Venesueladagi zilzila zarari qariyb 20 mlrd dollarga baholandi
Olam
−
24 iyul 657 2 daqiqa
Venesuelada joriy yil 24 iyun kuni sodir bo‘lgan zilzilalar oqibatida yetkazilgan to‘g‘ridan to‘g‘ri moddiy zarar 19,6 milliard dollar deb baholandi. Bu haqda Jahon banki xabar berdi.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, umumiy zararning qariyb yarmi 47 foizi turarjoy binolari hissasiga to‘g‘ri kelgan. Shuningdek, infratuzilma 27 foiz, noturar binolar esa 26 foiz zarar ko‘rgan.
Qayd etilishicha, eng katta talafot La-Guayra shtati va poytaxt hududi Distrito Capital’da kuzatilgan. Ushbu ikki hudud umumiy zararning deyarli yarmini tashkil qilgan. Jahon banki bahosiga ko‘ra, zilziladan keyingi tiklash ishlarining qay darajada tez amalga oshirilishi Venesuelaning iqtisodiy tiklanishi va aholining ijtimoiy holatiga bevosita ta’sir qiladi.
Bankning ma’lum qilishicha, agar mavjud investitsiyalar darajasi saqlanib qolsa, qayta qurish ishlari asosan boshqa loyihalar uchun ajratilgan mablag‘larni qayta yo‘naltirish hisobiga amalga oshiriladi. Bu holatda tiklash jarayoni 10 yildan ortiq davom etishi va iqtisodiy faollikka salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Shu bilan birga, davlat va xususiy investitsiyalar ko‘paysa, qayta qurish ishlarini tezlashtirish hamda zilzilaning iqtisodiy va ijtimoiy oqibatlarini yumshatish mumkin bo‘ladi.
Jahon banki Venesuela hukumati va xalqaro hamkorlar bilan birgalikda zararni baholash, tiklash hamda qayta qurish ishlari uchun zarur bo‘lgan texnik va moliyaviy yordam imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Venesuelada sodir bo‘lgan vayronkor zilzila oqibatida halok bo‘lganlar soni 5 ming 119 kishiga yetgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi