Vengriya og‘ir yukni bo‘yniga olmoqchi

Olam

image

Vengriya Sharq va G‘arb o‘rtasidagi ko‘prikning Yevropa ustuniga aylanishga tayyor, u iqtisodiyot va boshqa sohalarda yaqin hamkorlikni davom ettirishi kerak. Bu haqda Vengriya Tashqi ishlar va tashqi iqtisodiy aloqalar vaziri Peter Siyyarto Ostonada Turkiy Davlatlar Tashkiloti (TDT)dagi mavqedoshlari bilan uchrashuvda so‘zlagan nutqida aytib o‘tdi. 

Tashqi ishlar vaziri dunyoning yangi bloklarga bo‘linishi, siyosiy va mafkuraviy sabablarga ko‘ra turli mintaqalar o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarning uzilishi xavfi haqida ogohlantirdi. Uning fikricha, dunyodagi murakkab vaziyat, aksincha, umumiy muammolarni hal qilish uchun xalqaro aloqalarni mustahkamlashni talab qiladi.  

“Sharq va G‘arb o‘rtasida ko‘prik qurish kerak va Vengriya bu qurilishda Yevropa ustuniga aylanishga tayyor”, deydi Siyyarto.

Ilgari Vengriya hukumati o‘z mamlakatini G‘arb va Sharq kompaniyalari uchrashadigan nuqtaga aylantirishni istashini bir necha bor ta’kidlagan. Budapeshtning fikricha, Vengriyada xorijiy tadbirkorlar uchun yaratilgan sarmoyaviy rejim Yevropa Ittifoqidagi eng qulay rejimlardan biri hisoblanadi. 

TDT mamlakatlari tashqi ishlar vazirlarining uchrashuvi ushbu tashkilotning Ostonadagi sammiti boshlanishidan oldin bo‘lib o‘tdi. TDT 2009 yilda Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi (Turkiy kengash) sifatida tashkil etilgan. U hozirgi nomini 2021 yil noyabr oyida Istanbuldagi sammitda oldi. Tashkilotga Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya va O‘zbekiston a’zo, Turkmaniston va Vengriya uning ishida kuzatuvchi sifatida ishtirok etadi. Xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinmagan Shimoliy Kipr Turk Respublikasi ham 2023 yil mart oyida Anqarada bo‘lib o‘tgan sammitda kuzatuvchi sifatida ishtirok etgan edi. 

Vengriya 2018 yildan beri tashkilotda kuzatuvchi maqomiga ega. TDT bilan hamkorlikni boshlaganda Vengriya hukumati Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan yaqin etnik-madaniy aloqalarni, shuningdek, XVI asrda Usmoniylar imperiyasi hukmronligi ostida bo‘lgan Vengriyaning rivojlanishiga turklarning ta’sirini esladi. Biroq, tarixiy aloqalardan tashqari, Vengriyaning TDTga qiziqishi Turkiya va Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan iqtisodiy hamkorlik qilish istagi bilan izohlanadi. Ular o‘rtasidagi sanoat, bank, transport va boshqa sohalardagi aloqalar keyingi yillarda jadal sur’atlar bilan rivojlanmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Vengriya Turkiy davlatlar tashkiloti Peter Siyyarto

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing