“Virusni o‘zingiz yaratgansiz”. Eron AQSHning yordam berish haqidagi taklifini rad etdi
Olam
−
22 mart 2020
40658Eron Islom Respublikasining oliy rahbari Oyatullo Ali Homanaiy AQSHning Eronga koronavirus bilan kurashish uchun dori-darmon yetkazib berish borasidagi taklifini rad etdi. Bu haqda bugun, 22 mart kuni Eronning "MEHR" agentligi xabar berdi.
"Bu juda g‘alati taklif. Birinchidan, sizda dori-darmonlar yetishmaydi. Agar tibbiy buyumlaringiz ko‘p bo‘lsa, undan o‘zingiz foydalaning. Siz, amerikaliklar, virusni o‘zingiz yaratganlikda ayblanyapsiz. Sizga ishonib bo‘lmaydi. Agar siz Eronga yetkazgan yordam aslida virusni yana ham keng tarqalishiga sabab bo‘lsa nima bo‘ladi?", deydi Ali Homanaiy.
Oliy rahbarning ta’kidlashicha, virusga qarshi turishda Eron o‘z tajribasidan foydalanadi.
"Bizning 40 yillik tajribamiz shuni ko‘rsatadiki, Eron har qanday qiyinchilik va muammolarga qarshi kurashishga qodir", deydi oliy rahbar.
Ma’lumot uchun, hozirgacha Eronda 20 610 kishi koronavirus bilan kasallangani qayd qilingan. Ushbu virus sabab vafot etganlar soni 1556 nafarni tashkil qilib turibdi.
LiveBarchasi