Vini “Real” bilan shartnomani uzaytirish uchun qancha so‘rayotgani ma’lum bo‘ldi

Sport

image

“Real Madrid” hujumchisi Vinisius Junior klub bilan yangi shartnoma imzolash uchun 80 million yevro maosh talab qilmoqda. Bu haqda jurnalist Pepe Alvares ma’lum qildi.

Manbaga ko‘ra, 26 yoshli braziliyalik futbolchi, shuningdek, o‘zining tijorat va tasvir huquqlari bo‘yicha ulushini ham oshirishni istamoqda. Hozirda “Real Madrid” futbolchining tasvir huquqlarining 50 foiziga egalik qiladi.

Vinisius esa bu ko‘rsatkichni 80 foizgacha o‘z foydasiga o‘zgartirishni talab qilmoqda.
Xabarda aytilishicha, “Real Madrid”ning yangi bosh murabbiyi Joze Mourinyu braziliyalik hujumchini jamoa uchun almashtirib bo‘lmaydigan futbolchi deb hisoblamaydi. Klub rahbariyati uni sotishni rejalashtirmayotgan bo‘lsa-da, boshqa jamoalardan jiddiy taklif tushsa, ularni ko‘rib chiqishga tayyor.

O‘tgan mavsumda Vinisius “Real Madrid” safida barcha musobaqalarda 53 ta uchrashuvda maydonga tushib, 22 ta gol urgan.

Ma’lumot uchun, braziliyalik futbolchi 2018 yil yozidan buyon “Real Madrid” sharafini himoya qilib kelmoqda. Uning amaldagi shartnomasi 2027 yilning yoziga qadar mo‘ljallangan. “Qirollik klubi” safida Vinisius uch marta Ispaniya chempionligini qo‘lga kiritgan hamda ikki marta UEFA Chempionlar ligasi g‘olibi bo‘lgan. Shuningdek, u 2024 yilda FIFA tomonidan “Yilning eng yaxshi futbolchisi” deb e’tirof etilgan.
 


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing