Venesueladagi zilzila qurbonlari 235 nafarga yetdi

Olam

image

Venesuelada sodir bo‘lgan zilzila oqibatida 235 ga yaqin kishi halok bo‘ldi, kamida 4 300 kishi jarohat oldi. Bu haqda “Associated Press” xabar berdi.

“Afsuski, shifoxonalarimizda taxminan 235 nafar marhum qayd etildi”, deydi Sog‘liqni saqlash vaziri Karlos Alvarado davlat televideniyesiga bergan bayonotida.

Rasmiylarning aytishicha, qurbonlar va jarohatlanganlar soni yanada ortishi mumkin. Chunki minglab odamlar bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda.

Zilzila silkinishlari hatto Braziliyaning Amazon hududigacha sezilgan. Ma’lum qilinishicha, tabiiy ofat oqibatlarini yumshatish maqsadida AQSH Moliya vazirligi kecha, 25 iyun kuni Venesuelaga nisbatan ayrim sanksiyalarni joriy yilning 23 oktyabrigacha vaqtincha yumshatishini e’lon qilgan.

Venesuelaning shimoliy shaharlarida vahimaga tushgan aholi ko‘chalarga chiqib, vayronalar orasidan bedarak yo‘qolganlarni izlashga kirishgan.

“Men faqat farzandim qayerdaligini bilmoqchiman. U vayronalar ostidami yoki boshpanadami?” degan poytaxt Karakasda yashovchi Dayana Delgado.

Poytaxt Karakas shimolida joylashgan La-Guayra sohil hududi eng katta talafot ko‘rgan joylardan biri bo‘lgan. Mamlakatning asosiy xalqaro aeroporti ham shu yerda joylashgan bo‘lib, zarar ko‘rgani sababli yopilgan.

Mamlakatning vaqtincha prezidenti Delsi Rodrigesning ma’lum qilishicha, poytaxtning ayrim hududlarida elektr energiyasi va mobil aloqa uzilgan. Metro qatnovi to‘xtatilgan, tabiiy gaz ta’minoti vaqtincha o‘chirilgan. Maktablarda bir necha kun davomida darslar bekor qilingan. Ayrim ta’lim muassasalari vaqtinchalik boshpana va insonparvarlik yordami yig‘ish markazlariga aylantiriladi.

Rodriges mamlakat bo‘ylab vayron bo‘lgan shifoxonalar va uy-joylarni tiklash uchun 200 million dollarlik maxsus jamg‘arma tashkil etilganini e’lon qilgan.

Meksika, Qatar, Braziliya, Ispaniya, Portugaliya va Kanada yordam yuborishini ma’lum qilgan. Ayrim yuklar allaqachon yo‘lga chiqarilgan. Yordam tarkibiga qutqaruvchilar, harbiy mutaxassislar, kinologlar, tibbiy vositalar, suv tozalash uskunalari, samolyotlar va dronlar kiradi.

24 iyun kuni kechqurun Venesuelada orasi 39 soniya bo‘lgan 7,2 va 7,5 magnitudali ikki kuchli zilzila sodir bo‘ldi. Oqibatda Karakas shahridagi turar joy binolari qulab tushgan yoki jiddiy zarar ko‘rgan.

Venesuelaning asosiy havo darvozasi hisoblangan Simon Bolivar nomidagi Mayketiya xalqaro aeroporti terminali tomining bir qismi ham qulab tushgan. Shundan so‘ng barcha aviaqatnovlar bekor qilingan. Mamlakat bo‘ylab favqulodda holat joriy etilgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing