Virus chegaralarni kesib o‘tdi. U dunyo turizmiga qanday ta’sir qiladi?

Olam

image

Dunyoga iqtisodiy, savdo-investitsiyaviy quloch yozgan Xitoydan endi jahon xalqlari qo‘rqmoqda. Mamlakatda turistlar oqimi tushib ketdi. Qo‘shnilar eshiklarini yopdi. Aviatashuvlar to‘xtatildi. Xitoy sayyohlarning chet elga chiqishini rasmiy ravishda taqiqlab qo‘ydi. 

Hammasi koronavirus haqida

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, dunyo bo‘yicha 18 mingga yaqin kishida kasallik holati tasdiqlangan. Virusning tarqalish geografiyasi har kuni o‘sib bormoqda – Yaponiyadan torib, Buyuk Britaniyagacha.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti koronavirusning tarqalishini xalqaro favqulodda holat deb tan oldi. Bu haqda JSST Bosh direktori Tyedros Adan Gebreisus ma’lum qildi. Ayni vaqtda Xitoyda infeksiya darajasi juda yuqori deb taxmin qilinmoqda.

Reyslarning qoldirilishiga nazar solinadigan bo‘lsa, yaqin orada chet elliklar Xitoyga, xitoylik sayohatchilar boshqa mamlakatlarga bora olmaydi.

Na poyezd, na samolyotlar bor

“Agar koronavirusga iqtisodiy tomondan e’tibor beriladigan bo‘lsa, bu turizm, ko‘ngilochar sanoat va umumiy ovqatlanish sohasiga katta zarar keltiradi”, deydi K&P Global Reytings tahlil agentligi ekspertlari.

“Iste’molchilar kasallik xavfini kamaytirish uchun jamoat joylaridan qochishadi. Sayohat cheklovlari tufayli bu ta’sir kuchayishi mumkin. Ovqatlanish, ko‘ngil ochish va sayyohlik bozorida pasayish yuzaga keladi. Chunki turizm bozorida zaruriy narsalar emas, balki qimmat mahsulotlar taklif qilinadi”, deya izoh beradi agentlik mutaxassisi.

“Reuters”da e’lon qilingan maqolaga ko‘ra, koronavirus aviatsiya sanoatiga zarba beradi. Xitoy aviatsiyasi Shimoliy Amerika tashuvchilariga daromadning 2-6 foizini boy beradi. 

Xitoyda aviachiptalarga talab kamaymoqda. Aviakompaniyalar Xitoyga parvozlarni bekor qiladi yoki kamaytiradi. Misol uchun, American Airlines, Air France, Air Tanzania, Air Canada, Cathay Pacific, United Airlines, Ural Airlines aviakompaniyalari Xitoyga parvozlarning bir qismini to‘xtatdi.

Air Seul, Asiana Airlines, Jetstar Airways, Jeju Air va Jin Air, Lion Air, Finnair, Air Macau, British Airways, Lufthansa Xitoyga parvozlarni butunlay rad etdi. Bular hali ro‘yxatning tugallangani emas, u kun sayin ortib bormoqda.

Mustaqil iqtisodchi Leonid Xazanovning so‘zlariga ko‘ra, koronavirus Xitoy iqtisodiyotiga ham, Xitoy bilan bog‘liq davlatlar iqtisodiyotiga ham ta’sir qiladi. 

“Birinchidan, xizmat ko‘rsatish sohasi zarar ko‘radi, chunki butun dunyodan keladigan sayohatchilar Xitoyga borishdan qo‘rqishadi. Bu asosan Pekinga tegishli. U nafaqat siyosiy, balki “Osmon imperiyasi”ning sayyohlik markazi: taqiqlangan shahar va unda joylashgan boshqa diqqatga sazovor joylar chet eldan juda ko‘p mehmonlarni jalb qiladi”, deydi mutaxassis.

O‘tgan yili xitoylik sayohatchilar chet elga 170 million marta sayohat qilgan. Xitoyning eng yirik sayyohlik agentligi “Ctrip”ning ma’lumotlariga ko‘ra, xitoyliklar orasida Tailand, Janubiy Koreya, Yaponiya, Indoneziya, AQSH, Malayziya, Vetnam, Filippin, Singapur va Maldiv eng mashhur 10 ta maskan bo‘lgan. 

27 yanvardan boshlab Xitoy sayyohlarning chet elga chiqishini rasmiy ravishda taqiqlab qo‘ydi. Chexiya, Vetnam, Mozambik, Qozog‘iston, Filippin xitoyliklarga viza berishni kuchli nazorat ostiga oldi yoki butunlay bekor qildi. Mo‘g‘uliston rasmiylari koronavirus tarqalish xavfi tufayli birinchi bo‘lib Xitoy bilan chegarani yopdi.

“Oltin” sayyohlar

Rossiya, xitoylikga viza berishni to‘xtatdi va chegarani qisman yopdi. 31 yanvardan boshlab 16 ta nazorat-o‘tkazish punkti orqali transport harakati cheklangan. Rossiya Federatsiyasi va XXR o‘rtasidagi temir yo‘l aloqasi faqat Pekin-Moskva va Moskva-Pekin yo‘nalishlarida saqlanib qoldi. Mahalliy turoperatorlar O‘rta Qirollikdan uyushgan sayyohlik guruhlarini qabul qilishni va Xitoyga chiptalarni sotishni to‘xtatdi.

Virusni XXRning tashqarisida Tailand, Yaponiya, AQSH, Kanada, Fransiya va Avstraliyada ham yuqtirish holatlari qayd etilgan.

FSB chegara xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yilning to‘qqiz oyida Rossiyadan Xitoyga 1,3 million sayyoh tashrif buyurgan. Va bu 2018 yilning shu davridan deyarli chorakka ko‘proq.


Maqola muallifi

Teglar

koronavirus dunyo turizmi

Baholaganlar

237

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing