Viktoriya Nuland iste’foga chiqdi
Olam
−
05 mart
6872AQSH Davlat kotibining siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Viktoriya Nuland lavozimini tark etadi. Bu haqda Davlat kotibi Entoni Blinken ma’lum qildi.
Nuland iste’foga chiqish qarorini o‘zi qabul qilgan. Uning bunday qarorga kelishiga nima sabab bo‘lgani ochiqlanmagan.
“U Prezident Baydenning diplomatiyani tashqi siyosatimiz markaziga qaytarish hamda mamlakatimiz va butun dunyo uchun muhim davrda Amerikaning global yetakchiligini yangilash majburiyatini o‘zida mujassam etdi. Viktoriyaning faoliyati olti Prezident va o‘n Davlat kotibi davridagi o‘ttiz yildan ortiq ajoyib davlat xizmatini o‘z ichiga oladi", deydi Blinken.
Davlat kotibi Nulandning AQSHning Ukrainaga nisbatan siyosatini olib borishdagi yetakchiligini va uning Rossiyaning mamlakatga keng ko‘lamli bostirib kirishiga qarshilik ko‘rsatish, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin rejalarining strategik mag‘lubiyatini ta’minlash uchun global koalitsiya tuzish va Kiyevga yordam berish borasidagi sa’y-harakatlarini ta’kidladi.
Blinken Davlat kotibining siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosarining vaqtinchalik vazifalari Davlat kotibining boshqaruv bo‘yicha o‘rinbosari Jon Bassga yuklanganini tushuntirdi. U va Prezident Jo Bayden Jon Bassdan Nulandning vorisi tasdiqlanmaguncha kotibning siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari vazifasini bajarishni so‘ragan.
“Associated Press” agentligining da’vo qilishicha, Nuland AQSH ma’muriyati ichida Davlat departamentidagi ikkinchi muhim lavozim – Davlat kotibining birinchi o‘rinbosari uchun kurashda mag‘lub bo‘lganidan keyin iste’foga chiqishga qaror qilgan.
Shu lavozimda ishlagan Vendi Sherman iste’foga chiqqanidan keyin Nuland taxminan olti oy davomida Davlat kotibining birichi o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi bo‘lib ishlagan. Biroq agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, yakunda Oq uy Nulandni bu lavozimda qoldirmaslikka qaror qilgan va fevral oyida Osiyo bo‘yicha mutaxassis Kurt Kempbell Davlat departamenti rahbarining birinchi o‘rinbosari sifatida ish boshlagan.
Ma’lumot uchun, Nulandning 2005-2008 yillarda AQSHning NATOdagi doimiy vakili, 2011-2013 yillarda Davlat departamenti matbuot kotibi, 2013-2017 yillarda Davlat kotibining Yevropa va Yevrosiyo masalalari bo‘yicha yordamchisi lavozimlarida ishlagan. 2023-2024 yillarda u bir necha oy davomida Amerika Qo‘shma Shtatlari Davlat kotibining birinchi o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi sifatida ishlagan.
U 1991-1993 yillarda Moskvadagi AQSH elchixonasida ham faoliyat yuritgan. Ko‘p yillik xizmati davomida Nuland Rossiya va Yaqin Sharq mamlakatlari bilan bog‘liq masalalar bilan shug‘ullangan.
Nulandning turmush o‘rtog‘i Robert Kagan zamonaviy Amerika neokonservatorlarining mafkurachilaridan biri hisoblanadi. Ushbu tendensiya tarafdorlari Vashingtonga dushman bo‘lgan davlatlarga qarshi kurashda AQSH kuchlaridan, jumladan, harbiylardan faol foydalanish tarafdori.
LiveBarchasi