Lombard va mikrokredit tashkilotlariga qo‘yilgan talablar kamaytirildi
Jamiyat
−
08 noyabr 2019
5149O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining qarori bilan lombard va mikrokredit tashkilotlari tomonidan kassa operatsiyalarini amalga oshirish qoidalariga tegishli o‘zgartirishlar kiritildi. Bu haqda "Norma" xabar berdi.
Xususan, quyidagilar bekor qilindi:
• kassada ikkita: qimmatliklarni saqlash xonasi va kassa operatsiyalarini amalga oshirish xonasi bo‘lishi zarurligi sharti;
• binoning birinchi qavatida yoki oraliq qavatida joylashishi to‘g‘risidagi shart;
• kassa xonalari devorlari va eshiklarining muayyan qalinlikda bo‘lishi to‘g‘risidagi shart va boshqalar.
Kassa xonalariga moddiy javobgar shaxslarning biometrik belgilariga: barmoq izi, ko‘z gavhari, tovush diapazoni va boshqalarga qarab identifikatsiya qilishga qodir bo‘lgan eshiklar o‘rnatilishi mumkin.
Bundan tashqari, kassadagi naqd pul qoldig‘ining belgilangan limitidan ortiqcha bo‘lgan qismini bankdagi hisobvaraqlarga kiritish uchun bankka topshirish tartibi to‘g‘risidagi bandga tuzatish kiritildi. Lombardlar va mikrokredit tashkilotlari naqd pullarni inkassatsiya xizmatlari orqali yoki mustaqil ravishda topshirishlari belgilandi. Eslatib o‘tamiz, 2018 yil 1 noyabrdan quyidagi qoidalar amal qilmoqda: xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar naqd pulni kunlik o‘rtacha naqd pul tushum 20 BHMdan ortiq bo‘lganda har kuni, kam bo‘lganda esa o‘zlari belgilagan muddatlarda topshiradilar.
LiveBarchasi