Toshkentda Rossiyaning yana bir universiteti filiali ochiladi
Jamiyat
−
22 yanvar 2020
6824Kecha, 21 yanvar kuni Sankt-Peterburg shahrida A.I.Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universiteti, O‘zbekiston Maktabgacha ta’lim vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi o‘rtasida Toshkent shahrida Gersen nomidagi RDPU filialini tashkil etishga doir Kelishuv imzolandi. Kelishuv ikki kunlik muzokaralardan so‘ng imzolandi.
Filial ta’lim dasturlari va umum tan olingan xalqaro talablarga muvofiq O‘zbekiston ta’lim muassasalari uchun maktabgacha ta’lim, korreksiyaviy pedagogika, psixologiya va boshqa yuqori malakali kadrlarni tayyorlaydi. Filial 2020/2021 o‘quv yilidan ishga tushirilishi nazarda tutilgan.
Filial bakalavriat va magistraturadan tashqari, malaka oshirish va pedagog kadrlarni qayta tayyorlash dasturlarini ham hayotga tatbiq etadi. Unda kadrlarni ta’limning kunduzgi va sirtqi, shuningdek, ta’limning aralash shaklida (blended learning) tayyorlash rejalashtirilmoqda.
Filial bitiruvchilariga Gersen nomidagi RDPUni tugatganligi to‘g‘risida diplom beriladi. U O‘zbekistonda oliy ta’lim to‘g‘risidagi hujjat sifatida tan olinadi.
Ma’lumot uchun, Gersen nomidagi RDPUga 1797 yilda asos solingan bo‘lib, Rossiyaning yetakchi oliy pedagogika muassasasi hisoblanadi. Universitet tarkibiga ikkita ilmiy-tadqiqot instituti, 12 ta institut (shu jumladan, Bolalik instituti, Defektologik ta’lim va reabilitatsiya instituti, Teatr, musiqa va xoreografiya instituti va b.), 11 ta fakultet kiradi.
LiveBarchasi