Volgogradda tang ahvolda qolgan 100 ga yaqin talaba Shavkat Mirziyoyevdan yordam so‘rayapti
Jamiyat
−
28 iyul 2020
9961Koronavirus pandemiyasi sabab xalqaro aviaqatnovlar to‘xtatilgach, Rossiyaning Volgograd shahrida qolib ketgan 100 ga yaqin o‘zbekistonlik talaba O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevdan yordam so‘rab murojaat yo‘lladi.
Talabalarning QALAMPIR.UZ`ga yo‘llagan murojaatida ularning moliyaviy ahvoli ham yomonlashib borayotgani aytiladi. O‘zbekistonlik yoshlar shu sababdan davlat rahbaridan charter reys tashkil qilishni iltimos qilgan.
“Hurmatli Shavkat Miromonovich Mirziyoyev biz Volgograd davlat agrar universitetida o‘quvchi O‘zbekiston yoshlari nomidan (murojaat qilyapmiz – tahri.). Bu yerda O‘zbekiston Respublikasidan kelgan 100 ga yaqin talabalar og‘ir ahvolda qolmoqda.
Xabarimiz bor, O‘zbekistonda vaziyat og‘irlashib bormoqda. Lekin bizning moliyaviy ahvolimiz ham keskinlashib ketyapti. Shuni hisobga olib, bizga charter reys qo‘yib berishingizni iltimos qilamiz. Bu masalani amaliy ko‘rib chiqishingizni so‘raymiz”, deyiladi murojaatda.
Avvalroq, Ukrainaning Dnepr shahrida qolib ketgan o‘zbekistonlik talabalar ham Prezidentdan yordam so‘rab murojaat yo‘llagandi.
Shundan so‘ng, Transport vazirligi Rossiya, Ukraina va Misrga o‘zbekistonlik talabalarni olib kelish uchun charter reys qo‘yish rejalashtirilayotganini ma’lum qilgandi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonga Koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasi qarori bilan xorijdagi fuqarolarni qaytarish uchun charter reyslar yo‘lga qo‘yilyapti.
Bugungacha “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK va xorijiy aviakompaniyalar orqali 170 dan ortiq charter reys amalga oshirildi. Ularda 32 mingdan ortiq fuqaro xorijdan olib kelindi. Rossiyadan 2184 nafar fuqaro temir yo‘l orqali, shuningdek, O‘zbekiston chegarasiga to‘plangan 51 mingdan ortiq fuqaro avtobus orqali Vatanga qaytarilgan. Rossiyada tahlis oluvchi o‘zbekistonlik talabalar ko‘pligi bois ular uchun alohida reyslar tashkil qilinib, 4 mingdan ortiq fuqaro olib kelingan. Ular karantin zonasiga joylashtirilib, 14 kundan so‘ng uyiga ketgan.
Charter reyslarning asosiy qismi Rossiya shaharlariga amalga oshirilgan. Bundan tashqari, Turkiya, Janubiy Koreya, BAA, Hindiston, Belarus, Isroil, Germaniya, AQSH, Latviya va boshqa davlatlarga charter reyslar yo‘lga qo‘yildi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Ukrainaga bir marotaba charter reys amalga oshirilgan.
LiveBarchasi