik qiladigan “Likud” partiyasi ushbu qonun loyihasini qo‘llab-quvvatlamagan bo‘lsada, Tel-Avivdagi ekstremist vazirlarning tili bir ekani shundoqqina ko‘rinib turibdi. Chunki ushbu qonun loyihasi hukumat koalitsiyasi tarkibiga kirmagan partiya deputatlari tomonidan ilgari surildi va unga 120 nafar Isroil parlamenti a’zolarining 25 nafari “ha”, 24 nafari esa “yo‘q” deb ovoz berdi. Bu esa G‘arbiy Sohilnin anneksiya qilish haqidagi qonun loyihasi dastlabki ovoz berishda ma’qullanganini anglatadi. Netanyaxu koalitsiyasidagi ba’zi aqldan ozgan a’zolar, xususan, Milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir rahbarlik qilayotgan “Yahudiy kuchi” partiyasi va Moliya vaziri Betsalel Smotrich boshchiligidagi “Diniy sionizm” fraksiyasidan bo‘lgan deputatlar ushbu qonun loyihasini qo‘llab-quvvatladi. Qonunning to‘liq kuchga kirishi uchun uzoq qonunchilik jarayoni talab etiladi.

Eng qizig‘i, bu jarayon, ya’ni Isroil qonunchiligiga ko‘ra bir qonun loyihasini amalga kiritish yo‘lidagi 4 bosqinchining dastlabkisi AQSH vitse-prezidenti Jeyms Devid Vensning Isroilga tashrifi bilan bir vaqtga to‘g‘ri keldi. Muammo shundaki, bundan roppa-rosa bir oy muqaddan AQSH Prezidenti Donald Tramp Isroilga G‘arbiy Sohilni anneksiya qilishga ruxsat bermasligini aytgandi. Chunki G‘arbiy Sohilning anneksiyasi Tramp tomonidan taqdim etilgan tinchlik rejasini bir parcha qog‘ozga aylntiradi. Bu o‘sha reja doirasida eng so‘nggi va amalga oshirilishi muhim bo‘lgan mustaqil Falastin davlatining tuzilishini rad etadi. Bu hujjat barcha xalqaro qonun va hujjatlarni sariq chaqaga ilmaydi. O‘sha sariq chaqalik qiymatga ega bo‘lmaganlar orasida esa Trampning o‘zi va so‘zi ham o‘rin oladi. Shu bois Jeyms Devid Vens 23 oktyabr kuni Isroilga kelib, mazkur qonun loyihasiga AQSHning munosabati qanday ekanini ko‘rsatdi. Agar Oq uy mulozimlari rol o‘ynamayotgan bo‘lsa, Vensning so‘zlaridan Tramp rostdan ham G‘arbiy Sohilning anneksiyasiga qat’iy qarshi ekanini anglash mumkin.

23 oktyabr kuni Isroildagi Ben Gurion aeroprtida Vashingtonga qaytishi oldidan jurnalistlarga bergan intervyusida AQSH vitse-prezidenti Jeyms Devid Vens mazkur qarorni “ahmoqona siyosiy nayrang” deb atadi.

“Men shaxsan o‘zimni haqoratlanganday his qildim. Agar bu siyosiy nayrang bo‘lgan bo‘lsa, u holda juda ahmoqona. AQSH Isroilga G‘arbiy Sohilni anneksiya qilishga yo‘l qo‘ymaydi. Biz bu ovoz berishdan mamnun emasmiz”, deydi u.

Vens bu loyiha o‘ta ahmoqona nayrangligi va AQSHga nisbatan haqoratligi haqida keskin ohangda gapirdi. Bundan tashqari, Vens ketishi bilan Davlat kotibi Marko Rubio ham darhol Isroilga bordi. Rubioning tashrifi esa Vensniki kabi kutilmagan qaror bilan yuzlashmadi. Aksincha, tashrif o‘sha rasvo qonun loyihasi ovozga qo‘yilib, birinchi bosqichdan o‘tgach, sodir bo‘ldi. Davlat kotibining tashrifi Vashington rostdan ham Isroilning bu qaroridan shokka tushganidan dalolat berayotgandek go‘yo. Bu ham yetmaganidek, AQSH Prezidenti Donald Trampning shaxsan o‘zi ham masalaga alohida e’tibor qaratmoqda. U dastlab, G‘azo sektoriga tashrif buyurish va Yaqin Sharqdagi vaziyatni hal qilishda muhim rol o‘ynaydigan “Tinchlik Kengashi”ga raislik qilish niyatini e’lon qildi. Trampning sektorga qachon tashrif buyurishi aniq emas. Ammo muhimi u bungacha Isroilga AQSH Prezidentlari tomonidan hali ochiqchasiga aytilmagan tahdid bilan yuzlandi. U “Time” jurnaliga bergan intervyusida Isroil G‘arbiy Sohilni anneksiya qilsa, AQSH yordamidan umidini uzishini bildirdi. Tramp arab mamlakatlariga bu noxush holatni oldini olish va bunga umuman yo‘l qo‘ymaslik haqida va’da bergani hamda mazkur va’dasining ustida chiqishini ta’kidladi. 

“Bu sodir bo‘lmaydi, chunki men arab mamlakatlariga va’da berganman va hozir bu sodir bo‘lishi mumkin emas. Arablar bizni faol ravishda qo‘llab-quvvatlamoqda. Agar bu sodir bo‘lsa, Isroil Qo‘shma Shtatlarning barcha qo‘llab-quvvatlashini yo‘qotadi”, degan Tramp. 

G‘arbiy Sohilni anneksiya qilish va Falastin davlatchiligining shakllanishini amalda butkul to‘xtatish rejalari kecha paydo bo‘lgan emas. Netanyaxu koalitsiyasidagi ekstremistik kayfiyatdagi aqldan ozgan a’zolar bir necha yildan buyon Isroil G‘arbiy Sohilning ayrim qismlarini rasman anneksiya qilishi kerak degan talabni ilgari suradi. Ular 1967 yilgi urushda bosqinchilik yo‘li bilan qo‘lga kiritilgan G‘arbiy Sohilni “bosib olingan” emas, shunchaki “nizoli yerlar” ustidan hukmronlikni qo‘lga kiritgan deya hisoblashadi. Biroq Birlashgan Millatlar Tashkiloti va jahon hamjamiyatining deyarli barcha a’zosi bu hududlarni bosib olingan deb biladi. BMT sudi 2024 yilda Isroilning Falastin hududlarini, jumladan, G‘arbiy Sohilni okkupatsiya qilishi va u yerda qurgan yahudiy turarjoylprt noqonuniy ekanini va ularni imkoni boricha tezroq chiqarib olishi kerakligini e’lon qilgan.

Netanyaxu hukumati esa joriy yil sentyabr oyida bir nechta G‘arb davlatlari Falastinni mustaqil davlat sifatida tan olganidan so‘ng, hududni anneksiya qilishni javob chorasi sifatida ko‘rib chiqishni boshlagan edi. Ammo AQSH Prezidenti Donald Trampning e’tirozidan keyin bu reja bekor qilingandek taassurot uyg‘otdi. Shunga qaramay, mana bugun ko‘rib turibmizki, Trampning gapi Yaqin Sharqdagi “jazmani” uchun hech qanday vaznga ega emas. Buni hatto Netanyaxuning o‘zi ham ta’kidladi. U so‘nggi voqelar fonida ochiqdan-ochiq AQSHning pozitsiyasi hech narsani hal qilmasligini ma’lum qildi. Qo‘shma Shtatlar G‘arbiy Sohilni anneksiya qilish qaroriga qarshiligi va bunga ruxsat bermasligi haqida izoh so‘ralganda Netanyaxu “Vashington doim shu gapni takrorlayverishi, ammo bu Isroil uchun hech narsani anglatmasligi hamda ular barcha qarorlarni mustaqil o‘zi qabul qilishi”ni ta’kidladi. Barcha munosabat va izohlarga tezkor reaksiya beradigan Donald Tramp esa Netanyaxuning bu “tarsaki”siga hali ham javob bergani yo‘q. AQSH va Isroil o‘rtasidagi siyosiy “nikoh” shunday kelishmovchiliklarga yuz tutmoqda. 

So‘zlashish tili o‘zgardi

Eski tos, eski hammom. Tramp va Putin o‘rtasidagi munosabatlar yana taranglashdi. Barchasi tez fursatda sodir bo‘ldi. 16 oktyabr kuni ikki davlat yetakchisi telefonda suhbatlashgandan so‘ng, Trampda Putinga moyillik yaqqol kuzatildi. Ammo Vashington Zelenskiyning Oq uyga tashrifi va Rubio hamda Lavrovning 20 oktyabrdagi suhbatidan so‘ng Rossiyaning talablari ultimatumdan boshqa narsa emasligi yana bir bora ayon bo‘ldi. Kreml Donetskni to‘liq talab qilishi har doimgidek muzokaralarga to‘siq bo‘lishda davom etmoqda. Shu bois yaqin orada o‘tishi kerak bo‘lgan Budapesht sammiti ham bekor qilinmagan bo‘lsada, noma’lum muddatga qoldirildi. 22 oktyabrda esa AQSH Rossiyani muzokaralarga majburlash uchun amaliy qadamlar tashlashga kirishdi. Rossiyaning ikki yirik neft kompaniyasi – “Rosneft” va “Lukoyl”ga qarshi sanksiyalar joriy etildi. AQSH Moliya vaziri Skott Bessent bu sanksiyalar Kreml harbiy mashinasiga qarshi qo‘llanganini ma’lum qildi. Chunki “Rosneft” va “Lukoyl” Rossiyaning Ukrainadagi bosqinini harakatlantirib turgan eng yirik kompaniyalar ekani hech kimga sir emas.

Donald Trampning o‘zi esa bu keskin chora tadbir haqida juda qisqa gapirdi va bir jumla bilan uni izohladi. AQSH yetakchisi u Rossiyani uzoq kutgani, ammo endi shunday yo‘l tutishning vaqti-soati yetganini ta’kidladi. AQSH sanksiyalari “Lukoyl” va “Rosneft”ning Rossiya hududida joylashgan filiallariga, umumiy hisobda esa 34 ta kompaniyaga ta’sir qiladi. Mazkur sanksiya doirasida unga aloqador bo‘lgan shaxs yoki kompaniyalar ulushi 50 foizdan ortiq bo‘lgan barcha yuridik shaxslar ham bloklanadi. Bu qoidalarni buzgan shaxslar u xoh AQSH fuqarolari, bo‘lsin xoh xorijliklar – ularga nisbatan fuqarolik yoki jinoiy javobgarlik choralari qo‘llanishi mumkin.

Tramp sanksiyalarning ko‘lamini “juda katta” deb baholamoqda. AQSH rahbari mazkur chora natijasi Rossiyaga qanday ta’sir qilishini bilmasada, Moskva baribir salbiy oqibatlarni his qilishiga umid bildirdi. Lekin Putin unday deb o‘ylamayapti. U sanksiyalar joriy etilganidan bir kun o‘tib, Rus geografik jamiyatining XVII qurultoyidagi matbuot anjumanida yangi sanksiyalar mamlakat iqtisodiyotining holatiga sezilarli ta’sir ko‘rsatmasligiga qolganlarni ishontirishga harakat qildi. Rossiya Prezidenti bu harakatni Rossiyaga bosim o‘tkazishga urinish deb atadi. Uning aytishicha, Rossiyaning jahon energetika muvozanatidagi hissasi juda katta. Boz ustiga Putin Rossiya va Saudiya Arabistoni ko‘proq neft va neft mahsulotlarini sotayotganini, AQSH esa ularni ko‘proq iste’mol qilayotganini alohida eslatib o‘tdi. Rossiya Prezidentining qo‘shimcha qilishicha, hozirda jahon energetika muvozanati shakllangan, uni buzish – buni amalga oshirishga urinayotgan davlatlarning manfaatiga zid. 

Shuningdek, u AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan Rossiya nefti yetkazib berish holatining jahon narxlariga, jumladan AQSHdagi narxlarga ta’siri haqida suhbatlashganini ma’lum qilgan. Ya’ni qisqa qilib aytganda, Vladimir Putin AQSHning bu harakatlari faqat o‘zi va uning G‘arbdagi qolgan sheriklariga salbiy ta’sir qilishini turli misollar bilan tushuntirishga urindi. U bu haqda oldin ham juda ko‘p gapirgan. Bundan tashqari, Rossiya Prezidenti Tramp o‘zining birinchi prezidentlik davrida Rossiyaga qarshi eng ko‘p sanksiyalar joriy etganini eslatdi. Bu bilan esa u hammasi joyida ekani, vaziyat izdan chiqib ketmaganligi, Trampning sanksiyalari yangilik emasligini uqtirmoqchi. Bundan tashqari, Putinning maxsus vakili Kirill Dmitriyev ham yaqinda bergan intervyusida Rossiya sanksiyalar ostida bo‘lishiga qaramay, mamlakat iqtisodi o‘sishdan to‘xtamayotgani, pasayish aksincha Yevropada kuzatilganiga to‘xtalib o‘tdi. U oxirgi yillarda Yevropa iqtisodi atigi 1 foiz, Rossiyaniki esa 4 foizdan ko‘proqqa yuqorilaganini ma’lum qildi.

Rasmiy manbalarga nazar tashlaydigan bo‘lsak, u haq ekaniga amin bo‘lamiz.

Lekin Donald Tramp baribir bu galgi sanksiyalar o‘z ta’sirini o‘tkazishga qattiq ishonmoqda. U Putinning “sanksiyalar Rossiyaga jiddiy zarar yetkazmaydi”, degan gapiga javoban, “6 oydan keyin ko‘ramiz”, deb mavzuga nuqta qo‘ydi. Oradan ko‘p o‘tmay Trampning mazkur qadami o‘zini oqlashni boshladi. Xitoy va Hindiston taraflarda katta qo‘zg‘alish ko‘zga tashlandi. “Reuters” Xitoyning yirik davlat kompaniyalari AQSH sanksiyalari qo‘llanganidan keyin dengiz orqali Rossiya neftini xarid qilishni to‘xtatgani haqida xabar berdi. Manbalarga ko‘ra, PetroChina, Sinopec, China National Offshore Oil Corporation (CNOOC)  va Zhenhua Oil neft kompaniyalari sanksiyalar yuzasidan xavotirlar tufayli hech bo‘lmaganda qisqa muddatda Rossiya neftini dengiz orqali tashishdan bosh tortgan.

Qayd etilishicha, Xitoy kuniga taxminan 1,4 million barrel Rossiya neftini dengiz orqali import qiladi, buning asosiy qismi mustaqil neftni qayta ishlash zavodlari, jumladan kichik operatorlar tomonidan sotib olinadi. Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra esa, Sinopec’ning savdo bo‘limi bo‘lgan Unipec o‘tgan hafta Buyuk Britaniyaning “Rosneft”, “Lukoyl”, “soya floti kemalari” va Xitoy kompaniyalariga qarshi sanksiyalar joriy etilganidan keyin Rossiya neftini xarid qilishni allaqachon to‘xtatgan. Shuningdek, mustaqil xitoylik neftni qayta ishlovchi korxonalar sanksiyalar ta’sirini baholash uchun xaridlarni to‘xtatib qo‘yishi mumkin, biroq bir qancha treyderlarning fikricha, ular hali ham Rossiyadan yetkazib berishni davom ettirishga intiladi.
Hozirgi sharoitda esa kuniga qariyb 900 ming barrel Rossiya nefti Xitoyga quvurlar orqali yetkaziladi, bularning barchasi PetroChina ulushiga to‘g‘ri keladi. “Reuters”ga ko‘ra, AQSH sanksiyalari shu PetroChina’ga qisman ta’sir qiladi. Ushbu jiddiy vaziyatda Rossiya uchun eng noxush kutilmalardan biri shundaki, Xitoy va Hindiston boshqa manbalarga o‘tishi mumkin. Chunki AQSH sanksiyalaridan ko‘p o‘tmay, Hindiston davlat neftni qayta ishlash zavodlari ham Rossiya bilan neft savdosiga oid hujjatlarni ko‘rib chiqishni boshlagani aytilmoqda. Shu tariqa Trampning yangi cheklovi Kreml uchun ancha noxush oqibatlarni keltirib chiqarish ehtimoli juda yuqori. Hali oldinda Tomahawk masalasi ham ochiq turibdi. Donald Tramp Moskva va Rossiyaning boshqa yirik shaharlariga yetib bora oladigan mazkur raketalarni Ukrainaga topshirmayman, demadi. U Zelenskiyni so‘nggi bor Oq uyda qarshi olganida “Rossiyani raketalarsiz to‘xtatishga umid qilaman”, degan mazmunda signal bergandi. Mana bir necha kun o‘tib, raketalarsiz dastlabki qadam jiddiy sanksiyalar bo‘lib chiqdi. Agar bu ham kutilganidek ish bermagan taqdirda juda yomon va noxush ssenariylar hali oldinda ekani ko‘rinib turibdi. Shunday ekan, sanksiyadan keyin navbat Moskvaning nishonga olinishi bo‘lishi hech gap emas.

Trampning toshkentlik maslahatchisi “ona shahri”da

Tramp ma’muriyati haqida gap ketganda, ko‘pchilikning ko‘z o‘ngida jurnalistlar va milliarderlar gavdalanadi. Ha, ayni paytdagi AQSH ma’muriyatining tarkibi shunday. Ammo O‘zbekiston uchun bu ma’muriyatda eng er’tiborga molik jihat shuki, unda Toshkentda tug‘ilgan va keyinchalik AQSHga ko‘chib ketgan Serjio Gor ismli muhim shaxs bor. Gor Tramp atrofida yig‘ilgan yuqori lavozimli shaxslar ichida yaxshigina vaznga ega. U hatto dunyoning eng boy odami Ilon Mask bilan ham tortishgan, degan gaplar chiqqani buning yaqqol misolidir. Oq uydan haydalgan Mask joriy yil yozida Gorga “ilon” deb ta’rif bergandi. Xullas, shu inson 25 oktyabr kuni O‘zbekistonga, o‘zi tug‘ilgan joyga tashrif buyurdi. AQSHning Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili, elchi Serjio Gor Toshkentga AQSH Davlat kotibi o‘rinbosari Kristofer Landau bilan keldi. 

Uning tashrifidan ko‘zlangan maqsad bugun AQSH, ayniqsa Donald Tramp juda ko‘p xohlayotgan muhim minerallar va energetika sohasidagi savdo-sotiq hamda sarmoyalar, shuningdek, C5+1 mintaqaviy hamkorlik masalalarini muhokama qilishdir. Ular va O‘zbekiston rasmiylari o‘rtasida 25 oktyabr kuni AQSH kompaniyalari bilan munosabatlarni yuqori darajaga olib chiqishning ko‘plab imkoniyatlari haqida samarali suhbat bo‘lib o‘tgani aytilmoqda. O‘z o‘rnida, Sergjio Go‘r Toshkentda vaqtini ancha mazmunli o‘tkazmoqda. Xususan, u 26 oktyabr kuni O‘zbekistonning boy tarixi va madaniyati bilan tanishgan. AQSHning O‘zbekistondagi elchixonasi e’lon qilgan rasmlardan ular Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi va “Chorsu” bozoriga borganini ko‘rish mumkin. AQSH delegatsiyasiga O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov va AQSHning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Jonatan Henik hamrohlik qilgan.

Ma’lumot uchun, Serjio Gor 1986 yil 30 noyabrda Toshkentda tug‘ilgan va keyinchalik AQSHda ta’lim olgan. Bu ma’lumotlar bugungacha faqat maxfiy insaydlar bilan shug‘ullanuvchi jurnallardagina bor edi. Ammo bir necha oy oldin Gorning Toshkentda tug‘ilgani to‘g‘risidagi ma’lumotning sirliligi qolmadi. U siyosiy faoliyatini respublikachilar partiyasida olib borgan, Donald Tramp jamoasida turli lavozimlarda ishlagan va uning eng yaqin hamkorlaridan biri sifatida tanilgan. Gor Oq uyda Prezident Kadrlar boshqarmasi direktori sifatida faoliyat yuritgan, shuningdek, siyosiy kampaniyalarda ham juda muhim rolda qatnashgan. 2025 yil 22 avgust kuni Donald Tramp uni Hindistondagi elchi lavozimiga nomzod qilib ko‘rsatgan.

Hozirda u Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakil sifatida faoliyat olib bormoqda. 

Markaziy Osiyoga tashrif doirasida Serjio Gor Qozog‘istonga ham kirib o‘tishi e’lon qilingan. Uning mintaqadagi kichik turnesi 30 oktyabrga qadar davom etadi. Yuqorida qayd etilgan tashrif maqsadlari qatorida C5+1 formati bo‘yicha kelgusidagi rejalarni muhoka qilish ham mavjudligi alohida e’tiborni tortmoqda. Ya’ni, bir necha kun oldin AQSH kongressmenlari Trampni MO davlatlari bilan 2015 yilda tashkil topgan C5+1 modelidagi sammitning yubileyini tashkil qilishga chaqirgandi. O‘shandan kelib chiqib, asli toshkentlik bo‘lgan Gor aynan shu masalalarni muhokama qilish uchun Markaziy Osiyoda, xususan O‘zbekistonda bo‘lib turibdi, deyish mumkin. Shu o‘rinda Serjio Gor va O‘zbekiston o‘rtasidagi aloqalar ancha yaxshi ekanini ham urg‘ulash lozim. Chunki joriy yil sentyabrda BMTning 80-yubiley sesssiyasi doirasida Shavkat Mirziyoyevning Donald Tramp bilan uchrashuvi hamda undan oldin imzolangan 105 milliard dollarlik bitimda Serjio Gor asosiy rollarda edi.

Tramp Osiyoga katta turne uyushtirdi

AQSH Prezidenti Donald Tramp 25 oktyabr kuni  2-prezidenlik muddati boshlanganidan keyingi birinchi Osiyo safarini boshladi. U ushbu safar davomida Malayziya, Yaponiya va Janubiy Koreyaga borib, mintaqa davlatlari rahbarlari, xususan, Xitoy Raisi Si Szinpin bilan ham uchrashadi. Uzoq yo‘lga otlangan Tramp AQSHning Qatardagi Al-Udayd harbiy bazasida to‘xtab, samolyotiga yoqilg‘i quydi va shu yerda – samolyot bortida Qatar Amiri Tamim bin Hamad Ol Soniy va Bosh vazir shayx Muhammad bin Abdurahmon bin Josim Ol Soniy bilan uchrashdi. 

Suhbatning matbuot uchun ochiq qismida bir biriga minnatdorlik bildirgan yetakchilar nega bunday tig‘iz kun tartibida uchrashuv o‘tkazgani qiziq. Oldinroq AQSH vitse-prezidenti va Davlat kotibi Isroilga kelib ketgani haqida aytgan edik. Samolyotdagi uchrashuv esa shundan so‘ng bo‘lib o‘tmoqda.

Mutaxassislarning fikricha, G‘azo bo‘yicha kelishuvning bir necha jihatlari – jumladan, Vashingtonning HAMAS qurolsizlanishi haqidagi talablari va G‘azoga xalqaro xavfsizlik kuchlarini joylashtirish masalasi – hali noaniqligicha qolmoqda. Amir bilan uchrashuvdan so‘ng Tramp Qatar va boshqa mamlakatlar harbiylari G‘azo uchun mo‘ljallanayotgan “xalqaro barqarorlashtirish kuchlari” tarkibida bo‘lishi mumkinligini aytdi.

“Bizda 59 ta mamlakat bor. Juda ko‘p davlatlar bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlamoqda. Bu uzoq muddatli tinchlik bo‘lishi kerak”, dedi u.

Shundan so‘ng Tramp Malayziyaga uchib ketdi. Uni Kuala-Lumpurda tantanali tarzda kutib olishdi. Rasmiy kutib olish marosimida AQSH Prezidentining raqsga tushgani esa ko‘pchilikni lol qoldirdi. Balki bu Trampning o‘zini oldinda kutayotgan yutuqdan xursandchiligidir. ASIAN sammitida qatnashish uchun Kuala-Lumpurga borgan Tramp shu yerda joriy yil yozda 5 kun davomida urushgan Tailand va Kamboja o‘rtasidagi rasmiy tinchlik bitimi imzolanishida qatnashdi. Ikki davlat Bosh vazirlari Tramp va mezbon Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohim guvohligida hujjatga imzo chekdi. 

Marosimda so‘zga chiqar ekan Tramp o‘zining tinchlik bitimlariga vositachilik qilish qobiliyatini yuqori baholadi. AQSH Prezidenti Tailand va Kamboja o‘rtasidagi mojaro “u aralashgan dastlabki urushlardan biri” bo‘lganini esladi.

“Men buni qilishni yaxshi ko‘raman. Menga yoqadi... go‘yo men buni sevimli mashg‘ulot deb aytmasligim kerak, chunki bu sevimli mashg‘ulotdan ancha jiddiyroq, lekin men yaxshi biladigan va men buni qilishni yaxshi ko‘radigan narsa. Birlashgan Millatlar Tashkiloti buni qilishi kerak, lekin ular buni qilmaydi”, dedi Tramp o‘z nutqida.

Iyul oyida Tailand va Kamboja o‘rtasida boshlangan halokatli chegara mojarosi Trampning tugatganini da’vo qilayotgan ko‘plab “tugamagan urushlar” qatoriga kiradi. Malayziyada dastlabki sulh 28 iyul kuni AQSH Prezidenti ikkala tomon rahbarlari bilan qo‘ng‘iroq qilib, agar mojaro davom etsa, ikkalasi bilan ham savdo bitimlarini tuzmasligi haqida ogohlantirgandan so‘ng imzolandi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Rossiya Shavkat Mirziyoev Evropa Buyuk Britaniya Vladimir Putin Donal'd Tramp neft' Xitoy Hindiston Janubiy Koreya Yaponiya Lukoyl Yaqin Sharq Malayziya Qatar Baxtiyor Saidov Zelenskiy Markaziy Osiyo Isroil Tailand Oq uy C5+1 Osiyo Netan'yaxu G'azo HAMAS Saudiya Arabiston Tamim bin Hamad Ol Soniy “Chorsu” G'arbiy Sohil Jonatan Henik Serjio Gor Rosneft' Kamboja Tinchlik Kengashi CNOOC Zhenhua Oil Unipec PetroChina ASIAN

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing