Tailandga borayotgan sayyohlar ogohlantirildi
Olam
−
02 iyun 3747 2 daqiqa
Tailand hukumati mahalliy aholi va turistlarni yomg‘irlar mavsumida xavfli kasalliklar avj olishi xavfidan ogohlantirdi. Xususan, Denge bezgagi, Zika virusi va chikungunya bilan kasallanish holatlari ko‘payishi mumkin. Bu haqda Tailand Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, may oyining oxiridan oktyabr oyining o‘rtalarigacha davom etadigan yomg‘irlar mavsumida mamlakatda an’anaviy tarzda qator xavfli kasalliklar tarqalishi xavfi ortadi. Bunda asosiy e’tibor denge bezgagi, chikungunya, Zika virusi va chivinlar orqali yuqadigan boshqa infeksiyalarga qaratilmoqda.
Bundan tashqari, yomg‘irlar mavsumida nafas yo‘llari kasalliklari, jumladan, gripp, pnevmoniya (zotiljam), RSV (respirator-sinsitial virus) va COVID-19 tez-tez tarqaladi. Hukumat profilaktika choralariga rioya qilishni, qo‘llarni tez-tez yuvishni, odamlar gavjum joylarda niqoblardan foydalanishni va kasallanganlar bilan muloqotdan saqlanishni tavsiya etadi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi, shuningdek, turistlar va aholini quyidagilarga chaqirgan:
- chivin chaqishidan himoyalanish;
- suv bosgan joylarda yalangoyoq yurmaslik;
- momaqaldiroq va kuchli yomg‘irlar vaqtida ehtiyotkorlik choralarini ko‘rish.
Vazirlikning ma’lum qilishicha, butun yomg‘irlar mavsumi davomida mamlakatda yuqumli kasalliklar avj olishi mumkin bo‘lgan holatlarga tezkor chora ko‘rishga tayyor bo‘lgan tibbiy tezkor harakat guruhlari faoliyat olib boradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq iqlim o‘zgarishi tufayli chikungunya virusining tarqalish maydoni sezilarli darajada kengayib, XXI asr oxiriga borib Yevropa, Shimoliy Amerika va Sharqiy Osiyoning mo‘’tadil mintaqalariga yetib borishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi.
Live
BarchasiPashinyanning qushi uchmadi
03 iyun