Vinisius uchun yil erta yakunlandi
Sport
−
25 noyabr
2865“Real Madrid”ning braziliyalik hujumchisi Vinisius Junior Ispaniya chempionatining 14-turidan o‘rin olgan “Leganes”ga qarshi o‘yinda jarohat olib, safdan chiqdi. Bu haqda Madrid klubi matbuot xizmati xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, Vinisius joriy yil boshqa maydonga tusha olmaydi. Oxirgi tur o‘yinida 24 yoshli futbolchi chap oyog‘idan jarohat olgan. Vinisius qirollik klubining Yevropa Chempionlar ligasining hafta o‘rtasida “Liverpul”ga qarshi o‘yinini o‘tkazib yuboradi. La Ligada esa “Xetafe”, “Atletik”, “Jirona” va “Rayo Valekano” bilan bahslarda ham maydonga tushmaydi. Shuningdek, 10 dekabr kuni bo‘lib o‘tadigan YeCHL doirasidagi “Atalanta” bilan bahsda ham jamoadoshlariga yordam bera olmaydi.
Umumiy hisobda braziliyalik futbolchi qaymoqranglilarning 6 ta o‘yinida qatnashmaydi. U katta ehtimol bilan 18 dekabr kuni o‘tkaziladigan Qit’alararo kubok finalida maydonga tushishi mumkin.
Joriy mavsum Vini Junior “Real” safida 18 ta bahsda ishtirok etib, 12 ta gol urdi va 8 ta golli uzatmani amalga oshirdi. “Transfermarkt”ga ko‘ra, Junior dunyoning eng qimmat futbolchilaridan biri hisoblanib, uning qiymati 200 million yevroni tashkil etadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq mashhur karikaturachi Hamid Sahari Vinisius haqida yangi ijodiy ish tayyorlab, o‘z animatsion videosida o‘zbekistonlik xonandaning qo‘shig‘idan foydalangani xabar qilingandi.
LiveBarchasi