Video: IIB xodimining fermer bilan nima ishi bor?
Jamiyat
−
20 iyul 2019
15223Qashqadaryo viloyati Kasbi tumanida nimalar bo‘lyapti? Ijtimoiy tarmoqlarda Kasbi tumani fermerlari nomidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomiga yozilgan murojaat tarqaldi. Murojaatga video ham ilova qilingan.
Murojaatda keltirilishicha, joriy yilning 14 iyul kuni Kasbi tumani IIB boshlig‘i Chori Ko‘charov fermerlarni seminarga chaqirgan. Yig‘ilishda o‘zi qatnasholmay, o‘rniga ish yurituvchisini yuborganlar ham bo‘lgan. Boshliq o‘rniga kelgan ish yurituvchilar esa kunning issig‘ida soat 12:00-14:00 larda dalada o‘g‘it tashiysizlar deb, ushlab turilgan. Bundan tashqari, Chori Ko‘charov fermerlarga dehqonchilikni o‘rgataman yoki hammangni qamayman deb, tahdid qilgan. IIB boshlig‘i fermerlarni qamash uchun dala boshiga maxbuslarni tashishda foydalaniladigan avtobusni ham keltirgan.
Ko‘charov topshirig‘ini bajarmagan fermerlarni har kuni shunday dala boshida jaziramada jazolashini aytgan. Shundan so‘ng, soat 14:00 larda Ko‘charovning buyrug‘i bilan IIB xodimlari Zohid Nabiyev, To‘ychi Oltiboyev va o‘ndan ortiq fermer xo‘jaligi xodimlarini avtobusga olib borib, qo‘liga kishan solib qamab qo‘ygan.
“Jo‘rayev Kamoliddin” f/x., “Jo‘rayev Elyor” f/x, “Kuyli qizi Mo‘yiba” f/x., “Muhammadjon Shaxzodovich” f/x., “Navotov Ali Navotovich” f/x., “Otiboyev To‘ychi” f/x., “Sardor Sherdor” f/x., “Toshev Lochin” f/x., “O‘tkirbek Toshev” f/x., “Husan Hamzayevich” f/x., “Eshqulov Nurbek O‘ktamovich” f/x. fermerlari avtobusda IIBga olib ketilgan.
“Biz dehqonlarni umrimiz ushbu dalalarda o‘tdi. Paxtaga qachon ishlov berish kerakligini yaxshi bilamiz. Biz fermerlar o‘quvsiz IIB xodimlarining bu xildagi majburiy harakatlaridan charchadik. Biz ham insonmiz. O‘zbekiston fuqarosimiz. Bizning ham konstitutsiyaviy himoyalangan huquqlarimiz bor. Qachongacha bunaqangi zulm, majburlashlarga chidab yashaymiz”, deyiladi fermerlarning Prezidentga yozgan murojaatlarida.
Bundan tashqari ijtimoiy tarmoqlarda IIB boshlig‘i yig‘ilishiga bormagan fermerning uyiga “mehmon” bo‘lib kelgan ichki ishlar xodimlari va tadbirkor o‘rtasidagi suhbat videosi tarqaldi. Videoda IIB xodimlari fermerdan nega yig‘ilishga bormaganini so‘raydi. Fermer dalada ishlari borligi uchun yordamchisini jo‘natganini aytadi.
Shu zayilda organ xodimlari qayta-qayta bir savolni qaytaradi: “Nega seminarga bormadingiz?” Fermer ham bir gapni aytib turaveradi.
Shu orada organ xodimlari qandaydir shartnomani so‘raydi. Fermer hujjatlar borligi, lekin uni sudga taqdim qilishini aytadi.
Videoni ko‘rib, IIB xodimlari nega kelganini tushunish qiyin. Ular fermerni qamash uchun kelganu uni hibsga ololmay turibdimi yoki mantiqsiz savolni qayta-qayta berish uchun kelganmi?.. Xullas tushunish qiyin.
Mazkur holat yuzasidan Ichki ishlar vazirligidan mazkur holatga mantiqli javob hamda Kasbi tumani IIB boshlig‘i seminarga kelmagani uchun fermerlarni jazolaganiga nisbatan qonunuiy chora ko‘rilishini kutib qolamiz.
LiveBarchasi