Voyaga yetmaganlar eng ko‘p jinoyat sodir etgan hudud ma’lum qilindi
Jamiyat
−
28 iyul 2023
11589Farg‘onada voyaga yetmaganlar sodir etgan og‘ir jinoyatlarning 20 foizi va o‘ta og‘ir jinoyatlarning 43 foizi Qo‘qon shahriga to‘g‘ri keladi. Bu haqda bugun, 28 iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida Farg‘onada bo‘lib o‘tayotgan Ichki ishlar vazirligining kengaytirilgan hay’at yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Prezident ishtirokidagi ushbu yig‘ilishda jinoyat qilgan shaxslarning har uchinchisini yoshlar tashkil qilayotgani aytib o‘tilgan. Ular tomonidan sodir etilgan jinoyatlarning 32 foizi o‘g‘rilik va firibgarlik hisoblanadi.
Ushbu toifadagi jinoyatlarning eng ko‘pi Toshkent shahri va Farg‘ona viloyatida qayd etilgan.
Yoshlar jinoyatining har yettinchisi guruh tarkibida sodir qilingan bo‘lib, 1 ming 100 nafar yoshlar takroran jinoyatga qo‘l urgan.
“E’tibor bering, yoshlar jinoyatchiligining katta qismi nazoratsiz qolgan voyaga yetmaganlar tomonidan sodir qilinmoqda. Eng achinarlisi, voyaga yetmaganlar ichida o‘ta og‘ir jinoyat sodir etganlari ham bor”, deydi davlat rahbari.
Bu borada viloyatda ham, respublikada ham eng yomon ahvol Qo‘qon shahrida ekani ko‘rsatib o‘tilgan.
“Viloyatda voyaga yetmaganlar sodir etgan og‘ir jinoyatlarning 20 foizi va o‘ta og‘ir jinoyatlarning 43 foizi aynan Qo‘qon shahriga to‘g‘ri kelgan. Achinarlisi, 47 nafar maktab va 18 nafar kollej o‘quvchilari jinoyatga qo‘l urgan”, deyiladi xabarda.
Bu butun respublika bo‘yicha eng yomon ko‘rsatkich hisoblanadi.
LiveBarchasi