Voyaga yetmagan qiz 11 erkak tomonidan zo‘rlangani rost. Bosh prokuratura “tilga kirdi”

3-sahifa

image
0:00
0:00
download

Xorazm viloyatining Yangiariq tumanida 2022 yil avgust oyida 11 erkak 2006 yilda tug‘ilgan, voyaga yetmagan qizni zo‘rlagan bo‘lishi mumkinligi haqida xabar bergan edik. Bosh prokuratura ushbu holat bo‘yicha tergov davomida 8 nafar shaxs gumonlanuvchi, 3 nafar shaxs ayblanuvchi tariqasida ishga jalb qilinganini ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, Xorazm viloyati Ichki ishlar boshqarmasi huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan ushbu holat bilan bog‘liq jinoyat ishi yuzasidan avvaldan tergov harakatlari olib borilmoqda. 

3 nafar ayblanuvchiga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Shuningdek, jinoyat ishi doirasida bir qator murakkab ekspertizalar o‘tkazish jarayoni ketmoqda va holatga aloqador shaxslar batafsil so‘roq qilinmoqda.  

Barcha zarur tergov harakatlari o‘tkazilganidan so‘ng ish bo‘yicha qonuniy to‘xtamga kelinadi. Tergov jarayoni Bosh prokuratura tomonidan nazoratga olingan.

Pedofil amaldorlar qissasi

Eslatib o‘tamiz, kuni kecha Xorazmda viloyat Adliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan Aybek Masharipov va Yangiariq tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlagan Anvar Quryazov viloyat Xalq ta’lim boshqarmasiga qarashli Urganch shahridagi 1-sonli oilaviy bolalar uyi rahbari Yu.X. bilan til biriktirib, Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilarini muntazam ravishda zo‘rlab kelgan. 

Holat Jinoyat ishlari bo‘yicha Xiva tuman sudida ko‘rib chiqilib, 2022 yil 6 sentyabrda hukm e’lon qilingan.

Unga ko‘ra, 1979 yilda Urganch shahrida tug‘ilgan, Xorazm viloyati Xalq ta’lim boshqarmasiga qarashli Urganch shahridagi 1-sonli oilaviy bolalar uyi rahbari bo‘lgan Yu.X. Jinoyat kodeksining 135-moddasi (odam savdosi) 3-qismi “a” bandi, 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 2-qismi “g” bandi va 209-moddasi (mansab soxtakorligi) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topilib, 1 yilga muayyan huquqdan, ya’ni davlat ishtirokidagi korxona, tashkilot, muassasalarda mansabdorlik va moddiy javobgarlik bilan bog‘liq vazifalarda ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 5 yilu 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

1979 yilda Nukus shahrida tug‘ilgan, Xorazm viloyati Adliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan A.M. (Aybek Masharipov) va 1984 yilda Yangiariq tumanida tug‘ilgan, Yangiariq tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlagan A.Q. (Anvar Quryazov) Jinoyat kodeksining 128-moddasi (o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish) 1-qismi va Jinoyat kodeksining eski tahrirdagi 128-1-moddasi (o‘n olti yoshdan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan shaxs bilan moddiy qimmatliklar berish yoxud mulkiy manfaatdor etish orqali jinsiy aloqa qilish)da nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topilib, ularning har biriga 1 yilu 6 oydan ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

A.M. va A.Q.ning himoyachisi hamda Yu.X. tomonidan kiritilgan apellyatsiya shikoyatlariga asosan ushbu jinoyat ishi apellyatsiya tartibida ko‘rib chiqilib, Xorazm viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining 2022 yil 27 dekabrdagi ajrimiga ko‘ra, jinoyat ishlari bo‘yicha Xiva tuman sudining 2022 yil 6 sentyabrdagi hukmi bilan sudlanuvchilarga nisbatan tayinlangan jazo o‘zgarishsiz qoldirilgan.

Keyinchalik Adliya vazirligi holatga munosabat bildirib, xodimning  ishdan olingani, endilikda vazirlikka aloqasi yo‘q ekanini ma’lum qildi. FVV ham o‘z xodimi o‘tgan yili tergov ishlari olib borilayotgan vaqtda egallab turgan lavozimidan ozod etilganini aytib chiqdi.

O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari o‘rinbosari Komil Allamjonov pedofillarga nisbatan kimyoviy kastratsiya jazosini qo‘llash vaqti kelgani haqida ma’lum qildi. Prezident Administratsiyasi Ijro etuvchi apparatining Kommunikatsiyalar va axborot siyosati bo‘yicha sho‘ba mudiri Saida Mirziyoyeva ushbu holatni “xavotirli” deb atab, Bosh prokuratura sinchkovlik bilan tekshiruv o‘tkazishi kerakligini ta’kidladi.

Bosh prokuratura tomonidan Xorazm viloyatidagi holat bilan bog‘liq jinoyat ishi bo‘yicha chiqarilgan sud hukmi va appelyatsiya instansiyasining ajrimlari qonuniyligi o‘rganilgan.  

29 mart kuni sudlangan A.Masharipov va A.Kuryazovlarga yengil jazo tayinlangani va boshqa holatlar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati kassatsiya instansiyasi sudiga protest keltirilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Xorazm Bosh prokuratura pedofil tergov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing