Vengriya Rossiya gazini boshqa yo‘nalishdan olmoqchi
Olam
−
19 avgust 2023
8021Vengriya Rossiyadan Ukraina orqali oladigan gazni boshqa yo‘nalish – “Turk oqimi”dan qabul qilishi mumkin. Bu taklif Vengriya Tashqi ishlar va tashqi iqtisodiy aloqalar vaziri Peter Siyyarto tomonidan bildirildi.
Uning aytishicha, Budapesht tabiiy gaz manbalari va yetkazib berish yo‘nalishlarini kengaytirish bo‘yicha o‘z vaqtida choralar ko‘rgan.
“Axir manbalar bo‘lmasa, yo‘nalishlar, yo‘nalishlar bo‘lmasa, manbalar nima uchun kerak? Gaz ta’minoti uchun ikkalasi ham zarur ", degan Siyyarto.
Vazirning eslatishicha, “Turk oqimi”ning Vengriyaga o‘tkazish quvvati yiliga 8,5 milliard kub metrni tashkil etadi, shuning uchun gaz quvuri Moskva uzoq muddatli shartnoma bo‘yicha Budapeshtga yetkazib berayotgan gazning barcha hajmlarini to‘liq sig‘dira oladi.
Ma’lumot uchun, 2021 yilda Vengriya “Gazprom” bilan Ukrainani aylanib o‘tib, 15 yil davomida har yili 4,5 milliard kub metr gaz yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolagan. Ularning 3,5 milliardi Serbiya (“Turk oqimi”dan) va 1 milliardi Avstriya orqali o‘tadi. Mamlakat kuniga qariyb 12,3 million kubometr gaz oladi. 2022 yil avgust oyida Budapesht Moskva bilan “Turk oqimi” orqali kuniga 5,8 million kub metr qo‘shimcha yoqilg‘i yetkazib berish bo‘yicha kelishib olgan. Shu bilan birga, Vengriya Rossiya gazining bir qismini Ukrainaning Beregovo nazorat punkti orqali tranzit qilishda davom etmoqda. Ukraina Energetika vaziri German Galushchenko Kiyev Rossiya gazining Yevropaga tranziti masalasida Moskva bilan muzokara olib bormasligini aytgan.
LiveBarchasi